Samsung hamyonbop, 120Hz ekranli va 64MP kamerali 5G-smartfon taqdim etdi

  •   DiMaX
  •  1286
  •  21.05.2021 11:44

Samsung hamyonbop, 120Hz ekranli va 64MP kamerali 5G-smartfon taqdim etdi

Janubiy koreyalik texnogigant Galaxy F52 5G rusumli smartfon tayyorlayotgani yaqindagina ma’lum bo‘lgan. Hali rasmiy namoyishi bo‘lib o‘tmagan esa-da, biz uning «jonli» suratlari va ayrim texnik jihatlarini e’lon qilganmiz. Shuningdek...

O‘QING: Galaxy F52 5G sotuvga chiqyapti: eng chaqqon xaridorlarga sovg‘a bor!

Samsung kompaniyasi Xitoyda kecha – 20 may kuni Galaxy F52 5G rusumli yangi smartfonini namoyish qildi. Uni diagonaliga 6,6 dyuymlik, TFT-matritsali ekran bilan jihozlashgan. Displeyning tasvir uzatish aniqligi FHD+ formatida, unda kadr yangilanish chastotasi esa 120 gersga boradi!

Selfi uchun Galaxy F52 5G displeyining yuqori o‘ng burchagidagi tirqishga 16 megapiksellik optik sensor o‘rnatilgan. Smartfonning bosh kamerasi esa to‘rttalik bo‘lib, asosiy moduli 64 megapiksellik aniqlikka ega. Kvadrokamera jamlanmasiga yana 8 MPlik keng burchakli ob’yektiv bilan birikkan modul, shuningdek, har biri 2 megapiksellik chuqurlik datchigi va makrokamera kirgan.

Galaxy F52 5G sakkiz yadroli Snapdragon 750G protsessori bazasiga qurilgan va 8/128 gigabaytlik tezkor/ichki xotira bilan ta’minlangan.

Smartfonga yana naq bir terabaytgacha hajmli microSD-karta ham qo‘yish mumkin, lekin uning sloti ikkita SIM-karta uyachasidan alohidami yoki xotira kartasi ulardan birining o‘rniga qo‘yiladimi – bunisini Samsung aytmagan.

O‘QING: Galaxy S20'lar Samsung uchun navbatdagi boshog‘rig‘i bo‘ldi

Smartfonning daktiloskopi korpusning yon qirrasiga o‘rnatilgan, unda yana zamonaviy USB-C porti bilan birga an’anaviy quloqchin tirqishi ham mavjud. Qurilmaning akkumulyatori 4500 mA/soatlik tok sig‘imiga ega va uni 25 vattlik texnologiya asosida tezkor zaryadlash mumkin.

Xitoyda allaqachon Galaxy F52 5G uchun oldindan buyurtma ochilgan, narxi taxminan 310 AQSh dollariga to‘g‘ri keladi. Uning boshqa mamlakatlar bozoriga chiqish-chiqmasligi haqida hozirsa ma’lumot yo‘q.

Darvoqe, Galaxy F52 5G modeli ushbu seriyaning Xitoydagi ilk vakili bo‘ladi. Bungacha esa Galaxy F turkumi smartfonlari faqatgina Hindistonda sotilib kelayotgan edi.

O‘QING: O‘z smartfonidan Galaxy foydalanuvchilari ko‘proq qoniqqanmi yoki iPhone ishlatadiganlar?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!