Samsung besh yil avvalgi to‘rt xil smartfonini ham yangilayapti – sababi jiddiy!

  •   DiMaX
  •  2503
  •  18.11.2020 10:53

Samsung besh yil avvalgi to‘rt xil smartfonini ham yangilayapti – sababi jiddiy!

Janubiy koreyalik texnogigant odatda o‘zining mobil qurilmalarini Android’ning ikkita navbatdagi talqinigacha yangilaydi. Lekin Samsung apdeyt masalasiga bu yil o‘zgacha yondashmoqda – endi aksariyat modellar Android’ning uchta navbatdagi talqinini qabul qiladi.

O‘QING: Android 11’gacha yangilanuvchi Samsung smartfon va planshetlarining to‘liq ro‘yxati!

Biroq shu kunlarda Samsung kutilmagan bir ishga qo‘l urdi – besh yil avval chiqqan Galaxy Note 5 hamda Galaxy S6 turkumidagi smartfonlari uchun yangi proshivka tarqata boshladi. Aytish kerakki, ularning qo‘llab-quvvatlanishi rasman tugallanganiga ikki yildan ham oshiq vaqt bo‘lgan.

Galaxy Note 5 fabletiga kelayotgan proshivka N920SKSS2DTJ2 versiyasida, Galaxy S6, Galaxy S6 Edge hamda Galaxy S6 Edge+ smartfonlari uchun esa G928SKSS3DTJ3 talqinida. Ushbu apdeytlar dastlab Janubiy Koreyadagi foydalanuvchilarga tarqatilgan, endi esa dunyo bo‘ylab boshqa hududlarga ham yuborilmoqda.

Qizig‘i shundaki, proshivkasi yangilanganidan keyin ham Galaxy Note 5 hamda Galaxy S6 modellari avvalgidek Android 7.0 Nougat operatsion tizim talqinida ishlamoqda va o‘sha – 2018 yil sentyabrdagi xavfsizlik patchlariga ega. Umuman, yangilanishdagi o‘zgarishlar ro‘yxati unchalik katta emas; shunga qaraganda, Samsung bu smartfonlar proshivkasida qandaydir himoya zaifligi borligini payqab qolgan va uni bartaraf etish uchun dasturiy ta’minotlarni yangilamoqda.

O‘QING: Samsung O‘zbekiston: 30 noyabrgacha smartfon oling – poverbank sizga sovg‘a!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!