Samsung Galaxy Note 8'ning ilg‘or jihatini ma’lum qildi

Samsung Galaxy Note 8'ning ilg‘or jihatini ma’lum qildi

Samsung kompaniyasi shu oyda taqdim qilinadigan Galaxy Note 8 flagmani nisbatan ilg‘or multimedia imkoniyatlariga ega bo‘lishini ma’lum qildi.

«Galaxy Note turkumi dastlab 2011 yilda taqdim qilingan bo‘lib, raqiblaridan qator multimedia funksiyalari, jumladan yirik formatli displey hamda smartfonga mo‘ljallangan ilk "S Pen" qalamchasi bilan ajralib turgan. Galaxy Note 8 esa "ajdodlari"ga qaraganda yanada ilg‘or va multimedia imkoniyatlariga boy bo‘ladi», - deyiladi kompaniyaning ma’lumotida.

Shuningdek, kompaniyaning Avstraliyadagi bo‘linmasi o‘zining internet sahifasida fablet savdosiga oid hujjatni ham e’lon qilgan. Unga ko‘ra, gadjetga 25 avgustdan boshlab avvaldan buyurtma olinadi. 

Hozircha kompaniya bu imkoniyatlar haqida to‘liq ma’lumot bermagan.

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Samsung Galaxy Note 8 yirik -- diagonali 6,3 dyuym bo‘lgan Infinity Display ekraniga ega bo‘ladi. Uning tomonlar nisbati Galaxy S8 kabi, 18.5:9 o‘lchamli va  piksellar sig‘imi Quad HD+ (2960 x 1440 pikselli) bo‘ladi. 

Shuningdek,  fabletga Qualcomm Snapdragon 835 yoki nisbatan ilg‘or Snapdragon 836 (balki firmaning Exynos 8895) protsessori, 6 GB "operativ" xotira hamda 256 gigabaytgacha bo‘lgan doimiy xotira o‘rnatiladi.

Galaxy Note 8 Samsung smartfonlari orasida 2 ta modulli bosh kameraga ega bo‘ladigan ilk mobil aloqa vositasi bo‘ladi. Insayderlarning yozishlaricha, bu modullarning biri 12 megapikselli keng burchak ostida, boshqasi 13 megapikselli telefoto-modul vazifasini bajaruvchi bo‘ladi. Shuningdek, bosh kamera ob’yektni 3 karralik yaqinlashtirish (iPhone 7 Plus kabi) funksiyasiga ega bo‘ladi. Akkumulyatorning elektr toki sig‘imi 3300 mA soat bo‘lishi kutilmoqda. Samsung Galaxy Note 8 Android 7.1.1 Nougat tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi.

Galaxy Note 8'ning 23 avgust kuni Nyu-Yorkdagi press-konferensiyada rasman taqdim qilinishi kutilmoqda. Uning sentyabrdan boshlab sotilishi aytilmoqda. Hozircha narx masalasida aniq ma’lumot yo‘q. Biroq, fabletning Samsung smartfonlari orasida eng qimmati bo‘lishi xabar qilinmoqda. Unga ko‘ra, Galaxy Note 8'ning bahosi Koreyaning o‘zida 1000 dollardan oshadi va jahon bozoriga 1100 dollardan sotiladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.