Samsung Galaxy A50 tavsifi: yutuqlari va kamchiliklari

Samsung Galaxy A50 tavsifi: yutuqlari va kamchiliklari

Joriy yil boshida Samsung kompaniyasi Galaxy A smartfonlarining yangilangan talqinlari: A20, A30 va A50 modellarini taqdim etdi. Hamyonbop, o‘rta byudjetli va o‘rta darajadagi smartfonlar. Galaxy A30 smartfoni Samsung kompaniyasining narx va texnik xususiyatlari bir-biriga mos kelgan kam sonli modellaridan biri ekani aytilmoqda. O‘rta darajali Galaxy A50 smartfonining ustunliklari va kamchiliklari haqida esa navbatdagi tavsifimizda tanishishingiz mumkin.

Ta’kidlash joizki, Galaxy A50 displeyda old kamera uchun kichik joy ajratilgani, pastki romning ensiz ekani, orqa panelning polikarbonatdan tayyorlangani bilan A30 modeliga juda o‘xshab ketadi. Biroq orqa qismida barmoq izi skanerining yo‘qligi va asosiy kamera ikki emas, balki uchta moduldan iborat ekani bilan farq qiladi.

Samsung Galaxy A50 (model SM-A505FM/DS) smartfonining asosiy texnik jihatlari

  • SoC Samsung Exynos 9610, 8 yadro: 4×Cortex-A73 @2,3 GGs, 4×Cortex-A53 @1,7 GGs
  • GPU Mali-G72 MP3
  • Operatsion sistema: Android 9, One UI
  • Sensorli displey: Super AMOLED, 6,4″, 2340×1080 (19,5:9), 403 ppi
  • Tezkor xotira (RAM): 4/6 GB, doimiy xotira 64/128 GB
  • microSD: 512 GBgacha
  • Nano-SIM: 2 dona
  • Tarmoqlar: GSM/WCDMA
  • LTE FDD LTE band 1, 3, 5, 7, 8, 20; TDD band 38, 40, 41
  • Wi-Fi 802.11a/b/g/n/ac (2,4 i 5 GGs)
  • Bluetooth 5.0
  • NFC
  • GPS (A-GPS), Glonass, Beidou, Galileo
  • USB Type-C, USB OTG
  • Asosiy kamera 25 Mp (f/1,7) + 5 Mp (f/2,4) + 8 Mp (f/2,4), avtofokus, video 1080p (30 fps)
  • Old kamera 25 Mp, f/2,0
  • Datchiklar: tashqi yorug‘lik datchigi, kompas/magnitometr, giroskop, oraliq-masofa datchigi, barmoq izi sensori
  • Akkumulyator: 4000 mA·s, tezkor quvvatlash
  • Hajm: 159×75×7,7 mm
  • Vazn: 166 g

Tashqi ko‘rinishi va foydalanish qulayligi

Samsung Galaxy A50 yoqimli ko‘rinishga ega. To‘g‘ri, korpusida shisha va metall qo‘llanilmagan, u to‘liq plastikdan, dizaynida alohida o‘ziga xoslik yo‘q va smartfon raqobatchilaridan farq qilmaydi. Ammo, baribir smartfon saranjom, o‘z darajasidan qimmatroq ko‘rinadi.

Materiallar sifati ham unchalik emas: oynasimon orqa qopqoq plastikdan bo‘lib, oleofob qoplamaga ega emas (yoki juda zaif), shu boisdan uskuna tezda barmoq izlariga burkanadi.

Ammo yon tomonlar silliq va sirpanchiq emas. Yupqa va yengil korpusli smartfon qo‘lda ishonchli tutib turiladi, kiyimlar cho‘ntaklariga ham qulay joylashadi – hajm jihatdan barchasi yaxshi.

Kameralar ob’yektivi orqa panel chegarasidan deyari turtib chiqmagan, ya’ni smartfonni stol ustiga qo‘yib ishlashda xalal bermaydi: ekranga barmoq bosganingizda smartfon barqaror turadi. Orqa qopqoq ham haqiqiy oynadek sirpanchiq emas, shu bois smartfonning o‘z-o‘zidan sirpanib, tushib ketish xavfi yo‘q.

Orqa kamera oldida barmoq izi skaneri maydonchasi mavjud emas. Uchta kamerali modul va chaqnoq orqa panelning yuqori o‘ng burchagiga tartib bilan joylashtirilgan. Natijada tasvirga olish vaqtida kameralar barmoqlar bilan to‘silib qolmaydi.

