Rossiya Xiaomi smartfonlarining internet orqali xaridini taqiqladi

Rossiya Xiaomi smartfonlarining internet orqali xaridini taqiqladi

Ayni paytda Rossiyada Xiaomi smartfonlarini pochta orqali yetkazib beruvchi do‘konlar va Rossiya bojxonasi o‘rtasidagi ziddiyatlar tobora avj olmoqda. Rossiyalik 10 mingdan ziyod kishi Xiaomi smartfonlarini mamlakatga kiritilishini so‘rab, ommaviy petitsiyaga imzo qo‘ygan. Ayni paytda rossiyalik Xiaomi foydalanuvchilari barchani bu brendga nisbatan boykot e’lon qilishga chaqirishmoqda.

Bir boshidan boshlaymiz …
Rossiya bojxona xizmati rossiyaliklar tomonidan internet do‘konlaridan sotib olingan va pochta orqali yuborilayotgan Xitoyning Xiaomi kompaniyasi smartfonlarini mamlakatga o‘tkazmayapti. Natijada, minglab smartfonlar Xitoyga qaytarib yuborilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Rossiyaga Xiaomi qurilmalarini yetkazib beruvchi rasmiy kompaniya, ya’ni «Smart Oranj» MChJ bojxona reyestridan Xiaomi ishlab chiqargan barcha smartfonlar oilasini o‘zining intellektual mulki sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgan. Ya’ni, tartibga ko‘ra, ularni Rossiya hududiga olib kirishga faqat shu MChJ haqli. “Bojxona kodeksi” hamda Bojxona va Butunjahon pochta ittifoqlarining kelishuviga ko‘ra, mualliflik huquqini buzgan holda, mamlakatga mahsulotni olib kirish taqiqlanadi.

Xioami kompaniyasi o‘zining «VKontakte» tarmog‘idagi sahifasida «Smart Oranj» bilan kelishuvsiz mamlakatga olib kirilgan qurilmalarning kontrafakt, ya’ni qonunga zid ravishda mamlakatga olib kirilgan mahsulotlar hisoblanishini aytgan. “Biz buning rossiyaliklar uchun noqulaylik tug‘dirishini tushunamiz. Biroq, barchaga mahsulotlarimizni rasmiy savdo kanallarimizdan xarid qilishni maslahat beramiz”.

Shu munosabat bilan, 5 maydan boshlab taniqli internet do‘konlar, jumladan Gearbest Rossiya uchun mahsulotlar yetkazib berish xizmatini to‘xtatib qo‘ydi.

Rossiyalik huquqshunoslarnig fikricha, bu borada boshqa bir mamlakatda bunday holatlar qayd etilmagan.

Qoidalarga ko‘ra, jismoniy shaxslarning o‘z ehtiyojlari uchun xarid qilgan va sotish reja qilinmagan mahulotlari bojxonadan o‘tkazilishi kerak. Yuristlarning fikricha, bojxonaning mahsulotlarni qaytarib yuborishi qonunchilikka zid va qurilmalarning qolishi yoki qaytarib yuborilishini rasman sud hal qilishi kerak.