Samsung ikkita arzon smartfoni va ikkita flagmaniga One UI 2.0 qobiqli Android 10 tarqatyapti

  •   DiMaX
  •  2133
  •  14.12.2019 16:37

Samsung ikkita arzon smartfoni va ikkita flagmaniga One UI 2.0 qobiqli Android 10 tarqatyapti

Janubiy kereyalik texnogigant kuni kecha Galaxy A51 smartfonini taqdim etgani, ortidan Galaxy A71 modelini ham namoyish qilganidan xabaringiz bor. Shu bilan birga, Samsung eng arzon – Galaxy M turkumidagi qurilmalari egalarini ham xursand qildi.

O‘QING: Galaxy A01 – eng arzon smartfonlarga qarshi Samsung taklifi tayyor!

Kompaniya kutilmaganda Galaxy M20 hamda Galaxy M30 smartfonlari uchun Android 10 yangilanishini e’lon qildi. Tegishlicha M205FDDU3CSL4 va M305FDDU3CSL4 raqamli ushbu proshivkalar dekabrdagi xavfsizlik patchlarini ham o‘z ichiga olgan.

Mazkur dasturiy ta’minotdagi asosiy o‘zgarish – hozirgacha asosan qimmat va o‘rta narxli smartfonlariga taqdim etilib kelgan One UI 2.0 grafik qobig‘idir. Unda interfeys birmuncha o‘zgargan, ilovalarning ochilishida boshqacha animatsiyalar qo‘llangan, bir qo‘lda boshqarish qulaylashtirilgan. Shuningdek, dasturchilar unga ishoralar bilan boshqarishning yangi xillarini qo‘shishgan, tizim va ilovalar uchun tungi rejimni joriy etishgan.

Yangi apdeyt 1.3 GB hajmga ega va hozircha faqat Hindistondagi foydalanuvchilarga tarqatilmoqda. Samsung keyinroq boshqa hududlardagi Galaxy M20 va Galaxy M30 egalarini ham ushbu yangilanish bilan xushnud qiladi.

O‘QING: Samsung kompaniyasi 108 MPlik kamera borasida Xiaomi’ni boplagan ekan!

Samsung arzon modellari uchun taqdim etganidan so‘ng, One UI 2.0 grafik qobig‘i ostidagi Android 10 versiyasini Galaxy Note 10 hamda Note 10+ fabletlariga ham tarqata boshladi.

Ushbu yangilanish dekabrdagi xavfsizlik patchlarini, Android 10 operatsion tizim talqining asosiy o‘ziga xosliklarini hamda yangi One UI 2.0 grafik qobig‘ini o‘z ichiga olgan.

Yangilangan operatsion tizim asosidagi proshivka hozircha kam sonli Galaxy Note 10 va Galaxy Note 10+ egalariga yetkazilgan. Yilning oxirigacha ushbu flagmanlarning barcha foydalanuvchilari undan bahramand bo‘lishlari kutilmoqda.

O‘QING: Yil jangi: Samsung vs Apple