Samsung Galaxy S21'ning texnik jihatlari bilan tanishamiz

Samsung Galaxy S21'ning texnik jihatlari bilan tanishamiz

2021-yilning ilk flagmanlari ham taqdim qilindi. Ko‘pchilikka, ayniqsa, Galaxy S21 Ultra smartfoni ma’qul keldi. Quyida Galaxy S21 oilasining eng arzon vakili — standart Samsung Galaxy S21 modelining texnik jihatlari va qadoq tarkibi bilan tanishib chiqamiz.

Ketma-ket ikkinchi yil Samsung o‘zining S flagmanlarini uchta modelda taqdim qildi. Xuddi o‘tgan yilgi Galaxy S20'lar singari bu yilgi S21'lar orasida ham ikkiga bo‘linish bor. Buni taqdimot marosimida S21 va S21+ lar alohida, S21 Ultra'ning o‘zi alohida taqdim qilinganidan ham bilish mumkin. Biroq o‘tgan yildan farqli o‘laroq, standart S va S Plus modellari bilan Ultra o‘rtasidagi tafovut yanada kattalashgan.

Bunga ko‘plab misol keltirishimiz mumkin, modellar o‘rtasidagi tafovutlarning ba’zilari ahamiyatli, qolganlari esa unchalik ham e’tiborga molik emas. Mana, masalan, displeylarni olaylik. O‘tgan yilgi 1440p rezolyutsiyali ekranga ega S'lardan farqli o‘laroq, bu yilgi flagmanlar orasida faqat Ultra shuncha rezolyutsiyaga ega bo‘ldi, S21/S21+ lar esa 1080p ekran bilan jihozlandi. O‘tgan yili har uchala model ekrani ham qayirma edi, ammo hozir faqat eng qimmat Ultra'da shunday ekran bor. S20'larning uchalasi ham bir xil yuqori darajadagi chastotasiga ega displey bilan jihozlangan bo‘lsa, hozirda faqatgina S21 Ultra ilg‘or Adaptiv rejimga ega.

Xo‘sh, kamera-chi? S20 Ultra'ning kamerasi qolgan ikki sheriklarinikidan ko‘ra ancha takomillashgan edi, S21 Ultra'da ham xuddi shunday. Smartfon kamerasi yana yangi komponentlar bilan boyitildi. S21 va S21+ lar esa o‘tgan yilgi apparat ta’minoti bilan ta’minlandi xolos.

Bu hali hammasi emas. Galaxy S21'ning eng sharmandali jihati bor. Bu ham bo‘lsa, uning plastikdan ishlangan korpusidir.

Lekin modellar o‘rtasida o‘xshash jihatlar ham bor, albatta. Har uchala model ham ayni bir xil chipset, ikkinchi avlod ultratovushli barmoq izi skaneri, stereo dinamiklar hamda chang va suvdan himoyaning IP68 darajasiga ega. Smartfonlarning hech qaysinisi microSD karta slotiga ega emas.

O‘QING: Samsung Galaxy S21 va Galaxy S20 smartfonlari o‘rtasidagi farqlar bilan tanishamiz

Keling, endi, standart S21 modelining texnik tomonlari bilan tanishamiz.

Samsung Galaxy S21 5G smartfonining texnik jihatlari:

> Korpus: 151.7x71.2x7.9 mm, 169 g; old panel shishadan (Gorilla Glass Victus), orqa panel plastikdan, rom alyuminiydan ishlangan; IP68 chang va suvdan himoya (1.5 m gacha chuqurlikda 30 daqiqa).

> Displey: 6.20" Dynamic AMOLED 2x, 120Hz, HDR10+, 1300 nit (maks.), 1080x2400p rezolyutsiya, 20:9 forma faktori, 421 piksel/dyuym zichlik; Always-on display.

> Chipset: Global versiya - Exynos 2100 (5 nm): sakkiz yadroli CPU (1x2.9 GHz Cortex-X1 & 3x2.80 GHz Cortex-A78 & 4x2.2 GHz Cortex-A55), Mali-G78 MP14 GPU. AQSh/Xitoy - Qualcomm SM8350 Snapdragon 888 (5 nm): sakkiz yadroli (1x2.84 GHz Kryo 680 & 3x2.42 GHz Kryo 680 & 4x1.80 GHz Kryo 680; Adreno 660 GPU.

> Xotira: 128/8GB, 256/8GB; UFS 3.1.

> Orqa kamera: •Keng (asosiy): 12 MP, f/1.8, 26 mm, 1/1.76", 1.8µm, Dual Pixel PDAF, OIS; •Ultrakeng burchakli: 12 MP, f/2.2, 13mm, 120˚, 1/2.55" 1.4µm, Super Steady Video; •Telefoto: 64 MP, f/2.0, 29mm, 1/1.72", 0.8µm, PDAF, OIS, 1.1x optik zum, 3x gibrid zum.

> Old kamera: 10 MP, f/2.2, 26mm, 1/3.24", 1.22µm, Dual Pixel PDAF.

> Video yozuv: •Orqa kamera: 8K@24 kadr/sek., 4K@30/60 kadr/sek., 1080p@30/60/240 kadr/sek., 720p@960 kadr/sek., HDR10+, stereo tovush yozuvi, giro-EIS; •Old kamera: 4K@30/60 kadr/sek., 1080p@30 kadr/sek.

> Akkumulyator: 4000 mAs; 25 Vt tezkor quvvatlanish, USB Power Delibery 3.0; 15 Vt da tezkor Qi/PMA simsiz quvvatlanish; 4.5 Vt da simsiz teskari quvvatlash.

> Boshqa: barmoq izi skaneri (ekran ostida, ultratovushli); NFC; FM radio (faqat Snapdragon modelida); Samsung DeX, Samsung Wireless DeX (desktop amaliyoti qo‘llab-quvvatlanishi), Samsung Pay (Visa, MasterCard), ANT+, Bixby ovozli buyruqlari.

Qadoq tarkibi
Quyida yangi Galaxy'larning takomillashtirilgan (va kichikroq) qadog‘ini ko‘rishingiz mumkin. Apple'ga ergashgan holda Samsung qadoq tarkibidan zaryadchik va quloqchinlarni olib tashlashga qaror qildi. Natijada, qadoq hajmi ham kichraydi.

Ha, ha, uyingizda allaqachon quvvatlagich bo‘lishi aniq. Shuning uchun, sizga yangi zaryadchikni qo‘shib bermaslik elektron chiqitlarni kamaytirishga xizmat qilishi kerak. Bundan tashqari, qadoq hajmi kichraygani bois logistika sabab atrof-muhitga keltiriladigan zarar miqdori ham kamayadi. Nazariy jihatdan olib qaraganda, bu juda ham ijobiy natijali konsepsiya, lekin aslida zaryadchikni tekinga bermaslikka asosiy sabab tabiatga bo‘lgan e’tibor emas.

Shunday bo‘lsa-da, taqdimot davomida Samsung zaryadchiklar endilikda arzonroq sotilishini ma’lum qildi.

Xo‘sh, demak, qadoq ichida smartfonning o‘zi va har ikki tomoni USB-C toifasidagi kabel bor.

Qiziq ma’lumot: Fransiya qonunlariga ko‘ra, smartfonlar qadog‘i tarkibida quloqchin bo‘lishi talab qilinadi. Shu sababdan ham, Fransiyada sotilayotgan Galaxy'lar qadog‘ida AKG quloqchinlari bor. Lekin baribir zaryadchik yo‘q.

O‘QING: Apple iPhone 12'ning to‘liq texnik jihatlari bilan tanishamiz

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.