Samsung’ning «orqasidan pichoq urishdi»: «milliy boylik»ni xitoyliklarga sotgan to‘qqiz kishiga jinoiy ish ochildi!

  •   DiMaX
  •  1668
  •  30.11.2018 10:37

Samsung’ning «orqasidan pichoq urishdi»: «milliy boylik»ni xitoyliklarga sotgan to‘qqiz kishiga jinoiy ish ochildi!

Janubiy koreyalik texnogigant butun dunyo bo‘yicha kichkina va o‘rta o‘lchamli OLED-displeylar bozorida yetakchilik qiladi. Uning texnologiyasini ishlab chiqishga katta mablag‘ sarflangan bo‘lib, bu texnologiya «milliy boylik» hisoblanadi.

O‘QING: Ekrani «tirqish»li Galaxy S10 yana ikki jihatiga ko‘ra rekord o‘rnatyapti!

Ammo keyingi paytlarda xitoylik displeysozlar ham bu sohada katta yutuqlarga erishib, ishlab chiqarish hajmini tobora yiriklashtirib bormoqda. Ular Samsung Electronics texnologiyasini o‘g‘irlab olishganidan gumon qilgan Suvon shahri (Janubiy Koreya) prokuraturasi to‘qqiz kishiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘adi. Bular – Samsung’ning displeylarini tayyorlab beruvchi hamkori bo‘lmish Toptec kompaniyasining rahbari va sakkiz nafar xodimidir.

Ayblovga ko‘ra, mazkur guruh soxta kompaniya tashkil etgan va Samsung Display qayishqoq panellarining chizmalari hamda jihozlaridan foydalanish yo‘llari haqidagi ma’lumotni olishgan. Bulardan ayrimlarini keyin xitoylik buyurtmachiga  13,85 million AQSh dollari evaziga sotishgan. Xaridor kompaniya nomi hozircha sir tutilyapti.

Uyali telefonlar displeylarini tayyorlovchi avtomatlashtirilgan uskunalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Toptec kompaniyasi bu ayblovni rad etayotir. Ammo baribir uning aksiyalari narxi 20 foizga tushib ketgan.

Samsung Display vakili bu vaziyatni «o‘ta achinarli» deya izohladi va kompaniya bundan keyin texnologiyalari himoyasini kuchaytirishini ma’lum qildi. Eslatib o‘tamiz, yaqindagina janubiy koreyalik texnogigantdan avval kutilmaganda xitoylik kompaniya buklama ekranli smartfon taqdim etgandi.

O‘QING: Ilk buklama 5G-smartfon – FlexPai bugundan sotuvga chiqdi, lekin bu Samsung ham, Huawei ham emas! (+«jonli» videolar)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!