Old panelga yorug‘lik diodli chaqnoq indekatori o‘rnatilmagan, bu yerda uning uchun joy ham yo‘q. Kamera uchun ekrandan juda kichik tomchisimon joy ajratilgan.

Quvvatlanayotgani yoki xabarnomalardan Always On rejimida (aytgancha, dastlabki sozlamalarda u o‘chirilgan holatda bo‘ladi) ekran orqali xabardor bo‘lish mumkin. Aks ettiriluvchi axborotlar standart: soat, o‘tkazib yuborilgan hodisalar va boshqalar.

Uskuna tugmachalariga e’tirozlar yo‘q. Yon tugmachalar bir tomonga qulay joylashtirilgan. Ular hajmi yirik emas, lekin juda yaxshi ishlaydi.

Kartochkalar uchun bo‘lmacha gibrid emas, bu quvonarli. Unga bir vaqtda ikkita Nano-SIM-kart va bitta xotira kartasini joylashtirish mumkin.

Pastki qismda Type-C tirqishli USB portining o‘rnatilishi «arzon» smartfonlar sinfi uchun kutilmagan holat bo‘ldi. U bilan birga asosiy karnay va suhbat mikrofoni ham o‘rin olgan. Shuningdek, quloqchin uchun 3,5 millimetrli chiqish tuynugi ham joylashtirilgan.

Tepa qismida shovqinni pasaytirish tizimi uchun qo‘shimcha mikrofondan boshqa hech narsa yo‘q.

Samsung Galaxy A50 ko‘k, oq va qora ranglarda sotuvga chiqarilgan. Uskuna chang va suvdan himoya tizimiga ega emas. Smartfonlarni ushlaganda barmoqlaringiz korpus qoplamasi noodatiy uslubda tayyorlanganini his etadi, rang ham qandaydir boshqacha. Korpus sirti mutlaqo silliq emas. Rangi esa yanada qiziqarli. Orqa qopqop haqiqatdan ham oq, lekin nur muayyan burchak ostida tushsa, qizil, ko‘k va yashil ranglar qorishig‘ini ko‘rasiz.

Ekran

Samsung Galaxy A50 2.5D-shisha himoyali Super AMOLED displeyi bilan ta’minlangan. Ekran diagonali 6,4 dyuym, hajmi 68x147 millimetrni, sig‘imi esa 2340×1080 pikselni (tomonlar mutanosibligi 19,5:9) tashkil etadi. Ekran romlari kengligi yon tomonlarda 3 mm, pastdan – 8 mm va yuqoridan – 3 mm.

Ekranning old sathi tirnalishlar paydo bo‘lishiga chidamli shishali plastina ko‘rinishida tayyorlangan. Ekranning ob’yektlar aksini qaytarishiga qarshi xususiyati Google Nexus 7 smartfoni kabi. Quyidagi rasmda oq sathga qo‘yilgan ikki gadjet ekraniga razm solishingiz mumkin:

Har ikkisining ham ekrani bir xil qora tusda. Samsung Galaxy A50 ekranida aks ettirilgan ob’yektlarning ikkilanishi juda kuchsiz, bu ekran qatlamlari orasida havoli bo‘shliqning yo‘qligidan dalolat beradi. Havo/shisha chegarasining yo‘qligi sababli displey juda yorug‘ joylarda ham tasvirlarni aniq ko‘rsatib bera oladi, biroq tashqi oynani almashtirishga to‘g‘ri kelsa, ekranni to‘liq almashtirish talab qilinishi sababli ta’mirlash qimmatroqqa tushadi.

Samsung Galaxy A50 ekrani sirtiga maxsus oleofob (yog‘ yuqtirmaydigan) qoplama surtilgani bois barmoq izlari oddiy shishaga qaraganda kamroq paydo bo‘lib, osonroq o‘chadi.

Ushbu ekranda Super AMOLED — faol organik yorug‘lik diodli matritsa qo‘llanilgan. To‘laqonli rangli tasvirlar uchta – qizil (R), yashil (G) va ko‘k (B) rangdagi subpiksellar yordamida hosil qilinadi. Bunda qizil va ko‘k subpiksellar ikki marta kamroq - RGBG. Ya’ni, bitta pikselda bittadan qizil va ko‘k, ikkita yashil subpiksel mavjud. Buni quyidagi mikrofotosurat orqali ko‘rish mumkin:

Tungi vaqtlarda ko‘z charchashiga qarshi Moviy rang filtri funksiyasi mavjud. Biroq har qanday holatda ham, tunda planshet yoki smartfondan foydalanayotganda ekran yorug‘ligini eng kam, ammo qulay darajaga tushirish lozim. Aks holda moviy rang filtrini yoqishdan hech qanday ma’no yo‘q.

