Samsung endi iOS foydalanuvchilarini o‘ziga og‘dirish yo‘lini topdi

  •   DiMaX
  •  2147
  •  27.06.2017 19:27

Samsung endi iOS foydalanuvchilarini o‘ziga og‘dirish yo‘lini topdi

Samsung Electronics kompaniyasi Smart Switch veb-saytining qayta ishlangan versiyasini taqdim etdi, unda iPhone’dan Galaxy turkumidagi smartfonga o‘tish bo‘yicha batafsil yo‘riqnoma berilgan. Yangilangan portal Galaxy S8 flagmanining raqobatchilar smartfonlaridan ustun jihatlari haqida so‘z yuritadi va bunda Android platformasiga ko‘chib o‘tishning o‘ta osonligiga alohida urg‘u beriladi.

Kompaniya vakillarining ishonchlari komilki, raqobatchi brendlarning ixlosmandlari bo‘lgan foydalanuvchilar Galaxy S8’ning hayratga soluvchi displeyiga bee’tibor qaray olmaydilar. Shu bois ham yangi flagmanni tavsiflar ekanlar, uning aynan ekraniga ko‘proq ahamiyat qaratishgan.

Smart Switch servisi ma’lumotlarni bitta qurilmadan ikkinchisiga o‘tkazishning uchta usulini taklif qiladi. Bulardan birinchisi Wi-Fi orqali simsiz ulanishni nazarda tutadi. Ikkinchi usulida qurilmalar USB-kabel yordamida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanadi. Uchinchi yo‘li – ma’lumotlaringizni Mac yoki shaxsiy kompyuter vositasida ko‘chirish hisoblanadi.

«Smart Switch servisi sharofati bilan, smartfoningiz markasidan qat’i nazar, Galaxy qurilmalariga o‘tish bittagina teginish orqali amalga oshadi, – deya xabar beradi Samsung. – Barcha ma’lumotlaringiz: kontaktlar va taqvimdagi voqealaringizdan tortib ilovalaringizgacha, hatto dasturiy ustqurmalaringiz ham yangi Galaxy smartfoningizga ko‘chib o‘tadi».

Shunisi ham borki, bunda Samsung ayrim jihatlarni aytmasdan ketyapti, masalan – Galaxy’ga ko‘chib o‘tganingizdan keyin siz iMessage yoki iCloud kabi servislardan endi foydalana olmaysiz.

Xo‘sh, siz-chi, iOS tizimidan Android platformasiga, yoki iPhone’dan Galaxy’ga ko‘chib o‘tarmidingiz?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!