Samsung Galaxy S22 Ultra taqdim etildi: Note dizaynidagi S smartfon

Samsung Galaxy S22 Ultra taqdim etildi: Note dizaynidagi S smartfon

Samsung kecha S22 Ultra modelini taqdim etdi. Ushbu smartfon o‘tgan yilgi S21 Ultra hamda 2020-yilgi Note20 Ultra modellarning yangi avlodi hisoblanadi. 

O‘QING: Xiaomi 12 Ultra'ning akkumulyator sig‘imi hamda necha vattda quvvat olishi ma’lum bo‘ldi 

Bir yillik eng katta o‘zgarish bu - Note seriyasi kabi S22 Ultra korpusida stilus uchun joy yaratildi. 

Yangi model old va orqa panel, shuningdek, korpus romlari bilan Note20 Ultra'ni eslatib yuboradi, ayniqsa, uning Burgundy rangdagisi Note20 Ultra modelining Mystic Bronze  rangdagi turiga juda o‘xshaydi. Orqa paneldagi kamera moduli o‘tgan yilgi S21'nikiga o‘xshash, birgina farq modul korpusdan endi bo‘rtib chiqib turmaydi. 

Qurilma korpusi alyuminiydan ishlangan bo‘lib, ikki tomondan Corning Gorilla Glass Victus+ shishasi bilan himoyalangan. Smartfon va S Pen IP68 standartiga ega. 

Yangi integratsiyalangan S Pen yanada tez ishlaydi hamda sun’iy intellektga asoslangan koordinatalarni bashorat qilish texnologiyasiga ega bo‘ldi. Samsung qo‘lyozmani matn qilib yozish funksiyasini ham yaxshiladi va endi u 88 ta tilni qo‘llab-quvvatlaydi. 

Yangi tezkor eslatma funksiyasi brauzer va galereya kabi qalqib chiquvchi ilovalarga qaydlarni biriktirish imkonini beradi. 

Collaboration View funksiyasi esa S22 Ultra va Tab S8 planshetlari o‘rtasidan sinxronlash amalini bajarish imkonini yaratadi. Bu orqali Tab S8 planshetlarida rasm chizayotgan vaqtda foydalanuvchi S22 Ultra orqali turli xil mo‘yqalamlarni tanlashi mumkin bo‘ladi. 

Galaxy S22 Ultra'ga o‘rnatilgan displey avvalgi modelning displeyiga o‘xshash. Qurilama 120Hz adaptiv chastota hamda 240Hz sensorli namuna olish chastotasini qo‘llab-quvvatlovchi 1440p rezolyutsiyadagi 6.8 dyuymli Dynamic AMOLED 2X displeyi bilan jihozlangan. Uning maksimal yorqinlik darajasi 1750 nitni tashkil qiladi. Ekran ostidan ultra tovushli barmoq izi skaneri o‘rin olgan. 

Qurilmaga f/1.8 diafragmadagi 108MP asosiy kamera, f/2.2 diafragmadagi 12MP ultrakeng kamera hamda 3x va 10x optik zumni qo‘llab-quvvatlovchi ikkita f/2.4 diafragmadagi 10MP telefoto kameralar o‘rnatilgan. 

Old paneldan f/2.2 diafragmadagi 40MP selfi kamera o‘rin olgan. Kompaniya takomillashgan sun’iy intellektdan foydalangan holda yangilangan neyronga ishlov berish birligi (NPU) bilan tungi vaqtda olingan surat va videolar sifatini yaxshiladi, shuningdek, kameraga yangi funksiyalar qo‘shdi. 

Yangi Auto Framing funksiyasida smartfon ultrakeng kameradan foydalangan holda fokusni kadrdagi odamlar soniga qarab sozlashi mumkin. Kamera o‘ntagacha odamni kuzatadi. Agar kadrga yana odam qo‘shilsa, kamera ularni ham fokus qamroviga kirita oladi. 

Samsung portret rejimini ham yaxshiladi. Endi kamera ob’yektni xiralashish maydonidan yanada yaxshiroq ajratib oladi. Suratni yorqinligini tahrirlash uchun yangi studiya yoritish effektlari ham qo‘shildi. 

Galaxy S22 Ultra hududga qarab Exynos 2200 yoki Snapdragon 8 Gen1 chipi bilan jihozlanadi. Ikkala chip ham to‘rt nanometrlik jarayon asosida yaratilgan bo‘lib, sakkiz yadroli CPU dizayniga ega.

Snapdragon 8 Gen1 chipi Adreno 730 grafik protsessori, Exynos 2200 esa AMD RDNA2'ga asoslangan Xclipse 920 grafik protsessoriga ega. Ikkala chipining sun’iy intellekt birligi yaxshilangan. Samsung'ning ta’kidlashicha, yangi NPU avvalgilaridan ikki martagacha tezroq ishlaydi. 

Qurilmaning 8/128GB, 12/256GB, 12/512GB hamda 12GB/1TB xotiraga ega turlari mavjud. Android 12 operatsion tizimiga asoslangan One UI 4.1 grafik qobig‘ida ishlovchi smartfon 45 vattda quvvat oluvchi 5,000 mAs sig‘imli akkumulyatorga ega. Bundan tashqari, uni 15 vattda simsiz quvvatlash mumkin. 

Galaxy S22 Ultra modeli Phantom Black, Phantom White, Phantom Green hamda Burgundy ranglarda taqdim etildi. Shuningdek, Graphite, Red hamda Sky Blue rangdagi smartfonlarni Samsung.com saytidan sotib olish mumkin. Qurilmaga oldindan buyurtma berish kechadan boshlandi. Ular 25-fevral sanasidan boshlab yetkazib beriladi. 

Smartfonning narxi (8/128GB) 1199 dollardan boshlanadi. 

O‘QING: Nubia Red Magic 7 smartfonining taqdimot sanasi ma’lum bo‘ldi