Samsung ilg‘or va arzon Galaxy J7 Max’ni taqdim qildi!

Samsung ilg‘or va arzon Galaxy J7 Max’ni taqdim qildi!

Janubiy koreyalik Samsung Electronics korporatsiyasi Hindistonda Galaxy J7 Max hamda Samsung Galaxy J7 Pro smartfonlarini taqdim qildi. “J” turkumining navbatdagi vakillari ham boshqalari kabi nisbatan hamyonbopdir. Galaxy J turkumi Hindistonda eng yaxshi sotilgani uchun ham kompaniya yangi gadjetni shu yerda namoyish qilishga qaror qilgan.

O‘qing: Samsung Galaxy J7 Pro: kunning innovatsion «kashfiyoti»

Android 7.0 Nougat operatsion boshqaruvida ishlaydigan yangi gadjetga 5,7 dyuymli Full HD (1920 x 1080 pikselli) displey, 8 yadroli, chastota tezligi 2,3 GGs bo‘lgan MediaTek Helio P20 protsessori, Mali-T880 videokartasi hamda sekundiga 300 Mbit hajmdagi ma’lumotni qayta ishlaydigan LTE Cat-6 modemi o‘rnatilgan. Gadjetdagi tezkor xotira sig‘imi 4 Gbayt, doimiy xotira esa 32 Gbayt, shuningdek smartfondagi microSD bo‘lmachasi 128 gigabaytgacha bo‘lgan xotira kartasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Bosh kamera uchun f/1.7 aperturali, 13 megapikselli matritsadan foydalanilgan. Ya’ni, bu Samsung’ning flagmanlarida foydalaniladigan ob’yektiv linzasi. Old kameraga ham 13 megapikselli va f/1.9 aperturali tasvir datchigi o‘rnatilgan.

To‘liq metall korpusli Galaxy J7 Max’da ham Galaxy J2 (2016)’ga ilg‘or jihat mavjud — “Smart Glow”, ya’ni kamera atrofini o‘rab olgan maxsus chiroq xabarlardan ogohlantiradi.

Galaxy J7 Max 4G tarmog‘i, shuningdek aloqaning GPS, Wi-Fi 802.11 b/g/n hamda Bluetooth 4.1 simsiz tarmoqlarini ham qo‘llab-quvvatlaydi, quvvatini elektr sig‘imi 3300 mA soat bo‘lgan akkumulyatordan oladi. Devays 2 ta sim-kartali va barmoq izlari moduliga ham ega.

Samsung Galaxy J7 Max fableti joriy yilning 20 iyunidan $280 dollar narxida sotuvga chiqariladi.

Ma’lumot o‘rnida: Samsung Electric Industries korporatsiyasi 1969 yilda Janubiy Koreyada tashkil etilgan. Samsung Electronics bugun elektronika, yarim o‘tkazgichlardan tortib, “aqlli mashina”largacha ishlab chiqarmoqda. Kompaniya 2009 yildan boshlab ilk Android smartfonlarini tayyorlay boshlagan. Bugungi kunda esa Samsung jahonning eng peshqadam smartfonsozi sanaladi.