Samsung Galaxy A6+ smartfoni: batafsil sharh, ustunligi va kamchiliklari

Samsung Galaxy A6+ smartfoni: batafsil sharh, ustunligi va kamchiliklari

Ushbu smartfon o‘zining sodda dizaynli metal korpusi, "chegarasiz" Super AMOLED firma ekrani, chaqnoq va «selfi-fokus» funksiyasiga ega 24 megapikselli old kamerasi bilan ajralib turadi. Tunda ko‘proq yorug‘lik to‘plovchi qo‘sh orqa kamerasi, sifatli tovushi, NFC interfeysi va 5-GGs diapazonli Wi-Fi to‘lqinlarini qo‘llab-quvvatlashi bilan ham diqqatga sazovor. Mazkur sharhda Samsung Galaxy A6+ smartfonining barcha ustunliklari va kamchiliklariga to‘xtalib o‘tamiz.

Texnik jihatlari

  • Model: SM-A605FN
  • Platforma: Android 8.0.0 (Oreo) + Samsung Experience 9.0 proshivkasi
  • Protsessor: 8-yadroli, 64-razryadli Qualcomm Snapdragon 450 (ARM Cortex-A53, do 1,8 GGs)
  • Grafik chip: Adreno 506
  • Tezkor xotira: 3 GB
  • Doimiy ichki xotira: 32 GB (24,2 GB bo‘sh joy)
  • Xotirani kengaytirish bo‘lmachasi: microSD/HC/XC (256 GBgacha)
  • Displey: Super AMOLED, diagonali 6 dyuym, aniqligi Full HD+ (2220x1080 pikselli, 18.5:9), bir dyuymda piksellar zichligi 411 ppi, Always On Display, 2.5D effektli himoya shishasi
  • Interfeyslar: Wi-Fi 802.11 a/b/g/n (2,4 GGs + 5 GGs), Wi-Fi Direct, Bluetooth 4.2 (aptX, LDAC), USB 2.0 (USB OTG, quvvat/sinxronizatsiya), quloqchinlar uchun 3,5-mm hajmli audio tuynuk, NFC, ANT+
  • Orqa foto-modul: asosiy kamera — 16 MP, f/1.7 apertura; yordamchi kamera — 5 MP, f/1.9 apertura; fazali avtofokus, yorug‘lik diodli chaqnoq, 1080p@30 fps video
  • Old kamera — 24 MP, f/1.9 apertura, keng burchakli ob’yektiv, «jonli» fokus, yorug‘lik diodli chaqnoq
  • Radio: FM-tyuner
  • Tovush: Dolby Atmos (quloqchinlarda)
  • Tarmoq: 2G, 3G (HSPA+, 42 Mbit/s gacha), 4G (LTE Sat 6, DL 300 Mbit/s gacha), LTE-FDD: 1, 3, 5, 7, 8, 20; TD-LTE: 38, 40
  • SIM-karta uchun bo‘lmacha: nanoSIM (4FF format) + nanoSIM (4FF format)
  • SIM-kartalar ishlash rejimi: Dual SIM Dual Standby (DSDS)
  • Navigatsiya: GPS/GLONASS/BDS, A-GPS
  • Sensorlar: akselerometr, giroskop, RGB yoritish datchigi, oraliq-masofa datchigi, geomagnit datchik, Xoll datchigi, barmoq izi skaneri
  • Akkumulyator: olinmaydigan, 3 500 mA*ch
  • Rang: jilosiz qora, jilosiz oltin, jilosiz ko‘k
  • O‘lchamlari: 160,2x75,7x7,9 mm
  • Vazni: 191 g

Dizayn, ergonomika

Galaxy A6+ dizayni, ayniqsa orqa tomoni Galaxy J modellar safiga (jumladan J5 va J7) mansub uskunalarni eslatadi. Orqa paneli shishali bo‘lgan A seriyali mahsulotlardan farqli ravishda, Galaxy A6+ orqa tarafi jilosiz sirtli metall bilan qoplangan. Tepa va ostki qismlariga esa antennalar uchun shaffof chiziqlar o‘rnatilgan.

