Samsung hamyonbop Galaxy M31’ni taqdim etdi: qarang-chi, «megamonstr» deyishga arzirmikan?

  •   DiMaX
  •  6267
  •  25.02.2020 17:13

Samsung hamyonbop Galaxy M31’ni taqdim etdi: qarang-chi, «megamonstr» deyishga arzirmikan?

O‘zi va’da qilganidek, Samsung bugun – 25 fevral kuni Hindistonda o‘zining Galaxy M31 smartfonini namoyish etdi. Dunyodagi yetakchi smartfonsoz ushbu modelini taqdimotdan oldin «megamonstr» deb rosa maqtagandi.

O‘QING: Samsung ikkita hamyonbop smartfonini Android 10’ga ertaroq yangilay boshladi

O‘tgan yilgi Galaxy M30 bilan solishtirganda, yangi smartfonda akkumulyator va kamera yanada yaxshilangan. Batareya tok sig‘imi – naq 6000 mA/soatlik, tag‘in 15 vattlik tezkor quvvatlagich ham jamlanmaning o‘ziga kiritilgan. Kompaniyaning ta’kidlashicha, uning bitta to‘la quvvati 21 soat internetda kezishga, 26 soatgacha video ijro etishga, ikki kunlik so‘zlashuvlarga va 119 soat musiqa tinglashga yetadi!

Galaxy M31 bosh kamerasi to‘rtburchak blokka olingan bo‘lib, bu jihatdan Galaxy S20, Galaxy S20 Plus hamda Galaxy S20 Ultra flagmanlarini eslatadi. Blokda to‘rtta modul hamda fotochaqnoq joylashgan: 64 megapiksellik asosiy datchik (f/1,8); 8 MPlik ultra keng burchakli modul (ko‘rish burchagi 123 darajali, diafragmasi f/2,2); 5 MPlik chuqurlik datchigi (f/2,2) hamda 5 MPlik makromodul (f/2,2).

Displeydagi kemtikda esa 32 megapiksellik selfi-kamera moduli joylashgan.

O‘QING: Galaxy S20, S20+ va S20 Ultra’larning barcha farqlarini bittada ko‘rib chiqamiz

Galaxy M31 diagonaliga 6,4 dyuymlik, tomchisimon kemtikli – Infinity-U turiga mansub Super AMOLED displeyga ega. Ekranning tasvir aniqligi Full HD+ formatida, ya’ni 2340x1080 piksellik.

Samsung ushbu qurilmasida o‘zining Exynos 9611 protsessorini qo‘llagan, unga 6 gigabaytlik tezkor xotira hamrohlik qiladi. Smartfon doimiy xotirasi 64 hamda 128 gigabaytlik konfiguratsiyalarda taklif etiladi. Yana gibrid slotda ikkinchi SIM-karta o‘rniga microSD-karta qo‘yish imkoni ham mavjud.

O‘QING: Bu smartfondan olsangiz, smart-soat, simsiz quloqchin va g‘ilof ham qo‘shib berishadi! (+video)

«Megamonstr» korpusi plastikdan ishlangan bo‘lib, barmoq izi skaneri uchun uning orqa panelidan joy ajratilgan. Yana quloqchin uchun standart 3,5 millimetrlik audiotirqish hamda zamonaviy USB Type-C porti ham mavjud. One UI 2.0 grafik qobig‘i ostidagi Android 10 operatsion tizimli Galaxy M31 yana Bluetooth 5 interfeysi bilan ham maqtana oladi.

Kompaniya ushbu gadjetining 6/64 GB tezkor/ichki xotiraga ega varianti uchun taxminan 209 AQSh dollari, 6/128 gigabaytligi uchun esa deyarli 223 dollar miqdorida narx belgilagan. Hindistonda uni 5 martdan boshlab, ko‘k va qora korpuslarda sotuvga chiqarishadi, keyinroq esa Galaxy M31 boshqa bozorlarda ham paydo bo‘ladi.

O‘QING: Samsung hali taqdim etmagan «megamonstr» allaqachon sotuvda: narxi, xususiyatlari va «jonli» videosi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!