Xulosa qilib aytganda, ekran juda yuqori yorug‘likka ega va ob’yektlar aksini qaytarish (antiblik) xususiyati yaxshi darajada ekani sababli hatto yozgi quyosh nurlari ostida ham hech qanday muammolarsiz undan foydalanish mumkin. Yorug‘likni avtomat boshqarish rejimi ham yaxshi ishlaydi. Ekranning oleofob qoplamasi ham sizni uyaltirmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, yuqori sifatli ekran.

Kameralar

Samsung Galaxy A50 old kamera sifatida 25 MP sensor va f/2,0 diafragmali ob’yektivga ega bitta moduldan foydalandi. Garchi bunday MPli kameralar modaga aylangan bo‘lsa ham, standrt sozlamalarda smartfon 12 MPda tasvirga oladi. Sezganingizdek, eng yuqori sifatda tasvirga olish uchun sozlamalarni mustaqil amalga oshirish va sirli «3:4N» yozuviga qadar yetib borish kerak bo‘ladi. Ammo orqa manzarani xiralashtirib rasmga olmoqchi bo‘lsangiz, bu rejim o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘ladi.

Kamera haqida gap ketsa, uncha yomon tasvirga olmaydi – biroq bir narsani hisobga olish kerak: faqat yaxshi yoritilgan sharoitda. Kunduz kuni ko‘chada detallarigacha suratga oladi, ravshanlik, ranglar sifati joyida. Jonli fokus rejimida kadr fondan unchalik ham yaxshi ajratib olinmaydi, biroq chidasa bo‘ladi. Aralashib ketishlar deyarli yo‘q.

Samsung Galaxy A50 orqa kamerasi uchta moduldan tashkil topgan. Asosiysining sensori 25 MP, ob’yektiv diafragmasi f/1,7, biroq standart sozlamada 12 MP hajmda tasvirga oladi. 25 MPlik eng yuqori sifatli rejimga o‘tish uchun «3:4N» tugmasi sozlamalar menyusida emas, balki tasvirga olish ekraniga joylashtirilgan.

Galaxy A50 asosiy kamerasida tushirilgan fotosuratlardan namunalar:

Qo‘shimcha modul – keng burchakli, ko‘rish burchagi 123 darajani tashkil etadi. Bu yerda sensor sig‘imi – 8 MP, ob’yektiv diafragmasi — f/2,2. Mos ravishda, tasvirga olish ekranida doimo ikki yoki uchta daraxt tasviri – oddiy yoki keng burchakli kamera rejimiga o‘tish tugmachalari turadi. Ayni shu tugmacha, masalan Huawei smartfonlarida tushunarliroq qilib yozuv bilan ko‘rsatilgan.

Uchinchi modul (5 Mp, f/2,2) tasvirga olishda ishtirok etmaydi, balki ravshanlik darajasini o‘lchashga xizmat qiladi. Optik barqarorlashtirgich yo‘q, chaqnoq yorug‘ligi o‘rtacha, avtofokus tez va ishonchli ishlaydi. Eng yuqori sig‘imi 25 MP bo‘lgan HDR rejimi mavjud. Orqa fonni xiralashtirish sozlamalarda qo‘lda amalga oshiriladi.

To‘g‘risini aytganda, asosiy kameralardan ko‘p narsalar kutilgan edi. Tasvirlar sifati yomon emas va siz boshqa qimmatroq smartfondan Galaxy A50ga o‘tsangiz, sizni hech narsa xijolat qilmaydi. Biroq 2019 yilda Redmi Note 7 kabi uncha qimmat bo‘lmagan smartfonlarda ham tasvirlar sifati sezilarli darajada ortgani kuzatilmoqda. E’tiboringizga har ikki smartfonda olingan namunalarni havola etamiz, solishtirib, xulosani o‘zingiz chiqarib olishingiz mumkin:

Kamera soniyasiga 30 ta kadr bilan eng yuqori 2336×1080 sig‘imda videoga oladi. Optik barqarorlashtirgich yo‘q. Tasvirga olish sifati yomon emas, hatto kechasi ham ravshanlik va detalizatsiya tushmaydi, chiroq kabi kuchli yorug‘lik manbasi nurlari ekranni qoplab olmaydi. Yurib videoga olishda, barqarorlashtirgich optik emas, balki elektron bo‘lsa ham, videolar sifati qoniqarli. Ovoz sifatli yozib olinadi va shovqinni kamaytirish tizimi to‘liq ishlaydi.

