Rossiyaliklar endi "tishlangan olma" sotib olisholmaydi

Rossiyaliklar endi

Bir necha kun avval Ukraina bosh vazir o‘rinbosari Mixaylo Fedorov o‘zining Twitter sahifasida rossiyalik foydalanuvchilariga mahsulot va xizmatlarni yetkazib berish, shu bilan birga App Store'ni blokirovka qilishni so‘rab Apple kompaniyasi rahbari Tim Kukga ochiq xat yo‘llaganini xabar qilgan edik.

Garchi App Store ilovalar do‘konida hali Rossiyada bloklanmagan bo‘lsada, endilikda kompaniya rasman o‘z qurilmalarini Rossiya uchun yetkazib bermasligini ma’lum qildi. 

"Biz Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan chuqur xavotirdamiz va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rayotgan barcha odamlar bilan birgamiz. Biz gumanitar sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz, qochqinlar inqirozi uchun yordam beramiz va mintaqadagi jamoalarimizni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz", — deyiladi Apple bayonotida. 

Hozirda Apple'ning Rossiyadagi saytidan hech qanday iPhone, iPad, MacBook yoki boshqa Apple qurilmalarini sotib olib bo‘lmaydi va yetkazib berish ham to‘xtatilgan. Shuningdek, mamlakatdagi Apple'ning rasmiy dileri bo‘lgan rye:Store bugundan barcha filiallarini yopib qo‘ygan. 

Shu bilan birga, Apple Pay to‘lov xizmati va yana boshqa (aynan qaysilari ekanligi aytilmagan) kompaniya xizmatlarini ko‘rsatish to‘xtatib qo‘yilgan. Rossiyaning RT va Sputnik ilovalari Rossiyadan tashqari mamlakatlarda App Store'dan olib tashlangan. Ukraina fuqarolari uchun xavfsizlik va ehtiyot chorasi sifatida Apple Maps'da Ukrainadagi yo‘l harakati va jonli hodisalari o‘chirilgan. 

"Biz vaziyatni baholashda davom etamiz va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan tegishli hukumatlar bilan aloqadamiz. Biz butun dunyo bo‘ylab tinchlikka chaqirayotganlarga qo‘shilamiz" deydi kompaniya o‘z bayonoti oxirida. 

Bundan avval, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi voqealar boshlangan paytida Apple iPhone smartfonlari o‘z narxining 2 baravariga keskin ko‘tarilib ketgan edi. 

O‘QING: App Store Rossiyada bloklanishi mumkin

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.