Samsung dunyoda birinchi bo‘lib UFS formatli xotira kartalarini taqdim etadi

Samsung dunyoda birinchi bo‘lib UFS formatli xotira kartalarini taqdim etadi

Xotira kartalarini o‘quvchiga tanishtirishning hojati yo‘q, 15-20 yildirki, biz uchun suvdek zaruriyatga aylanib ulgurdi. Biroq so‘nggi yillar ichida kartalar tubdan o‘zgarmadi, faqat hajmi oshdi. 4K-kontent ommalashuvi va uzatish tezligi ortganini hisobga olib Samsung kompaniyasi xotira kartasining yangi formatini ishlab chiqdi. Eslab qoling: yangi format Universal Flash Storage (UFS). UFS kartani yuqori sifatli surat oluvchi mobil qurilmalarda, 3D kamera va ekshn kamerada, shuningdek, kvadrokopterda ishlatish mumkin.

Bunday kartalarning ma’lumot o‘qish tezligi SSD disklarnikiga tenglashadi – 530 MB/s. Bu son microSD formatli eng yaxshi karta tezligidan besh barobar ortiqdir. Ketma-ket yozish tezligi esa 170 MB/s bo‘lib, microSDga nisbatan 2-3 marta tezroq.

Samsung ta’kidlashicha, 256 GB hajmli yangi UFS karta ma’lumotni o‘qishda soniyasiga 40 ming kiritish-chiqarish operatsiyasini bajaradi. Bu ko‘rsatkich microSDnikidan 20 marta oshiqroq. Ma’lumot yozishda esa kiritish-chiqarish operatsiyasini bir soniyada 35 mingta bajaradi va microSD kartadan 350 barobar ustunlikka erishadi.

Aytib o‘tish lozimki, yangi karta o‘lchami microSD o‘lchamiga teng. Yaqin kelajakda “Samsung” o‘z qurilmalariga yangicha karta o‘rnatib chiqarishini bashorat qilish qiyin emas. UFS karta 256, 128, 64 va 32 GB versiyalarda chiqadi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!