Bixby yordamchisi funksiyasini alohida qayd etib o‘tish joish. Bu rejimda kamera kadrdagi ob’yektni taniydi va avtomat ravishda u haqdagi ma’lumotlarni taqdim etadi. Bu funksiya, masalan biror mahsulot qadog‘i yoki diqqatga sazovor joyni suratga tushirish bilan ular haqidagi kerakli ma’lumotlarni darhol olishda, qog‘ozli hujjatlarni skaner qilib, matnli faylga aylantirishda yordam beradi.

Dasturiy ta’minot va multimedia

Samsung Galaxy A50 keyinchalik yangilanish imkoniyati bilan Android 9 operatsion platformasi asosida ishlaydi. OP Samsung Experience o‘rniga Samsung One UI dasturiy qoplamasi bilan «yashirilgan». Yangi dasturiy qoplama dizayni yangilangan, ishoralarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyati kengaytirilgan, ilova belgilari burchaklari ko‘proq aylanasimon qilingan. Umuman olganda, interfeys yanada yengil va tushunishga oson. Oldindan o‘rnatilgan dasturlar uncha ko‘p emas va ularning barchasi foydali.

O‘ziga xosliklaridan: Always On Display funksiyasi mavjud, yuz orqali qulfdan chiqariladi, barmoq izi skaneri ekran shishasi ostiga joylashtirilgan. ta’kidlash joizki, smartfonni qulfdan chiqarishning har ikki usuli ham sezgir xaridorlarni qoniqtirmasligi mumkin – nisbatan sekin ishlaydi. Ayniqsa barmoq izi skaneri: kichik talqinida (Galaxy A30) barmoq izi skaneri orqa qopqoqqa joylashtirilgan edi va u Galaxy A50dan ko‘ra tezroq ishlaydi. Skaner ekran ostiga qo‘yilgani bois: «Barmog‘ingizni uzoqroq tutib turing» degan yozuvga tez-tez ko‘zingiz tushishi mumkin. Umuman olganda bu texnologiya yangi, shu boisdan «klassik» barmoq izi skanerlariga nisbatan sekinroq ishlashi mumkin.

Smartfonning multimedia imkoniyatlari yaxshi. Asosiy karnay yetarlicha toza va baland tovush chiqaradi, quloqchinlardagi tovushlar borasida maqtanishga arziydi. Tovush toza, yorqin va baland, barcha chastotalar bo‘yicha to‘yingan. Smartfonda FM-radio moduli mavjud bo‘lib, quloqchinlar orqali ishlaydi. Diktofoni yuqori sifatli va sezgir – talabalar bo‘lsa, ma’ruza va seminarlarni yozib olishda juda qo‘l keladi.

Samaradorlik

Samsung Galaxy A50 mobil platformasi 8 ta: 4 dona 2,3 GGsgacha chastotali Cortex-A73 va 4 dona 1,7 GGs gacha chastotali Cortex-A53 protsessor yadrosidan tarkib topgan SoC Samsung Exynos 9610 protsessoriga ega bo‘ldi. Tasvirlarni qayta ishlash uchun GPU Mali-G72 MP3 grafik tezlatkichi o‘rnatilgan. Tezkor xotirasi 4 yoki 6 GB (boshida 6 GBning 2,7 GB qismi bo‘sh bo‘ladi), ichki flesh-xotira esa 64 yoki 128 GB (boshida 128 GBdan 101 GB qismi bo‘sh bo‘ladi).

Xotirani microSD kartasini o‘rnatish hisobiga kengaytirish hamda USB OTG rejimida tashqi flesh-tashuvchiga ulash mumkin.

Ta’kidlash joizki, SoC Samsung Exynos 9610 — narx va sifat borasida o‘rta darajadagi ajoyib chipset. U ilg‘or protsessorlardan emas va Qualcomm Snapdragon 710 yoki Huawei Kirin 710 protsessorlari kabi o‘rtachadan yuqoriroq darajada emas, ammo baribir munosib.

