Samsung Galaxy S21, S21+ va S21 Ultra'larni o‘ta sifatli renderlarda ko‘ramiz!

Samsung Galaxy S21, S21+ va S21 Ultra'larni o‘ta sifatli renderlarda ko‘ramiz!

Samsung'ning «Galaxy Unpacked» marosimiga ham bir oycha vaqt qoldi. Kelasi yil 14-yanvarda koreyalik texnogigantdan kamida Galaxy S21, S21+ va S21 Ultra'larni kutib qolamiz.

Taqdimot yaqinlashib kelishi bilan qurilmalar haqida ko‘plab ma’lumotlar sizdirilmoqda. Bir necha soat oldin smartfonlarning hajmini ko‘rsatuvchi «jonli» suratlar e’lon qilingani haqida xabar bergan edik, endi esa flagmanlarning bir qator sifatli renderlari sizdirildi.

Sizga taqdim qilinayotgan quyidagi tasvirlar LetGoDigital tomonidan qabul qilingan ichki ma’lumotlar asosida yaratilgan bo‘lib, anchayin ishonchli.

Ushbu maqolada Galaxy S21'lar haqida hozirgacha ma’lum bo‘lgan ma’lumotalarni xulosalab keltiramiz.

Samsung Galaxy S21 Ultra
Samsung Galaxy S21 Ultra modelining S21+ va S21'lardan bir necha asosiy farqi bor. Smartfon kamerasi moduliga to‘rtta kamera, LED chirog‘i va yangicha ISOCell Vizion 3D ToF datchigi joylashtirilgan.

Kameralar 108MP HM3 datchigi bo‘lishi va ulardagi yorug‘likka sezgirlik 12% yuqoriroq bo‘lishi kutilmoqda. Ultrakeng kamera 12MP bo‘lishi, ikkita zum kamera esa 10MP rezolyutsiyaga ega bo‘lishi kutilayotir. Old tomonda esa selfilar uchun 40MP kamera qo‘yiladi.

Galaxy S21 Ultra ekrani 6.8 dyuym diagonalga ega bo‘ladi. Qiyos uchun, S20 Ultra'ning ekrani 6.9 dyuymlik edi. Displeyning yon tomonlari biroz qayrilgan bo‘ladi.

Ekran 120Hz'gacha bo‘lgan adaptiv (moslashuvchan) yangilanish chastotasiga ega bo‘ladi. Mish-mishlarga qaraganda, Samsung va nihoyat 1440p va 120Hz'larni teng tanlash imkonini taqdim qiladi.

Global bozorda sotuvga chiqqan S21 Ultra'ga Exynos 2100 qo‘yilgan bo‘ladi, agar smartfonni Janubiy Koreya, Xitoy yoki AQShdan sotib olsangiz, qurilmangiz Snapdragon 888 chipsetida ishlaydi. Har ikki versiya smartfon 5G'ni qo‘llab-quvvatlaydi. Xotira sig‘imi esa ikki xil — 12/128GB va 16/512GB bo‘ladi.

Akkumulyator sig‘imi esa S20 Ultra'niki bilan bir xil — 5,000 mAs bo‘lishi, qurilma 25 Vt da tezkor quvvatlanishi aytilmoqda.

Samsung Galaxy S21 Ultra ikki xil rangda bo‘ladi: Phantom Black va Phantom Silver.

Samsung Galaxy S21+
S21+ ga metal rom o‘rnatiladi, lekin orqa panel, xuddi Galaxy Note20'dagi kabi, plastikdan ishlangan bo‘ladi. Orqa kamera moduli ichida 3 ta kamera: bir juft 12MP asosiy va ultrakeng va uch karra gibrid zum uchun bitta 64MP kamera bo‘ladi. LED chirog‘i kamera modulidan tashqarida joylashgan.

Ekran 6.7 dyuym diagonallik, 1080p rezolyutsiyali AMOLED panel bo‘ladi. Yangilanish chastotasi barqaror 120Hz, ekran esa qayrilmagan bo‘ladi.

Akkumulyator sig‘imi esa 4,500 mAs lik S20+ nikidan kattaroq — 4,800 mAs bo‘ladi. Ushbu modelda ham 25 Vt da tezkor quvvatlana oladi. Chipset esa Exynos 2100 yoki Snapdragon 888 bo‘ladi, 5G bor.

Samsung Galaxy S21+ smartfoni Phantom Black, Phantom Silver va Phantom Violet ranglarida bo‘ladi.

Samsung Galaxy S21
Galaxy S21 flagmani eng ko‘p — Phantom Gray, Phantom White, Phantom Violet va Phantom Pink ranglarida bo‘ladi. Ushbu modelda ham S21+ dagi kameralar bo‘ladi. Orqa panel plastikdan ishlanadi; ekran qayrilmagan, 1080p rezolyutsiyali va barqaror 120Hz chastotali bo‘ladi.

Galaxy S21'ning operativ xotirasi 8GBdan boshlanadi.

O‘QING: Xiaomi Mi 11 Pro ilk suratda: dizayni Xiaomi Mi 11’dan mutlaqo farqli!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.