Samsung Galaxy Watch Active 2'ning ilk rasmlari paydo bo‘ldi

Samsung Galaxy Watch Active 2'ning ilk rasmlari paydo bo‘ldi

Samsung fevral oyida Galaxy Watch Active aqlli soatini taqdim qilgan edi. Endi kompaniya o‘z mijozlarini smart soatning ikkinchi avlodi bilan xursand qilmoqchi ko‘rinadi.

Kompaniya shartli nomi "Renesans"  bo‘lgan Galaxy Watch 2 ustida ish olib borayotganligi haqida aytilmoqda.

SamMobile internet nashri soatning rasmlarini e’lon qildi.

Gadjet dizayni Galaxy Watch Active'nikiga juda ham o‘xshash bo‘lib, zanglamas po‘latdan qilingan nafis dizaynli rom va katta displeyga ega; devaysda mexanik harakatlanuvchi "qo‘lchalar" mavjud emas.

Taxminlarga ko‘ra, Active lineykasining ikkinchi avlod aqlli soati ikki xil o‘lchamda: birinchisi, aylanasiga 40 mm, boshqasi esa 44 mm kattalikda bo‘lishi kutilmoqda. Ularda, shuningdek, bosh ekran va ortga qaytish tugmalari ko‘rinishi ham qayta ishlangan bo‘ladi.

Bosh ekranga qaytish/quvvat tugmasi aylana shaklida bo‘lib, cheti qizil rangli chiziq bilan qoplangan. Xuddi shunday dizayn Apple kompaniyasining LTE versiyali Apple Watch'ida ham qo‘llanilgan.

Ortga qaytish tugmasi esa, bosh ekran tugmasidan farqlanishi uchun, to‘rtburchaksimon shaklda tayyorlangan.

SamMobile'ning ta’kidlashicha, soatning orqa tomonida ham sezilarli o‘zgarishlar kuzatiladi. Puls sensori atrofiga gardish o‘rnatilgan.

Yana aytilishcha, qurilmaning⁠ (akkumulyator sig‘imi 340 mA/soat bo‘lgan⁠) LTE versiyali va faqatgina Wi-Fi bilan ishlovchi (237 mA/soat akkumulyatorli) ikki ko‘rinishi taqdim qilinadi.

Yuqorida to‘xtalib o‘tganimiz ikki tugma o‘rtasiga mikrofon ham joylashtirilgan, bu esa soatning o‘zidan to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘ng‘iroqlar amalga oshirish imkoni mavjud bo‘ladi, deganidir.

Bizga hozircha qorong‘u bo‘lib qolayotgan jihat smart soatning taqdimot sanasidir.

Samsung yaqinda Galaxy Note 10 taqdimoti 7 avgustda o‘tkazilishini ma’lum qildi. Planshetofon bilan birga bu sanada qandaydir soat ham namoyish qilinishi ehtimoldan holi emas, biroq bu soat Galaxy Watch Active 2 emas, balki Galaxy Watch Active'ning LTE versiyasi bo‘lishi mumkin.

Galaxy Watch Active soatlarining birinchi modeli atigi to‘rt oy oldin taqdim qilinganini hisobga olib aytish mumkinki, ikkinchi avlod gadjeti bu yil emas, keyingi yilning fevral oyiga yaqin sotuvga chiqishi ehtimoli bor.

O‘QING: Apple Watch’dagi yangi funksiya 87 yashar ayolning hayotini saqlab qoldi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!