Robototexnika chempionati g‘oliblari universitetga imtihonsiz kiradi, yana 30% ko‘p maosh oladi!

  •   DiMaX
  •  689
  •  10.10.2019 09:08

Robototexnika chempionati g‘oliblari universitetga imtihonsiz kiradi, yana 30% ko‘p maosh oladi!

Joriy yilning 7 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Innovatson rivojlanish vazirligida Koreya Respublikasining Donxe shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro robototexnika chempionatida ishtirok etib, yaxshi natijalarni ko‘rsatgan O‘zbekiston yoshlar milliy terma jamoasi a’zolarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu to‘g‘rida vazirlik sayti xabar bermoqda.

O‘QING: IHT davlatlari orasida ilk bor xalqaro robototexnika musobaqasi Toshkentda o‘tkaziladi

Tadbirda Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Buyuk Britaniyaning PETROMARUZ kompaniyasi direktori maslahatchisi Zaripov Bahriddin hamda Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori O‘ktam Salomov ishtirok etib, chempionatda muvaffaqiyatli ishtirok etgan yosh yurtdoshlarimizga sertifikat va esdalik sovg‘alari topshirdilar.

– Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazida Robototexnika bo‘yicha ochilayotgan laboratoriya sizlar uchun o‘ziga yarasha ustaxona vazifasini o‘taydi. Uni aynan sizlar kabi bilimli, dono va zukko yoshlarimiz uchun ochamiz, – dedi I.Abdurahmonov. – Bugun uyga borar ekansizlar, mahalladoshlarga, sinfdoshlarga, do‘stlaringizga robototexnika haqida gapirib beringlar. Zero, ular ham bu sohaga qiziqib, o‘z imkoniyatlarini namoyish qilsin. Kelajak sizlarniki! Innovatsiyalaar ham, yaratilayotgan sharoitlar ham barchasi sizlar uchun aslida, shunday ekan g‘alaba ruhiyati bilan oldinga ildam qadam bosish kerak, – ta’kidladi vazir, yoshlarga o‘z tilaklarini bildirar ekan.

O‘QING: 2024 yilga kelib sizning uyingizda ham robotlar paydo bo‘lishi mumkin!

Innovatsion rivojlanish vaziri PETROMARUZ kompaniyasiga jamoaning chempionatda ishtirokiga homiylik qilgani hamda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi. O‘z navbatida B.Zaripov terma jamoa a’zolari o‘qishni bitirib, ushbu kompaniyasiga ishga kirsa, boshqa xodimlardan 30% ko‘p maosh berilishini aytib o‘tdi.

Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori O‘ktam Salomov Robo scolar yo‘nalishi bo‘yicha 3-o‘rinni egallagan jamoa a’zolariga Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetiga imtihonsiz o‘qishga kirish va kontrakt to‘lovini 30% chegirma asosida to‘lab o‘qish imkoniyatini beruvchi sertifikatlarni topshirdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Milliy terma jamoa a’zolari tibbiyotda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan «Smart doc box» loyihasini ishlab chiqib, Robo scolar yo‘nalishida 3-o‘rinni egalladilar. Shuningdek, musobaqaning so‘nggi kunida milliy terma jamoa ishtirokchilari «Best agriculture project» (qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi bo‘yicha eng yaxshi mualliflik loyihasi) nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. «Robot in movie» yo‘nalishida esa jamoa a’zolari «Technical award» mukofotiga sazovor bo‘ldi.

O‘QING: AQSh armiyasida ishlagan muhandis «mashinalar qo‘zg‘oloni»dan xavotirda

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!