Samsung Galaxy S21 Ultra'ning rasmlari va batafsil texnik xususiyatlari sizdirildi

Samsung Galaxy S21 Ultra'ning rasmlari va batafsil texnik xususiyatlari sizdirildi

Samsung o‘zining navbatdagi Galaxy S21 smartfonlarini yanvar oyi o‘rtalarida taqdim qilishi kutilmoqda. Hozirga qadar smartfonlar haqida talaygina ma’lumot sizdirilgan.

Xuddi shunday, Galaxy S21 Ultra smartfonining rasmlari va batafsil texnik jihatlari haqidagi ma’lumotlar ham paydo bo‘ldi.

S21 oilasining premium vakili bo‘lgan S21 Ultra modeli ikki tusli Phantom Silver hamda qora ranglarda sotuvga chiqadi.

Smartfon ekrani 6.8 dyuym diagonalga ega bo‘ladi. Bu esa S20 Ultra'nikidan 1/10 dyuym kichikroq. Ekran, shuningdek, S20 Ultra'nikiga nisbatan yassiroq bo‘ladi. Orqa panel ham nisbatan yassiroq. Qurilmaning romi metalldan, orqa paneli esa shishadan bo‘ladi.

...

Dynamic AMOLED 2x displeyi 1440p+ rezolyutsiyaga ega. Ekran forma faktori 20:9, piksel zichligi esa 515 piksel/dyuym bo‘ladi. Samsung ushbu ekranni 120Hz yangilanish chastotasi bilan jihozlagan, biroq moslashuvchan chastotasi sababli displey quvvatni o‘ta samarali sarflaydi. Bundan tashqari, ekran o‘ta darajada yorqin bo‘ladi. Maksimal yorqinlik 1,600 nitga teng. Old panelni Gorilla Glass Victus shishasi himoylab turadi.

Kamera bo‘rtmasi S21 smartfonlarining o‘ziga xos dizayn elementi hisoblanadi. S21 Ultra eng yaxshi kameralar bilan jihozlanadi. Smartfonga 4 ta, jumladan, yaxshilangan 108MP 1/1.33" kamera qo‘yiladi. 3D ToF datchikli S20 Ultra'dan farqli ravishda, S21 Ultra lazerli avtofokusdan foydalanadi. Ikkinchi kamera esa 12MP rezolyutsiyali ultrakeng burchakli linza bo‘ladi. Ultrakeng kamera 1.4 µm piksel, fazani aniqlovchi avtofokus va 120° ko‘rish maydoniga ega bo‘ladi.

Qolgan ikki kamera esa telefoto kamera hisoblanadi. Ularning biri 10x buklangan periskop (240 mm ga teng 10° ko‘rish maydoni, f/2.4 apertura), ikkinchisi esa an’anaviy 2x kamera (35° ko‘rish maydoni, f/2.4 apertura) bo‘ladi. Har ikki kamera ham 10MP linzadan (1/3.24", 1.22 µm piksel) foydalandi. Fokus uzunliklari o‘rtasidagi almashinish gibrid zum sababli silliq kechadi.

Selfi kamera 40MP 1/2.8" datchik (0.7 µm piksel) va avtofokusli 80° linzaga ega bo‘ladi. Video yozuv borasida, orqa kamera soniyasiga 30 ta kadrli 8K, soniyasiga 60 ta kadrli 4K va soniyasiga 240 ta kadrli 1080p videolar yoza oladi.

Ba’zi mintaqalar uchun chiqarilgan Galaxy S21 Ultra smartfoniga Exynos 2100 chipseti o‘rnatiladi. Asosiy protsessor 1 ta 2.9GHz chastotali asosiy, 3 ta 2.8GHz chastotali yuqori darajada unumdor va 4 ta 2.4GHz chastotali kichik yadrolarga ega bo‘ladi.

S21 seriyasi yanvar o‘rtalarida taqdim qilinishi kutilmoqda. Samsung o‘zining Exynos 2100 chipsetini 12-yanvar kuni, ya’ni smartfonlar taqdimotidan ikki kun oldin namoyish qilishni rejalagan. S21 Ultra, shuningdek, S Pen stilusini ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Smartfon qadog‘i tarkibiga kelsak, USB kabeldan boshqa narsani qadoq ichidan topmaysiz. 5,000 mAs akkumulyatorga ega flagman 45 Vt da tezkor quvvatlanadi, biroq quvvatlagich adapterni alohida sotib olishingizga to‘g‘ri keladi. AKG quloqchinlardan ham umid uzavering.

Yevropada S21 Ultra 1,400 yevro atrofida sotuvga chiqadi. Xotirasi esa 12GB tezkor, 128/256/512GB doimiy xotira bo‘ladi. microSD karta sloti ham bo‘lmasligi aytilmoqda.

Darvoqe, saytimizda siz Galaxy S21 smartfonlarining sifatli renderlari bilan tanishishingiz, uchala model hajmini ko‘rsatuvchi «jonli» surat bilan tanishishingiz, uchala model uchun chiqarilgan rasmiy videoni ko‘rishingiz, Geekbench sinovi natijalari bilan tanishishingiz, smartfonlar narxini bilishingiz, flagmanlarni qulfdan chiqarishning kutilmagan usuli haqida o‘qishingiz va modellar haqidagi barcha asosiy ma’lumotlar bilan bitta sahifada tanishishingiz mumkin.

O‘QING: Exynos 2100 protsessorli Galaxy S21+ hamda S21 Ultra flagmanlarini Geekbench’da taqqoslab ko‘rsatishdi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!