Galaxy A6+ uchun uch xil rang diapazoni tanlangan – qora, ko‘k va tillarang. Orqa qoplama jilosiz bo‘lgani sababli barmoq izi skaneri deyarli ko‘rinmaydi. Biroq alyuminli korpus suv va changdan himoya sertifikatiga (IPxx) ega emas. Galaxy A6+ o‘lchamlari 160,2x75,7x7,9 mm, vazni esa 191 gramni tashkil etadi.

Galaxy A6+ old paneli 2.5D shisha bilan himoyalangan. Ekran yuqorisidagi maydonchaga, «suhbat» karnaychasining ikki yoniga old kamera, chaqnoq, yoritish va oraliq-masofa datchiklari o‘rnatilgan.

Displeyning ostki qismi esa bo‘sh. Bu modelda «Oxirgilar», «Boshi» va «Orqaga» virtual tugmachalar boshqaruv paneli ekran ichiga – quyi qismiga joylashtirilgan. Darvoqe, «Asosiy» piktogrammasi Always On Display («doimo yoqilgan ekran») texnologiyasi sharofati bilan hatto qulflangan displeyda ham ko‘rinib turadi va undan smartfonni yoqishda foydalanish mumkin (ikki marta urib qo‘yish orqali).

Tovush balandligi chap yonga joylashtirilgan alohida tugmachalar bilan boshqariladi. Ular bilan bir qatorda ikkita yopiq slot mavjud bo‘lib, ularning biriga faqatgina birinchi nanoSIM joylashtirish mumkin bo‘lsa, ikkinchisi – ikkinchi nanoSIM va microSD xotira kartasi uchun.

Yoqish/bloklash tugmachasi o‘ng yonda «multimediya» karnayi bilan bir safga joylashtirilgan. Karnay panjarasini endilikda smartfonni albom yoki portret holida tutganda ham qo‘llar bilan bekitish qiyin.

Smartfon quyisida microUSB tuynugi hamda audio garnituralar 3.5 mm hajmli audiotirqish mavjud.

Yuqori qismi esa bo‘sh.

Metall orqa panel relefli Samsung logotipi bilan bezatilgan. Asosiy va yordamchi kameralar hamda barmoq izi skaneri yagona blokda vertikal holatda joylashtirilgan. Barmoq bir oz kichik ko‘ringan daktiloskopik skanerning ovalsimon maydonchasini tezda topib oladi. Foto-moduldan o‘ngroqqa esa yorug‘lik diodli chaqnoq o‘rnatilgan.

Galaxy A6+ smartfonini bir qo‘lda boshqarish uchun sozlamalarda maxsus buyruqlarni bajarish ko‘zda tutilgan.

Ekran

Galaxy A6+ «aqlli» telefonining asosiy o‘ziga xosliklaridan biri - uning 6 dyuymli Super AMOLED-matritsasi asosida tayyorlangan tomonlar proporsiyasi 18.5:9 bo‘lgan «chegarasiz» ekranidir. Aniqligi Full HD+ (2220x1080 piksel) bo‘lgan holatda bir dyuymda piksellar zichligi 411 ppi`ga yetadi.

Ekran sozlamalari yorug‘likni avtomat boshqarish, ekran va yozuv kattaligini va uslubini o‘zgartirish kabilarni o‘z ichiga oladi. Displeyi multitachni qo‘llab-quvvatlaydi va bir vaqtning o‘zida o‘ntagacha barmoq teginishini sezishini AntTuTu Tester test natijalari ham tasdiqladi.

Ko‘z charchashiga barham beruvchi moviy yorug‘lik filtrini kechki vaqtlarda jadval bo‘yicha yoqish taklif etiladi. Ekran «Asosiy», «Foto AMOLED», «Film AMOLED» va «Sodda displey» rejimlariga sozlanadi. Bunda «Sodda displey» rejimida uchta asosiy rang muvozanatini sozlash ko‘zda tutilgan.

Yuqoridagi texnologiyalar sharofati bilan smarftonni yoqmagan holda sana, vaqt, quvvat miqdori, xabarnomalar mavjudligi va boshqalarni bilish mumkin. Always On Display faollashtirilganda ekranga chiqariladigan ma’lumotlar turini va hattoki soatlar ko‘rinishini tanlash tavsiya etiladi. 2.5D effektli himoya shishasi sifatli olefob qoplamaga ega bo‘lib, yog‘, qo‘l izlari oson ketadi.

