Samsung Galaxy M32 5G taqdim qilindi: Dimensity 720 va 48MP to‘rtta kamera

Samsung Galaxy M32 5G taqdim qilindi: Dimensity 720 va 48MP to‘rtta kamera

Samsung kompaniyasi Helio G80 platformasida ishlovchi Galaxy M32 smartfonini iyunda taqdim qilgan edi. Bugun esa mazkur qurilmaning 5G talqini — Galaxy M32 5G smartfoni namoyish qilindi.

O‘QING: Samsung Galaxy Z Fold3 5G'ning texnik jihatlari hamda qadoq tarkibi bilan tanishamiz

Galaxy M32 4G'dan farqli o‘laroq, Galaxy M32 5G qurilmasi Dimensity 720 chipseti bilan jihozlangan. Smartfon 6/128GB va 8/128GB xotira konfiguratsiyalariga ega bo‘lib, microSD karta orqali 1TBgacha tashqi xotira ham qo‘llab-quvvatlanadi.

Dasturiy ta’minotga kelsak, Galaxy M32 5G Android 11 bazasidagi One UI 3.1 qobig‘ida ishlaydi. Samsung smartfonni ikki yil dastur yangilanishi bilan ta’minlashga va’da bermoqda. Smartfonda Knox Security himoyasi va Alt Z rejimi ham bor. Alt Z rejimi yordamida yon tomon tugmasini bosish bilan asosiy va maxfiy rejimlarga o‘tish mumkin.

Galaxy M32 5G qurilmasi 6,5 dyuymli HD+ Infinity-V displeyi bilan jihozlangan. Qiyos uchun, Galaxy M32 LTE'ning ekrani 90Hz FullHD+ edi. Ekranda 13MP selfi kamera uchun tirqish bo‘lib, orqada to‘rtta: 48MP asosiy, 8MP ultrakeng, 5MP makro va 2MP sath kameralari joylashgan.

Smartfonni 5,000 mAs sig‘imli, 15 vattda zaryad oluvchi akkumulyator quvvat bilan ta’minlab turadi. Yana taqqoslasak, Galaxy M32'ning Hindiston uchun chiqarilgan versiyasida bu ko‘rsatkich 6,000 mAs edi. Xalqaro bozor uchun chiqarilgani esa 5,000 mAs sig‘imli edi.

Galaxy M32 5G'ning qolgan asosiy jihatlari qatoriga yon tomon barmoq izi skaneri, 12 ta 5G palosalari qo‘llab-quvvatlanishi va ikki xil korpus rangi — Slate Black va Sky Blue'lar kiradi.

Samsung Galaxy M32 5G sizga tanish ko‘rinishi mumkin, sababi qurilma yanvarda taqdim qilingan Galaxy A32 5G'ning ribrending qilingan talqinidan boshqa narsa emas.

Qurilmaning 6GB/128GB varianti 280 AQSh dollari, 8GB/128GB talqini esa 310 AQSh dollari narxida sotiladi.

Galaxy M32 5G 2 sentyabrdan boshlab Samsung'ning rasmiy veb-sayti va Amazon.in saytlari orqali Hindistonda sotila boshlaydi. Qurilmaning boshqa bozorlarda mavjud bo‘lishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

O‘QING: Hamyonbop Galaxy smartfoniga avgust oyi yangilanishi keldi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!