Samsung Galaxy A02s/M02s'ning texnik jihatlari va qadoq tarkibi bilan tanishamiz

Samsung Galaxy A02s/M02s'ning texnik jihatlari va qadoq tarkibi bilan tanishamiz

Quyi toifa Samsung smartfonlarining chalkash olamiga bo‘lgan sayohatimiz davom etadi. Bugun Galaxy A02s smartfoni bilan tanishamiz.

O‘QING: Samsung Galaxy A12'ning texnik jihatlari va qadoq tarkibi bilan tanishamiz

Koreyslarning arzon smartfonlari borasida chigalliklar ko‘p. Masalan, A02s ba’zi mintaqalarda M02s bo‘lib sotuvga chiqqan. Har ikki smartfonning model raqami turlicha bo‘lsa-da, ularning apparat ta’minoti bir xil. Shu sababdan, quyida keltirilgan barcha xususiyatlar ham A02s, ham M02s'ga taalluqli bo‘la oladi.

Samsung Galaxy A02s

Qurilmalar nomidagi «s» harfi katta ahamiyatga ega. Galaxy A02 va M02 smartfonlari ham bor. Bu ikki o‘xshash devaysning texnik jihatlari A02s/M02s'larnikidan ham pastroq.

Qahramonimiz Galaxy A02s 6.5 dyuymli LCD panelga ega. Ushbu narx doirasidagi smartfonlarga AMOLED qo‘yish qimmatga tushadi. Qurilma protsessori ham hech maqtarli emas. Koreyslar unga uch yil oldingi Snapdragon 450 (14 nm lik jarayon asosiga qurilgan) chipini o‘rnatishgan.

Samsung Galaxy M02s

Orqa panelda uchta kamera bor. Asosiy modul 13MP, qolgan ikkita: makro va sath kameralari 2MP o‘lchamga ega. E’tibor bergan bo‘lsangiz, smartfonda ultrakeng kamera mavjud emas. Selfi kamera rezolyutsiyasi 5MPga teng.

Ammo akkumulyator borasida Samsung maydalashib o‘tirmagan. A02s, xuddi A12 va A02'lar kabi, 5,000 mAs akkumulyator bilan jihozlangan.

Samsung Galaxy A02s'ning texnik jihatlari:

> Korpus: 164.2x75.9x9.1 mm, 196 g; old panel shishadan, orqa panel plastikdan ishlangan.
> Displey: 6.50" PLS IPS, 720x1600p rezolyutsiya, 20:9 forma faktori, 270 ppi zichlik.
> Chipset: Qualcomm SDM450 Snapdragon 450 (14 nm): sakkiz yadroli 1.8 GHz Cortex-A53; Adreno 506.
> OT/Dasturiy ta’minot: Android 10; One UI 2.5.
> Orqa kamera: •Keng (asosiy): 13 MP, f/2.2, avtofokus; •Makro: 2 MP, f/2.4; •Sath: 2 MP, f/2.4.
> Old kamera: 5 MP, f/2.2.
> Video yozuv: Orqa kamera: 1080p@30 kadr/sek.
> Akkumulyator: 5,000 mAs; 15 Vt da tezkor quvvatlash.
> Boshqa: akselerometr, yaqinlik datchigi; 3.5 mm audio jek.

Qadoq tarkibi
Galaxy A02s'ning qadoq tarkibi borasida ko‘zga tashlanadigan jihat yo‘q. Qurilma A12 va boshqa hamyonbop smartfonlar kabi oddiy qadoqda sotiladi. Qadoq ichida smartfon, 15 Vt adapter va USB-A-2-C kabeli bor.

O‘QING: Samsung Galaxy A42 5G'ning texnik jihatlari va qadoq tarkibi bilan tanishamiz

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.