Rossiyaning yangi superquroli haqida AQSh matbuoti nima deydi?

  •   DiMaX
  •  1155
  •  11.06.2021 15:01

Rossiyaning yangi superquroli haqida AQSh matbuoti nima deydi?

AQShning «The National Interest» nashri sharhlovchisi Piter Suchiu yozishicha, Rossiyaning «Drel» deb atalgan bombasi yaqin kelajakda superqurolga aylanishi mumkin. Bu to‘g‘rida Xabar.uz nashri ma’lumot bermoqda.

O‘QING: AQSh armiyasida ishlagan muhandis «mashinalar qo‘zg‘oloni»dan xavotirda

Global sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimi orqali boshqariladigan ushbu qurol raqib bronetexnikasi, radiolokatsiya stansiyalari, muhandislik inshootlari, harakatdagi ob’yektlar va boshqa inshootlarni yo‘q qilishga mo‘ljallangan. 500 kilo vazndagi bomba 30-50 km radiusdagi nishonga yo‘naltiriladi.

«The National Interest» sharhlovchisiga ko‘ra, «Drel» (ilmiy istilohda – PBK-500U SPBE-K) raqib radioelektron tizimini aniqlash moslamasiga ega, bu esa uni radar orqali kuzatishni qiyinlashtiradi. Bomba Tu-22M, Su-24, Su-57 kabi samolyotlar orqali tashiladi.

«Texnodinamika» xoldingi rahbari Igor Nasenkov «Drel» sinovi 2022 yil yakunlanishi va 2023 yildan ishlab chiqarila boshlashini ma’lum qilgan.

«Dunyoda buning muqobili yo‘q. Dvigatelsiz bomba. Tashuvchi samolyotdan chiqarilgach u 30 km masofani bosib o‘ta oladi. Ya’ni samolyotning raqib harbiy havo mudofaa zonasiga kirishiga hojat yo‘q. Chunki u nishonni mustaqil holda topadi», – deydi «Bazalt» ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi rahbari Vladimir Porxachyov.

Aslida, «Drel» bombasi ustidagi tadqiqotlar 1990-yillarda boshlangan. Ammo mablag‘ yetishmovchiligi sabab bir muddat to‘xtab qolgan. 2015 yilda esa qurolning ilk varianti taqdim etilgan. «The National Interest» nashriga ko‘ra, ajal yog‘diruvchi qurolning keng miqyosda ishlab chiqarish biroz cho‘zilganining o‘ziga xos sababi bor: Rossiya bombani avvalo Suriyada sinab ko‘rishni rejalashtirgan edi.

O‘QING: Google xaritasi aviahalokat joyida «arvoh-samolyot»ni ko‘rsatdi

Rossiya matbuoti «Drel» bombasi AQShning shu turdagi qurolidan aniqroq ishlashini da’vo qildi. Qayd etilishicha, rus bombasining nishondan og‘ib ketish ehtimoli 3-5 metrni tashkil etadi. AQShning muqobil qurolida esa bu ko‘rsatkich 10-15 metrga teng.

Texnika fanlari doktori, qurol-aslaha konstruktori Dmitriy Kornev PBK-500U SPBE-Kning samaradorligi yuqori, ammo ishlab chiqarish xarajati kam ekaniga e’tibor qaratgan. Rossiya quroli 20 ming dollarga tushadi, AQShniki esa besh baravar qimmat.

«Military Russia» portali asoschisi Dmitriy Kornevga ko‘ra, hozir garchi yuqori aniqlikda harakatlanuvchi qanotli raketalar paydo bo‘lgan esa-da, zamonaviy urushlarda aviatsiya bombalari hamon muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Chunki aviabombalar qanotli raketalarga qiyoslaganda juda arzon sanaladi. Qanotli raketalar 500 ming dollardan bir million dollargacha turadi. Bir necha o‘n barobar arzon «Drel» tipidagi aviabombalar esa armiya xarajatlarini tejashga ko‘mak beradi.

O‘QING: VIDEO: Eron armiyasi o‘z jangovar robotlari bilan maqtanmoqda