Samsung Galaxy Note20'larga yangicha protsessor o‘rnatiladi

Samsung Galaxy Note20'larga yangicha protsessor o‘rnatiladi

Ishonchli manbalardan birining xabar berishicha, Samsung o‘zining Exynos 990 chipini takomillashtirish ustida ishlamoqda. Bu bilan kompaniya o‘z protsessorini Snapdragon 865 bilan teng darajaga yetkazmoqchi. Yangi versiya SoC Galaxy Note20 oilasi smartfonlariga qo‘yiladi.

Agar hammasi rejadagidek ketsa, Samsung flagman Galaxy Note20 modellarini avgust oyida taqdim qiladi. Yuqori toifa smartfonlariga Samsung'ning 6 nanometrli jarayon asosiga qurilgan Exynos 992 chipi o‘rnatiladi. Bu protsessor Exynos 990'ning yangilangan talqini bo‘ladi.

Janubiy Koreya, AQSh va Xitoydan boshqa bozorlarda sotilayotgan Galaxy S20 modellariga Exynos 990 chipi o‘rnatilgan. Exynos'li bu qurilmalar Snapdragon'da ishlovchi talqinlarga qaraganda ko‘p quvvat sarflashi ma’lum bo‘lgach, foydalanuvchilar tomonidan ancha tanqidga uchragan edi. Katta yuklama ostida Exynos'da ishlovchi Galaxy S20 va S20+ lar qizib ketadi.

Ammo yangi Exynos 992'ning tuzilmaviy arxitekturasi takomillashgan bo‘ladi, bu esa o‘z navbatida Snapdragon 865'dan ko‘ra yaxshiroq natija va kamroq energiya sarfini kafolatlaydi. Janubiy Koreyaning o‘zida sotiluvchi Galaxy Note20 modellari ham aynan Exynos 992 chipida ishlashi mumkin.

Qualcomm kompaniyasi Snapdragon 865+ protsessorini yaratayotgan bo‘lishi ehtimoli bor. Ayana mana shu omil Samsung'ning Exynos 992'ni yaratishiga turtki bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Aks holda Galaxy Note20'larning Snapdragon va Exynos'da ishlovchi variantlari o‘rtasidagi tafovut yanada kengayib ketadi.

O‘QING: Samsung to‘satdan Galaxy Note 20’ni o‘z saytiga chiqarib qo‘ydi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!