Samsung ishga jiddiy kirishgan – u iPhone 8’ga javob tayyorlamoqda!

  •   DiMaX
  •  2063
  •  02.09.2017 12:59

Samsung ishga jiddiy kirishgan – u iPhone 8’ga javob tayyorlamoqda!

Sanoqli kunlar ichida taqdim etilishi kutilayotgan iPhone 8 smartfoniga Samsung kompaniyasi o‘zining navbatdagi flagmani bilan javob berishga oshiqyapti. Bu xususda ishonchli manbalarga tayangan holda Koreyaning The Investor nashri xabar qilgan.

Aytilishicha, kompaniya o‘zining Galaxy S9 smartfonini 2018 yilning yanvaridayoq taqdim etish uchun, ushbu model ustidagi ishlarni tezlashtirgan. Nashrning ta’kidlashicha, Samsung ushbu qurilmasi bilan iPhone 8 ishlab chiquvchisiga qarshi jiddiy «jang»ga kirishmoqchi.

The Investor manbalariga ko‘ra, Galaxy S9’ning sinov namunalarini yig‘ish ishlari avval rejalashtirilganidan 2–3 oy oldin boshlanishi mumkin. Biroq buning uchun Samsung’ning yangi avlod smartfonlari uchun butlovchi qismlarni yetkazib beruvchilar ham tezlashib, uzog‘i bilan noyabrgacha buyurtmalarni bajarishlariga to‘g‘ri keladi. Bunaqa vaziyatda navbatdagi flagmanlarning yuqori sifatli chiqishini Samsung ta’minlay olarmikan – masalaning shu tomoni ham bor.

Galaxy S9 hamda S9+ xususiyatlariga keladigan bo‘lsak, smartfonlarning korpuslari va displeylari avvalgi o‘lchamlarida qolishi taxmin qilinayotir. Asosiy o‘zgarishlar esa qurilmalarning ichki – apparat qismlariga tegishli bo‘ladi. Xususan, bu flagmanlar Snapdragon 845 chiplari hamda 6 yoki 8 gigabaytlik tezkor xotira bilan ta’minlanadi. Shuningdek, ularga qo‘shaloq ob’yektivli kamera hamda barmoq izini bevosita displeydan aniqlovchi skaner ham o‘rnatiladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!