Samsung Galaxy M52 5G taqdim qilindi

Samsung Galaxy M52 5G taqdim qilindi

Samsung ortiqcha e’lonlarsiz o‘zining eng so‘nggi Galaxy M52 5G smartfonini Polshada taqdim qildi. Qurilma bir necha kundan so‘ng, ya’ni 28 sentyabrda Hindiston bozori uchun namoyish qilinadi.

O‘QING: Samsung Galaxy S22 Ultra'ning renderlari e’lon qilindi!

Smartfon Samsung Polsha vebsaytida to‘liq texnik jihatlari bilan paydo bo‘ldi, lekin qurilma narxi hali ochiqlanmagan.

Galaxy M52 5G 6,7 dyuym diagonalli FHD+ aniqlikdagi Super AMOLED Plus displeyi va aylanasimon tirqish kamera ichida 32MP selfi kamera bilan jihozlangan. Ravon animatsiyalar uchun ekran paneli 120Hz yangilanish chastotasiga ega. Yon tomondagi quvvat tugmasiga barmoq izi skaneri birlashtirilgan.

Orqa panelda esa 64MP asosiy, 12MP ultrakeng va 5MP makro kameralar joylangan. Qualcomm'ning Snapdragon 778G 5G protsessoriga 6GB tezkor, 128GB doimiy xotira hamroh qilingan.

5,000 mAs sig‘imli katta akkumulyator esa 25 vattda tezkor quvvat oladi, ammo qurilmani sotib olganingizda, qadoq ichida bu nominaldagi adapter bo‘lmaydi. Dasturiy ta’minotga to‘xtalsak, Android 11 asosidagi One UI 3.1 qobig‘i mavjud.

Galaxy M52 5G qora, ko‘k va oq ranglarda sotiladi. Narxi esa 450 dollar bo‘lishi haqida norasmiy xabarlar yuribdi.

O‘QING: Samsung uchta Galaxy smartfoniga dastur yangilanishini jo‘natmoqda