AnTuTu testida smartfon 140 mingdan ortiqroq ball to‘plagani yomon natija emas. Interfeysning ravon, ilovalarning tezkor ishlashini aytishga ham hojat yo‘q, barchasi mukammal. Platforma «og‘ir» o‘yinlar talablariga ham qiyinchiliksiz javob beradi. Bu esa o‘z narx toifasida smartfonning katta yutuqlaridan biri.

AnTuTu va GeekBench testlari natijalari:

Telefon qismi va kommunikatsiyalar

Exynos 9610 chipseti ma’lumotlarni soniyasiga 600/150 Mbit tezlikda uzatish xususiyatiga ega LTE Cat.12/13 tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi. Simsiz tarmoqlar ishida muammolar yo‘q. Wi-Fi (2,4 va 5 GGs), Bluetooth 5.0, NFC modullari hamda birdaniga ikkita sim-karta va xotira kartasini ishlatish imkoniyati mavjud.

Navigatsion modul GPS (s A-GPS), Glonass, Galileo va Xitoyning Beidou sun’iy yo‘ldosh tizimlari bilan ishlaydi. Uskunada navigatsiya dasturlar ishlashi uchun zarur bo‘lgan magnitli kompas mavjud.

Xavfsizlik

Barmoq izi skaneri displey ichiga joylashtirilgan. Qulflangan ekranning belgilangan joyiga barmoq bosishingiz bilan och yashil rangdagi doira hosil bo‘ladi – identifikatsiya muvaffaqiyatli kechdi. Bularning barchasi qariyb to‘xtalishlarsiz ishlaydi. Smartfon uchtagacha barmoq izini eslab qoladi. Qulfdan chiqarish uchun barmoq izi sensoridan tashqari, yuzni tanish tizimidan ham foydalanish mumkin. Ushbu tizim tezkor va sekin (yanada xavfsiz) rejimda ishlaydi. Bu yerda ko‘zoynak taquvchilar ham inobatga olingani quvonarli: yuzni tanish tizimi darhol ko‘zoynak taqishni va so‘ngra uni yechib qo‘yishni so‘raydi. Agar sozlamalar to‘g‘ri amalga oshirilsa, qulfdan yechishda hech qanday muammo kuzatilmaydi. To‘g‘ri, yaxshi yoritilmagan joylarda to‘xtalishlar kuzatilishi mumkin, qorong‘uda esa uskuna faqatgina ekran yorug‘ligiga tayanib ish tutadi. Chunki smartfon egasini tanish uchun infraqizil nurli datchik texnologiyasidan foydalanilmagan.

A50 avvalgi Samsung Experience o‘rniga One UI operatsion tizim qoplamasi (interfeys) bilan ta’minlangan. Unda tungi rejim mavjud bo‘lib, interfeysning barcha elementlari qora fon bilan aks ettiriladi. Bu ko‘z charchashining oldini olish bilan birga, tungi vaqtlarda batareyaning kamroq sarflanishiga ham xizmat qiladi.

Smartfon egalarini quvontirishi mumkin bo‘lgan yana bir jihat: ekrandagi boshqaruv tugmalarini o‘chirib, ular o‘rniga imo-ishoralardan foydalanish mumkin. Qurilmani ishoralar yordamida boshqarish uchun displey yuqorisidan pastga qarab svayp amalga oshirilishi kerak. Tez o‘rganasiz – juda qulay.

Tizimli sozlamalarda tartibsizliklar yo‘q. Samsung One UI interfeysida barcha sozlamalar mantiq asosida toifalarga ajratib chiqilgan. Har bir kichik bo‘lim vizual ro‘yxatga ajratilgan. Bularning barchasi kerakli parametrlarni osongina topishga va tizimdagi tartibni his etishga imkon beradi.

One UIni boshqarish uchun qo‘shimcha ishoralar ham bor. Masalan, ekranni ikki marta urib qo‘yish orqali ochish mumkin. Kimdir qo‘ng‘iroq qilganda yoki uyg‘otuvchi soat ovozini o‘chirish uchun displeyni kaft bilan yopish kifoya.

Tizimda ilovalarni ikkilantirish (klonlash) imkoniyati ham mavjud. Bu ijtimoiy tarmoqlar va mesenjerlarga turli sahifalardan kirishga yordam beradi. Shuningdek, maxfiy xatjild, SD-kartani shifrlash, McAfee antivirusi bazasida zararli dasturiy ta’minotlardan qo‘shimcha himoya tizimlari ham mavjud.

