Samsung Galaxy S21'larning aniq taqdimot sanasini aytishdi!

Samsung Galaxy S21'larning aniq taqdimot sanasini aytishdi!

Janubiy koreyalik texnogigant odatda o‘zining flagman smartfonlarini fevralda namoyish qilishiga o‘rganib qolganmiz. Lekin Galaxy S21 turkumiga kelib, Samsung bu boradagi taktikasini o‘zgartirmoqchi. Bu haqida ilgari ham xabar bergan edik.

Endi esa, Twitter informatorlaridan biri Jon Prosserning xabar berishicha, Samsung o‘zining navbatdagi S21 lineykasini 2021-yil 14-yanvarda taqdim qilmoqchi. Jon bundan oldin iPhone 12 smartfonlari taqdimot sanasi haqida ham oldindan aniq ma’lumot bergandi. Umuman olganda, ushbu insayder bir necha marta muhim ma’lumotlarni sizdirgan va ular to‘g‘ri bo‘lib chiqqan.

Demak, 14-yanvarda flagmanlarning kalendar yilidagi eng erta taqdimoti bo‘ladi. Tvitda yana ma’lum qilinishicha, oldindan buyurtmalar ayni taqdimot kunidan, savdolar esa ikki haftadan so‘ng, ya’ni 29-yanvardan boshlanadi.

Informatorga ko‘ra, S21 lineykasi tarkibida uchta: Galaxy S21, Galaxy S21+ va Galaxy S21 Ultra modellari bo‘ladi. Uchala qurilma jami olti rangda sotuvga chiqadi. Samsung Galaxy S21 modeli kulrang, pushti, binafsharang va oq ranglarda, S21+ esa qora yoki kumushranglardan birida, Ultra bo‘lsa qora, kumushrang va binafsharang ko‘rinishda sotuvda mavjud bo‘ladi.

Jon yana S21'lar qaysi davlatlarda ishlab chiqarilishini ham aytib o‘tgan. Navbatdagi S flagmanlari to‘rtta davlatdagi zavodlarda ishlab chiqariladi. Bular: Braziliya, Indoneziya, Janubiy Koreya va Vetnam.

Shuningdek, saytimizdan S21'larning sifatli rasmlarini ko‘rishingiz, uchala model o‘rtasidagi farqli va o‘xshash tomonlar haqida o‘qishingiz va jonli videoda smartfonlar kamerasi joylashuvini ko‘rishingiz mumkin.

O‘QING: Galaxy Note 20'lar Samsung'ning hafsalasini pir qilmoqda