Samsung Galaxy S21 Ultra qo‘shimcha bir komponentga ega bo‘lishi aytildi

Samsung Galaxy S21 Ultra qo‘shimcha bir komponentga ega bo‘lishi aytildi

Taniqli insayder Ice Universe anchadan buyon Samsung qurilmalari haqida ishonchli ma’lumotlarni sizdirib keladi. Insayderning Twitter tarmog‘i orqali ma’lum qilishicha, Samsung Galaxy S21 Ultra smartfoni xuddi Galaxy Note'larda bo‘lgani kabi S Pen stilusiga ega bo‘ladi.

S Pen ruchkalari Galaxy S21 Ultra qadog‘i tarkibida bo‘lishi haqida ilgari ham xabarlar tarqalgan edi. Oldingi xabarlarda, shuningdek, buklamafonlar ekrani Samsung stiluslarini qo‘llab-quvvatlash darajasida mustahkam bo‘lishi bilan Galaxy Note lineykasi o‘rnini keyingi avlod Z Fold'lar egallashi aytilgan.

Aslini olib qaraganda, Galaxy S va Note seriyalari o‘rtasidagi o‘xshashliklar ko‘payib borayotgani allaqachon sezilmoqda. Bunga S20 Ultra va Note 20 Ultra'larni misol qilib keltirish mumkin. Aftidan, koreyalik smartfonsoz ikkala seriyani birlashtirib, Galaxy Note'lardan voz kechadigan ko‘rinadi. S21 modellari kelasi yil 14-yanvarda taqdim qilinishi kutilmoqda. Bu ushbu lineyka tarixidagi eng erta taqdimot sanasi hisoblanadi.

S21 Ultra haqida sizdirilgan eng so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yangi model 120Hz'da yangilanuvchi 1440p rezolyusiyali LTPO AMOLED ekranga ega bo‘ladi. S21 Ultra'ga, shuningdek, Samsung'ning yangi 108 megapiksellik HM3 datchigi o‘rnatilishi kutilmoqda. Ushbu datchikning yorug‘likka sezgirlik darajasi 12% yuqoriroq bo‘ladi.

Yana taxminlarga ko‘ra, yangi S21 smartfonlari xuddi iPhone 12 seriyasi kabi quvvatlagichsiz sotilishi mumkin. Boshqa mish-mishlarga ko‘ra esa, Samsung flagmanlar qadog‘i tarkibiga Galaxy Buds Beyond deb nomlanuvchi simsiz original quloqchinlarni ham solishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, hozirga qadar saytimizda Samsung Galaxy S21 modellarining sifatli rasmlari, smartfondagi kamera joylashuvni ko‘rsatuvchi surat va seriya tarkibidagi har uchala model o‘rtasidagi o‘xshash hamda farqli jihatlar haqida ma’lumot berganmiz.

O‘QING: Samsung’ning bu smartfoni ham Mi Mix 3, ham Mi Mix Alpha’ga o‘xshaydi! (+video)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!