Akkumulyator va avtonomlik

Samsung Galaxy A50 akkumulyatori sig‘imi 4000 mA·sni tashkil etadi. Hajmi katta va avtonomlik tekshiruvlari natijalari ham yomon emas: ular qariyb rekord darajada. Uskuna quvvati kunlik vazifalar bilan kechki quvvatlash vaqtiga qadar bemalol yetadi. Tejamkor rejimda esa quvvatlamasdan ikki kungacha foydalanish mumkin.

Tekshiruvlar energiyani tejam rejimisiz an’naviy ravishda o‘rta energiya iste’moli darajasida olib borildi.

Minimal qulay yorug‘likdagi (100 kd/m²) ekranda uydagi Wi-Fi tarmog‘i orqali yuqori sifatli (720p) videolar tinimsiz ko‘rilganida, uskuna quvvati 13 soatdan ko‘proqqa yetdi, agar samolyot rejimiga qo‘yilsa, o‘rtacha yorug‘likdagi ekranda 18 soatgacha film yoki boshqa videolarni ko‘rish mumkin. 3D o‘yinlar rejimida smartfonda o‘yin turiga qarab 8 soatgacha o‘ynash mumkin. PUBG kabi murakkab o‘yinlar esa bir soatda 15 foiz quvvatni sarflaydi.

Standart quvvatlash uskunasida smartfonni 1 soatu 50 daqiqada «oziqlantirish» mumkin.

Smartfonning qizishi

Quyida GFXBenchmark dasturida akkumulyatorning 15 daqiqa ishlatilganidan keyin orqa tomondan issiqlik tasviri keltirilgan:

Uskunaning yuqori qismining qizishi SoC mikrosxemalari joylashgan o‘ringa to‘g‘ri kelmoqda. Issiqlik kamerasi ma’lumotlariga ko‘ra, eng yuqori qizish 42 darajani (tashqi havo 24 daraja bo‘lganda) tashkil etdi. Buni unchalik baland qizish deb aytib bo‘lmaydi.

Xulosa

Tavsif e’lon qilingan vaqtda Terashop.uz internet elektron do‘konida Samsung Galaxy A50 smartfonining 4/64 talqini narxi 2,140 mln so‘mni tashkil etgan edi. Ekran, tovush, kommunikatsiya imkoniyatlari, jozibador korpus va avtonomlik smartfonning ustunliklarini ta’minlaydi. U bu borada o‘zidan avvalgi Galaxy A va Galaxy J oilasiga mansub modellar orasida yaqqol yetakchi. Mutaxassislar uning yagona kamchiligi sifatida kameralarini keltirib o‘tadi. Ammo u ham unchalik yomon emas, bu shunchaki so‘nggi vaqtlarda hatto hamyonbop segmentda ham kameralar sifati jadallik bilan yuksalayotgani bilan bog‘liq holatdir.

So‘zsiz, Galaxy A50 smartfonining kuchli raqiblari mavjud. Masalan, shu narx atrofida bo‘lgan Meizu X8 ikki barobar ortiqroq xotiraga (OZU va PZU) ega va yanada samaraliroq Qualcomm Snapdragon 710 protsessori bilan ta’minlangan. Ko‘plab qiziqarli imkoniyatlarga ega bo‘lgan Huawei P Smart 2019 smartfoni esa narx masalasida Galaxy A50ni ortda qoldiradi. Biroq uning kamerasi oddiyroq va samaradorligi pastroq. Umuman olganda esa, texnik imkoniyatlari, brendning mashhurligi va mahsulot narxi borasida Galaxy A50ning kichik talqini o‘z narxida bestsellerga aylanishi mumkin.

Xulosa

8.7балл

Экран, товуш, коммуникация имкониятлари, жозибадор корпус ва автономлик смартфоннинг устунликларини таъминлайди. У бу борада ўзидан аввалги Galaxy А ва Galaxy J оиласига мансуб моделлар орасида яққол етакчи.

дизайн

платформа

дисплей

камера

аккумулятор

тезкорлик

Qaerdan sotib olish mumkin?

Terashop.uz UZS 2 650 000.00 Sotib olish
Terashop.uz UZS 2 530 000.00 Sotib olish

 Afzalligi

  • дизайн
  • камера
  • экран

 Kamchiligi

  • корпус
  • бармоқ изи сенсори
  • процессор
Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!