Samsung Galaxy A3 (2017) – suvdan qo‘rqmas kichkina botir

Samsung Galaxy A3 (2017) – suvdan qo‘rqmas kichkina botir

Ma’lumki,  shu oyning boshida Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi Galaxy A seriyasidagi smartfonlarning uchinchi avlodini namoyish qilgan edi. Ta’kidlash lozim, ushbu seriyadagi modellar chin ma’noda ko‘plab foydalanuvchilarga ma’qul bo‘lgan. Ushbu seriyadagi smartfonlarning birinchi versiyasi 2015 yilda metall korpus va biroz oddiy texnik parametrlar bilan chiqarilgan edi. Seriyadagi keyingi modellar yildan-yilga takomillashib kelmoqda. O‘rta segmentdagi smartfonlarning flagmanlarga qaraganda yaxshiroq va ko‘proq sotilishini hisobga olgan Samsung kompaniyasi, mazkur seriyadagi qurilmalarni  yangidan-yangi xususiyatlar bilan boyitishda davom etmoqda.

Bundan taxminan ikki-uch hafta ilgari e’tiboringizga Galaxy A seriyasidagi yangi Galaxy A5 (2017) modeli haqidagi mobil tavsifni haqola qilgan edik. Mana endi navbat seriyadagi kichik model – Samsung Galaxy A3 (2017) smartfoniga yetib keldi. Keling, tavsifning asosiy qismiga o‘tishdan oldin,  yangi Galaxy A3 (2017) qurilmasini undan avvalgi A3 smartfonlari bilan solishtirib ko‘raylik.

Parametr  Galaxy A3 (2015) Galaxy A3 (2016) Galaxy A3 (2017)
Dizayn      Metall korpus Metall ramka + Gorilla Glass shisha Metall ramka + Gorilla Glass shisha
Ekran 4,5 dyuym, SuperAMOLED, 540x960 piksel (245 ppi) 4.7 dyuym, SuperAMOLED, HD (312 ppi) 4,7  dyuym, SuperAMOLED, HD (312 ppi)
Kameralar 8/5 MP (f=2.0) + LED 13/5 MP (f=1.9) + LED 13/8 MP (f=1.9) + LED
Chipset Qualcomm MSM8916 Snapdragon 410 (4 yadroli) Qualcomm Snapdragon 410
Exynos 7578 (to‘rt yadroli)
Exynos 7870 (sakkiz yadroli)
Xotira 1,5/16 GB + microSD 1,5/16 GB + microSD 2/16 GB + microSD
Akkumulyator 1900 mA/soat, Lion 2300 mA/soat, Lion 2350 mAch
Barmoq izi skaneri YO‘Q YO‘Q BOR
IP68 himoyasi YO‘Q YO‘Q BOR
Gabaritlari 130.1 x 65.5 x 6.9 mm 134.5 x 65,2 x 7.3 mm 135.4 x 66.2  x 7.9 mm

__________

Dizayn va korpus

Tashqi tomondan Galaxy A3 (2017) avvalgi A3 modellaridan keskin farq qiladi. Orqa panel qayirma 3D shishadan, to‘rt tomondagi ramka esa metalldan yasalgan. Samsung logotipi har doimgiday orqa va old panelda joylashgan, asosiy kamera korpus bilan bir tekis qilib o‘rnatilgan bo‘lsa-da, biroz oddiyroq ko‘rinadi. Kameraning o‘ng tarafida LED-chaqnoq joylangan. nanoSIM+ microSD slot yuqorida, ovoz balandligini sozlaydigan tugmalar chap yonga, quvvat tugmasi va dinamiy esa o‘ng yon tomonga o‘rnatilgan.

Naushnik va USB Type-C uyalari korpusning quyi qismidan o‘rin olgan. Samsung ushbu seriyadagi yangi smartfonlarda an’anaviy USB uyadan voz kechib, USB Type-C standartini qo‘lladi. Bu qurilmani tezroq zaryadlash va fayllar yanada yuqori tezlikda almashish imkoniyatini beradi.

Yaqinlik va yorug‘lik sensorini ekran ustida, old kamera va mikrofon atrofida topasiz. Ekran ostida esa an’anaviy Home tugmasi (barmoq izi skaneri sozlangan), uning ikki yonida esa sensorli tugmalar o‘rin olgan.

Qurilma IP68 standarti bilan himoyalangan. Ya’ni qurilmani 1,5 metrgacha bo‘lgan chuqurlikdagi suv havzalarida yarim soatgacha «jon saqlashi» mumkin.

