Rossiya "Oynalar"siz qoldi

Rossiya

Microsoft o'zining kompyuter uchun dunyodagi eng ko'p foydalaniladigan Windows operatsion tizimini rossiyaliklar uchun yuklab olishni taqiqlab qo'ygani ma'lum bo'ldi.

Hozirda Rossiya IP manzili bilan Windows 10 yoki Windows 11 operatsion tizimlaridan birini yuklab olish uchun kompaniyaning rasmiy veb-saytiga kirilganida, sahifa ochiladi, lekin foydalanuvchi faylni yuklab ololmaydi va unga "Sizning so'rovingiz bilan muammo yuz berdi" xatolik oynasi chiqadi. Shuningdek, Media Creation Tool kabi vositalar ham rossiyaliklar uchun mavjud emas, kimdir ularni yuklab olishga harakat qilsa, ularga 404 xatolik kodi ko'rsatilmoqda.

Biroq, bu amallarni boshqa davlat IP manzili yoxud VPN bilan bajarish mumkin. Bundan tashqari, Microsoft Rossiya IP manzili foydalanuvchilariga Windows yangilanishlarini tarqatishni hali to'xtatmagan, lekin ma'lum bo'lishicha, so'nggi Windows yangilanishidan keyin rossiyalik foydalanuvchilarda kompyuterda Wi-Fi tarqatish bilan muammolar bo'lmoqda.

Redmondlik kompaniya hozircha bunga rasmiy munosabat bildirgani yo'q. U joriy yilning mart oylarida Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo'llab-quvvatlagan holda, mamlakatda o'z bizneslarini to'xtatgan edi.

O'QING: Microsoft'dan qurilmalaringiz uchun himoya vositasi