Samsung Galaxy Note 20'ning akkumulyator sig‘imi qancha bo‘lishi ma’lum qilindi

Samsung Galaxy Note 20'ning akkumulyator sig‘imi qancha bo‘lishi ma’lum qilindi

O‘tgan yili taqdim qilingan Samsung Galaxy Note10 smartfoni 3 500 mA/soat sig‘imli akkumulyatorga ega edi. Galaxy Club'da xabar berilishicha, bu yil chiqishi rejalangan Galaxy Note20'ga esa kattaroq akkumulyator qo‘yiladi.

Nemis blogida yozishlaricha, Galaxy Note20 akkumulyatori model kodi EB-BN980ABY bo‘lib, 3 880 mA/soat nominal sig‘imga ega bo‘ladi. Bu esa amaliy jihatdan 4 000 mA/soat atrofidagi sig‘im deganidir. Galaxy S20'ga ham xuddi shunday akkumulyator qo‘yilgan.

Galaxy Note20'ning o‘ziga katta akkumulyator qo‘yilayotgan bo‘lsa, demak, Note20+ undan ham katta sig‘imli — Galaxy S20+ kabi 4 500 mA/soat yoki S20 Ultra kabi 5 000 mA/soat — bo‘ladi.

Ayni damda Note20 seriyasi haqida juda kam ma’lumot bor. Lekin o‘tgan oy Note20+ 5G Geekbench'da sinovdan o‘tkazilgan va bir necha jihatlari oshkor bo‘lgandi. Bular jumlasiga Android 10, 8GB tezkor xotira va Snapdragon 865+ bo‘lishi mumkin bo‘lgan chip kiradi.

Yangi Note'lar pandemiyaga qaramay avgust oyida taqdim qilinishi aytilmoqda, ammo hozirgi vaziyat o‘nglanmasa, Samsung ham boshqalar kabi onlayn taqdimot o‘tkazishi mumkin.

O‘QING: Samsung Galaxy Note 20 haqidagi yangi xabarlar bilan tanishing

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!