Samsung Galaxy S7 Edge: S7’ga oid yangi jihatlar ma’lum bo‘ldi

Samsung Galaxy S7 Edge: S7’ga oid yangi jihatlar ma’lum bo‘ldi

Samsung Galaxy S7’ning keyingi hafta Barselona shahrida bo‘lib o‘tadigan ilk namoyishiga oz fursat qoldi. Ekspert-tahlilchilar tomonidan gadjetning o‘ziga xosliklari haqida turli ma’lumotlar taqdim etilmoqda.

Navbatdagi xabar 14 fevral kuni mobil qurilmalari mutaxassisi Evan Blass tomonidan uning Twitter ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qilingan bo‘lib, unda  kumush, qora va tilla rangli korpusdagi Samsung Galaxy S7 Edge – ikki chetki sohil ekranlariga ega mobil vositaning suratlari e’lon qilingan.

Samsung Electronics kompaniyasi 2015 yilda Galaxy S6 Edge qurilmasini zumrad, qora, oq va tillarang ko‘rinishda taqdim qilgan edi.

5.7 dyuymli qurilmaning 4GB tezkor xotiraga, Android 6.0 Marshmallow operatsion tizimi hamda Exynos 8890 protsessor chipiga ega bo‘lishi to‘g‘risida taxminlar mavjud. Mutaxassislar uning 2016 yilning yetakchi flagmanlaridan biriga aylanishini aytishmoqda.

Shuningdek, 5.1 dyuym diagonal, 1440 x 2560 piksel sig‘imiga ega displeyli Samsung Galaxy S7 qurilmasining yanada yirikroq ekranga ega Galaxy S7 Edge Plus talqini ham taqdim qilinishi kutilmoqda.

Shuningdek, bu gal ham kompaniyaning ishonchli quvvat manbaiga ega gadjeti foydalanuvchilarni xursand qilishi aniq. Boisi navbatga flagmanning 3600 mAs hajmidagi elektr tokini jamlash imkoniga ega akkmulyatori bo‘ladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.