__________

Ekran

Galaxy A3 (2017)  displey borasida 2016 yil chiqarilgan versiyadan ko‘p farq qilmaydi. O‘lcham (4,7 dyuym), matritsa (Super AMOLED), aniqlik formati (HD) va hatto bir dyuym maydonga to‘g‘ri keladigan piksellar soni (312 ppi) ham bir xil. Umuman olganda, bu yo‘nalishda katta o‘zgarishlar qilinmagan. Sababi, Super AMOLED ayni vaqtda bozorda mavjud eng sifatli matritsa hisoblanadi, aniqlik formati va piksellar zichligi esa smartfon narxidan kelib chiqilsa biroz oshirilishi mumkin edi. Biroq kompaniya avvalgi A3 smartfonlarida bo‘lgani singari yangi versiyada ham HD aniqlik formatini saqlab qolishga qaror qildi.

Qo‘shimcha imkoniyatlar haqida gapiradigan bo‘lsak, ushbu smartfon ekraniga Galaxy Note 7 modelida ilk bor taqdim qilingan “Ko‘k nur filtri” nomli funksiya qo‘llangan. Bu ko‘zga zarar yetkazadigan ko‘k nurlarni filtrlashga yordam beradi.

Eng muhimi, gadjet flagmanlarga xos Always On Display funksiyasi bilan quvvatlangan. Siz ushbu funksiyaga ega modellarda vaqt, kalendar yoki boshqa tafsilotlarni telefon ekranini blokdan chiqarmasdan ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi. Bunday imkoniyat kundalik foydalanishda sezilarli qulaylik yaratadi.

Yorqinlikni avtomatik sozlash funksiyasi ko‘zda tutilgan.

Qurilma IP68 standarti bilan himoyalangan. Ya’ni qurilmani 1,5 metrgacha bo‘lgan chuqurlikdagi suv havzalarida yarim soatgacha «jon saqlashi» mumkin.

_________

Kamera

Yangi Galaxy A3 smartfoni kameralar borasida avvalgi yildagi versiyadan biroz ustunlikka ega.  Bu gal Samsung selfimanlar sonining oshib borayotganini hisobga olib, old kamera aniqligini oshirdi. Qurilmaga 8 MPli old kamera va 13 MPli asosiy kamera o‘rnatilgan. Asosiy kameraning aperturasi: f=1.9  bo‘lib, u Pro va HDR rejimlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Kamera ekranini surish orqali 8 ta filtrlarni ko‘rishingiz mumkin. Xuddi shuncha miqdordagi filtrlarni selfiga ham qo‘llash mumkin.

Ikkala kamerada video yozish uchun maksimal format – Full HD (1920 x 1080).

 

Eng qizig‘i kamera sozlamalarida istalgan joyga o‘rnatiladigan kamera tugmasini yoqish mumkin. Bu, ayniqsa, rasmga olayotganda qulaylik beradi. Shu bilan birga, ovozni sozlash tugmalari yoki shunchaki ekranga barmoqni tekkizgan holda rasmga olish imkoniyatlari tatbiq etilgan.

Samung Galaxy A3 (2017) kameralaridan olingan rasmlar:

____________

Dastur va kommunikatsiya

Yangi seriyadagi Galaxy A (2017) smartfonlari Android 6.0.1 dasturida ishlaydi. Biroq ular tez orada Android 7.0 operatsion tizimiga yangilanishi kutilmoqda. Har holda Samsung o‘tgan yilda chiqarilgan Galaxy A seriyasi uchun eng so‘nggi Android versiya bilan ta’minlashini ma’lum qilgan.

 

Avvalgi A3 smartfonlari singari qurilma LTE standartini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Tabiiyki, NFC, ikki diapazonli Wi-Fi 802.11, Wi-Fi Direct va Bluetooth interfeyslari ko‘zda tutilgan. FM-radio moduli saqlab qolingan. GPS/GLONASS tizimlarini qo‘llab quvvatlaydi.

__________

Protsessor va xotira

Bu galgi A seriyalarda Samsung negadir Qualcoom Snapdragon protsessorlaridan foydalanmaslikka qaror qildi. Yangi A3 modeli sakkiz yadroli Exynos 7870 protsessorida ishlaydi. Chipsetning takt chastotasi 1,6 GGs, unga tasvirni qayta ishlashga xizmat qiladigan Mali-T830grafik protsessori sozlangan.

Model samaradorligiga Antutu benchmarkida 43 709 ball qo‘yilgan.

 

Bunday ballar asosan o‘rtachadan yuqoriroq ishlash xususiyatiga ega qurilmalarga xos.

Xotira borasida yangi A5 avvalgi versiyalarga qaraganda ancha takomillashgan. Operativ xotira 2 GB (bu o‘rtachadan yuqori og‘irlikdagi o‘yinlarni o‘ynashga ham imkon beradi), doimiy xotira sig‘imi esa – 16 GB. Biroq ichki fayllar va tizim xotiraning muayyan qismini band qiladi har doimgidek. MicroSD slotiga 256 GBgacha bo‘lgan xotira kartalarini o‘rnatish mumkin (GSM Arena ma’lumotiga ko‘ra).