Kameralar

Qayd etish joizki, Galaxy A6+ smartfonining eng asosida ustunliklaridan biri, bu – 24 megapikselli old kamerasidir. Ushbu foto modul 5664x4248 pikselli (24 MP, 4:3) yuqori sifatli avtoportretlar olishga imkon beradi. Bunda f/1.9 apertura, keng burchakli ob’yektiv «jonli fokus» (orqa fonni xiralashtirish) xususiyatiga ega. Yetarlicha yoritilmagan sharoitda yorug‘lik darajasini boshqarish mumkin bo‘lgan (yorug‘likning uch darajasi mavjud) chaqnoqdan foydalanish tavsiya etiladi. HDR rejimi uchun darhol «Avto» opsiyasini yoqqan ma’qul.

Orqa foto modul oddiy yorug‘lik diodli chaqnoqdan tashqari 16 megapikselli (f/1.7 aperturali) asosiy va 5 megapikselli (f/1.9 aperturali) yordamchi kamerani o‘z ichiga oladi. Yordamchi kamera, masalan, «jonli fokus» rejimida orqa foni effektli tasvirlarni olish, fonning xiralik darajasini o‘zgartirishga imkon beradi. Fokuslashni tezkor fazaviy yo‘l bilan amalga oshirish mumkin. HDR rejimi esa umumiy sozlamalarga kiritilgan. Eng yuqori sifatli surat tomonlar mutanosibligi 4:3 sharoitida 4608x3456 pikselni (16 MP, 4:3) tashkil etadi.

Har ikki kamera uchun eng yaxshi sifatdagi video — Full HD (1920x1080 piksel, 16:9) bo‘lib, har soniyada kadrlar soni 30 tani tashkil etadi (30 fps). Barcha tasvirlar MP4 (AVC — video, AAC – tovush) fayl-konteynerlariga yig‘iladi.

«Kamera» ilovasi interfeysi Galaxy smartfonlari uchun xos shaklda ishlab chiqilgan. Asosiy boshqaruv tushmachalari asosiy ekranning pastki qismiga joylashtirilgan bo‘lib, jumladan chaqnoq sozlamalari, «Bixby kamera», «Jonli fokus» rejimlari va stikerlar paneli kabilarni o‘z ichiga oladi. Ekranni chapga surish bilan filtrlar panelini, o‘ngga surish orqali esa tasvir rejimlari menyusini ochish mumkin. Ekranga urib qo‘yilsa, foto yoki video yorug‘lik darajasini sozlash paneli paydo bo‘ladi. Ekranga teginib, ushlab turish orqali urilgan nuqtada fokus va ekspozitsiyani qayd etish mumkin. Yong tomondagi mexanik yoqib/o‘chirish tugmachasi ikki marta bosilsa, «Kamera» ilovasi ishga tushiriladi.

Old kamera nafaqat oddiy, balki keng formatli avtoportretlarni tasvirga olishni «o‘rgandi». «Selfi-fokus» rejimi tasvirning orqa fonini xiralashtirisha yordam beradi. Old kamerada tasvirga olishda teri rangini o‘zgartirish, yuzni ingichkalashtirish, ko‘zlarni kattalashtirish kabi «kosmetika» vositalaridan tashqari, «rang» va «silliqlash» kabi «go‘zallashtirish» jarayonlarini sozlash mumkin.

Eslatib o‘tamiz, «Bixby kameralar» yordamida, masalan, biror buyumni tasvirga olib, internetdagi o‘xshash mahsulotlarni izlash mumkin.

Samaradorligi

Galaxy A6+ smartfoni 64 razryadli Qualcomm Snapdragon 450 (SDM450) bilan ta’minlangan. U 1,8 GGs gacha chastotada ishlovchi 8 yadroli ARM Cortex-A53 hamda Adreno 506 (API Vulkan va DirectX 12) tasvir tezlatkichi bilan birgalikda ishlaydi. Ichiga o‘rnatilgan X9 LTE-modemi ma’lumotlarning 300/150 Mbit/s gacha (Cat. 7/Cat. 13) tezlikda uzatilishini ta’minlaydi. Tezkor xotira hajmi 3 GBni tashkil etadi.

