Samsung Galaxy qurilmalaridan fayllarni chop etish yanada qulaylashdi

Samsung Galaxy qurilmalaridan fayllarni chop etish yanada qulaylashdi

Samsung kompaniyasining yangilangan Print Service ilovasi endilikda Mopria Print Library xizmatini qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘ldi. Endi Samsung Galaxy seriyasidagi gadjetlar egalari turli fayllarni bevosita qurilmadan har xil markadagi (taxminan 88 million) printerlardan chop etishlari mumkin. Hatto buning uchun foydalanuvchilardan tashqi dastur va drayverlarni yuklash talab etilmaydi.

Foydalanuvchilar hujjatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron pochta, galereya yoki brauzerdan bosib chiqarishlari mumkin. Avvalroq materiallarni qurilmadan chop etish uchun har bitta muayyan ishlab chiqaruvchiga mo‘ljallangan tashqi ilovalarni yuklab olish so‘ralardi.

4PDA nashrining yozishicha, Samsung Print Service ilovasining yangilangan versiyasi so‘nggi proshivka yangilanishi bilan avtomatik tarzda Galaxy S4, S5, S6 va S7 modellariga yuklangan. Qolgan Galaxy turkumidagi gadjetlar foydalanuvchilari esa ilovaning oxirgi versiyasini Google Play’dan yuklab olishlari yoki yangilashlari mumkin. Ilovani qo‘llab-quvvatlash uchun qurilmaning dastur proshivkasi Android 4.4 KitKat versiyasidan eski bo‘lmasligi kerak.