______________

Batareya

Yangi A3 sig‘imi 2350 mA/soat bo‘lgan batareya bilan jihozlangan. Batareya borasida o‘zgarishlar u qadar ijobiy emas, sababi o‘tgan yili taqdim qilingan A3 (2016) smartfoniga 2300 mA/soatli batareya o‘rnatilgan edi. Biroq dasturdagi optimizatsiyani hisobga oladigan bo‘lsak, qurilmaning quvvati ancha ko‘proqqa yetishi mumkin. Har holda smartfondan 3-4 kun foydalanish jarayonida shunga guvoh bo‘ldik. To‘liq batareya zaryadi kun davomida internet, kamera, grafika va kommunikatsiya funksiyalarini samarali qo‘llash imkoniyatini beradi.

Bundan tashqari, USB Type-C standarti qurilmani sezilarli darajada oz fursatda zaryadlashga yordam beradi. Smartfonda batareya zaryadini tejash maqsadiga xizmat qiladigan quvvat tejash va quvvatni maksimal tejash rejimlari ko‘zda tutilgan.

Shuning uchun bu borada hech qanday muammoga duch kelmaysiz. Shunday bo‘lsa-da, batareyadagi quvvat rezervini hisobga olgan olgan holda qurilmadan foydalanish maqsadga muvofiq.

_____________

Qo‘shimcha imkoniyatlar

Qurilma orqali Samsung Pay to‘lov tizimidan foydalanish mumkin. Buning uchun modelga ushbu servisga tegishli ilova ham ko‘zda tutilgan. Ammo bizga berilgan sinov modelida ushbu ilovani uchratmadik. Har holda ushbu to‘lov tizimining yangi seriyadagi Galaxy A smartfonlarida ishlashi tasdiqlangan. Biroq O‘zbekistonda ushbu servis ishlamaydi, shuning uchun uning borligi biz uchun katta ahamiyatga ega emas.

Mavzularni qo‘llash imkoniyati mavjud. Bu funksiya to‘laqonli tarzda o‘tgan yilgi A seriyada ishlashni boshlagan. Bu galgi A seriyalarda hatto Always on Display paneliga ham turli mavzularni qo‘llash funksiya ham ko‘zda tutilishi mumkin. Biroq bu yangilik Android Nougat dasturida tatbiq etilishi kutilmoqda.

Shuningdek, S Health, himoyalangan jild kabi joriy va yangi xizmatlar ham mavjud. Bizga berilgan qurilmada tartiblangan Samsung va Google`ga qarashli ilovalardan tashqari, Microsoft ilova/servislari (Word, Excel, Power Point Skype) ilovalari proshivkaga avvaldan o‘rnatilgan ekan. Bundan tashqari, Facebook vaYandex kabi xizmatlarga tegishli ilovalar o‘rnatilishi aytilmoqda.  Umuman olganda, turli servislarga qarashli ilovalarni oldindan telefonga o‘rnatgan holda sotuvga chiqarishda foydalanuvchi uchun hech qanday naf yo‘q. Ko‘p hollarda ular eskirgan holatda bo‘ladi va yangilashni talab qiladi, eng yomoni, bunday ilovalar qurilma xotirasini band etadi.

Shu bilan birga, qurilmada xavfsizlikni kuchaytirishi uchun tatbiq etilgan barmoq izi skanerini eng muhim qo‘shimcha imkoniyatlardan biri sifatida qayd qilib o‘tishimiz mumkin. Har holda, Samsung bugungi kunda xitoylik brendlarning jiddiy raqobati ta’sirida o‘rta segmentdagi yangi modellarini ham bunday skaner bilan jihozlashga majbur bo‘lgan.

______________

Xulosa

Samsung yangi A seriyalar ustida jiddiy ishlagani bilinib turibdi. Shu bois bo‘lsa kerak modellar sezilarli darajada seriyadagi avvalgi smartfonlarga qaraganda takomillashgan. Ayniqsa, seriyadagi barcha yangi smartfonlar IP68 standarti bilan suv va changdan himoyalanishi, ularga flagmanlarga xos ba’zi xususiyatlarning qo‘llanishi (Always On Display, dizayn, kamera), ushbu qurilmalarning xaridorgir bo‘lishi ta’minlaydi.

Shu bilan birga, butunlay yangi interfeys, kommunikatsiya imkoniyatlari ham maromida. Qisqa qilib aytganda, foydalanuvchi uchun zarur barcha funksiyalar ko‘zda tutilgan. Biroq, shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, model narxi ushbu segmentdagi (“o‘rta narxdagi”) boshqa ishlab chiqaruvchilarga qarashli smartfonlarga nisbatan qimmatroq. Bu esa bozordagi joriy raqobat sharoitida xaridor tanlovida o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

ASAXIY.UZ 2712500 cўм Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!