«Rulni ber buyoqqa!» – Qualcomm endi o‘zi geymerlar uchun smartfon tayyorladi!

  •   DiMaX
  •  1143
  •  08.10.2020 15:22

«Rulni ber buyoqqa!» – Qualcomm endi o‘zi geymerlar uchun smartfon tayyorladi!

Qualcomm kompaniyasi Android-qurilmalar uchun mobil protsessorlar, turli xavfsizlik chiplari va modemlar, shuningdek noutbuklar chipsetlari ishlab chiqarishi bilan tanilgan. Kuni kecha u navbatdagi flagmani – Snapdragon 875 va boshqa mahsulotlarining taqdimot kuniini e’lon qildi.

O‘QING: Xiaomi hali chiqmagan Snapdragon 875 bazasida allaqachon Mi 11 hamda Redmi K40 smartfonlarini tayyorlayapti!

DigiTimes nashrining mobil industriyadagi o‘z manbasiga tayanib xabar berishicha, Qualcomm endi o‘zi ham smartfon taqdim etmoqchi. Amerikalik chipsoz bu telefonni o‘yinbop qilib, Asus kompaniyasi bilan hamkorlikda tayyorlamoqda.

Aytish kerakki, tayvanlik kompaniyaning Asus ROG Phone 3 geymerofoni Qualcomm’ning hozirgacha bozorga taqdim etilgan eng zo‘r – Snapdragon 865+ protsessori bazasida ishlaydi. Joriy yilning yilning iyulida namoyish qilingan mazkur qurilma AnTuTu benchmarkining avgust oyi holatiga ko‘ra eng zo‘r smartfonlar global reytingida 615 289 ball bilan yetakchi bo‘lgan. Ya’ni, amerikalik chipsoz o‘zining ilk tijoriy smartfonini tayyorlashda hamkor sifatida aynan shu kompaniyani tanlagani bejiz emas.

O‘QING: O‘yin smartfonlarining kelajagi porloqmi?

Insayder bergan ma’lumotga ko‘ra, chipmeykerning birinchi smartfoni shu yilning so‘ngigacha rasman taqdim etiladi. Aftidan, uni 1–2 dekabrga belgilangan Qualcomm Tech Summit 2020 marosimida keng jamoatchilikka ilk bor ko‘rsatishsa kerak. Uning ayni shu tadbirda taqdim qilinadigan Snapdragon 875 chipsetli ilk smartfon bo‘lishi mantiqqa muvofiq keladi.

Qualcomm o‘yinbop smartfonining texnik xususiyatlari haqida hozircha biror aniq ma’lumot yo‘q. Lekin uning, flagman chipsetdan tashqari, kadr yangilanish chastotasi yuqori displeyga, 12 yoki 16 gigabaytlik tezkor xotiraga, ilg‘or sovitish tizimiga hamda Qualcomm Elite Gaming grafikani tezlashtirish texnologiyasiga ega bo‘lishini kutish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Qualcomm avval ham smartfon ishlab chiqargan, lekin ular sotish uchun seriyali tarzda emas, balki kompaniya protsessorlarining samaradorlik testlarini o‘tkazish maqsadida tayyorlangan.

O‘QING: Qarshi oling: Geekbench servisida tezkorlik bo‘yicha yangi qirol!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!