AnTuTu benchmarkida Samsung Galaxy A6+ sinovi natijalari

GeekBench benchmarkida Samsung Galaxy A6+ sinovi natijalari

3DMark benchmarkida Samsung Galaxy A6+ sinovi natijalari

Yuqorida asosiy sinovlar natijalari keltirib o‘tilgan. Ko‘rinib turibdiki, Galaxy A6+ smartfonida «og‘ir» o‘yinlarning yuklanishini kutishga hojat qolmaydi. Darvoqe, o‘yin jarayoni qulay bo‘lishi uchun dasturchilar smartfonga avval qimmatbaho uskunalarda qo‘llanilgan Game Launcher ilovasini kiritishgan.

Doimiy ichki xotira 32 GB bo‘lib (uning 24,2 GBga yaqinidan foydalanish mumkin), 256 GBgacha hajmli microSD/HC/XC xotira kartasi bilan kengaytirish mumkin. Qayd etilganidek, uni joylashtirish uchun alohida bo‘lma mavjud va bir vaqtning o‘zida ikkita nanoSIM-karta ham joylashadi. Bundan tashqari, USB-OTG texnologiyasi yordamida Galaxy A6+ smartfoniga oddiy fleshkalarni ulash mumkin.

NFC interfeysidan aloqasiz to‘lovlar (Samsung Pay, Google Pay) amalga oshiriladi. Joylashuv o‘rnini aniqlash va navigatsiya uchun GPS, BDS va GLONASS sun’iy yo‘ldosh tizimlaridan foydalanish mumkin.

 Avtonomlik (quvvat)

Galaxy A6+ akkumulyatori avvalgi A sinfiga mansub Galaxy A8+ modelidagi kabi o‘zgarishsiz qoldi — 3 500 mA*ch. Shtat quvvatlash uskunasi (5 V/1,55 A) yordamida batareyani to‘liq quvvatlashga ikki soatdan ziyodroq vaqt ketadi. Tezkor quvvatlash texnologiyasi qo‘llanilmagan.

Galaxy A6+ smartfoni AnTuTu Tester sinov dasturining energosamaradorlik testida 10 768 ball to‘pladi. Ishlab chiqaruvchi ma’lumotlariga ko‘ra, bir marta quvvatlash bilan 3G tarmog‘ida 21 soat suhbatlashsa bo‘ladi. Shuningdek, internetda (3G/LTE/Wi-Fi tarmoqlarida) mos ravishda 13/14/15 soat ishlash, 60 soatgacha musiqa tinglash hamda 18 soatgacha video tomosha qilish mumkin. Bunda MP4 formatdagi Full HD sifatli videoroliklarni tomosha qilishda to‘liq quvvatlangan akkumulyator kuchi har soatda taxminan 8 foizga kamaygan (sinov 7 soat davom etdi). Bunday avtonomlik asosida, shubhasiz, Super AMOLED-ekran va kam quvvat talab qiluvchi protsessor yotadi.

Avtonom ishlash vaqtini o‘rtacha va eng yuqori energiya tejash rejimlaridan birini tanlash orqali uzaytirish mumkin.

Xulosalar

Galaxy A6+ avtoportret ishqibozlari uchun maqbul smartfon. 24 MPlik old kamera bilan birga sifatli tovushi (Dolby Atmos) bilan ham ajralib turadi. Metall korpus, NFC interfeysi va 5-GGs diapazonli Wi-Fi`ni qo‘llab-quvvatlashi, microSD karta uchun alohida bo‘lmachaning mavjudligi ham uning ustunligini ta’minlaydi.

Smartfon kamchiliklari qatorida o‘z sigmentidagi modellarga nisbatan pastroq samaradorlikka egaligi hamda suv va changdan himoya sertifikatining yo‘qligini aytib o‘tish mumkin.

Yutuqlari:

  • Metall korpus
  • Yorqin Super AMOLED-ekran
  • 24-MP old kamera va chaqnoq
  • Sifatli tovush (Dolby Atmos, Bluetooth-kodeki aptX va LDAC)
  • NFC interfeysi va 5-GGs diapazonli Wi-Fi
  • microSD kartasini o‘rnatish uchun alohida bo‘lma

Kamchiliklari:

  • Narx
  • Uncha baland bo‘lmagan samaradorlik
  • Korpusida chang va namdan himoyaning yo‘qligi
Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.