Samsung ochiqchasiga Apple'ning ustidan kulmoqda!

Samsung ochiqchasiga Apple'ning ustidan kulmoqda!

Agar futbol olamida Messi va Ronaldo, ichimliklarda Pepsi va Coca-Cola bir-birlariga eng ashaddiy raqiblar bo'lishsa, smartfonlar olamida bu iPhone va Galaxy brendlaridir. Ularning ikkovlari ham bir vaqtning o'zida ham bir-birlarini ko'rolmaydigan, ham bir-birlarisiz turolmaydigan kompaniyalar bo'lib, ora-orada qaysi birlari bozorda eng zo'ri ekanliklarini ko'rsatib qo'yadigan reklamalar bilan bir-birlarini "qitiqlab" turishadi.

Apple kelayotgan 7-sentabr kunida o'zining yangi avlod smartfonlari, iPhone 14 qatorini taqdim qilishga tayyorlanayotgani haqida xabaringiz bor. Taqdimotga yaqin kupertinolik kompaniyaning "eng yaqin do'sti" o'zining so'nggi flagmanlari, Galaxy S22 Ultra va Galaxy Z Flip4 bilan uning tadbiriga bag'ishlangan reklama videosini chiqardi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ko'rgan bo'lsangiz, Galaxy S22 Ultra o'zining 108 megapikselli kamerasi bilan Oyni ajoyib tarzda suratga olish xususiyatiga ega. Amerikadagi Samsung'ning YouTube sahifasiga joylashtirilgan ushbu reklama roligida Galaxy S22 Ultra ning aynan mana shu xususiyati esga olinib, bunday yuqori rezolyutsiyadagi kameraga ega smartfon iPhone egalarida emas, boshqasining cho'ntagida bo'lishi, shuningdek, Galaxy Z Flip4 ning buklanuvchanligiga ishora qilib, bunday innovatsiya hali beri Apple'ning iPhone'lariga kelmasligi, u allaqachon "galaktika"da ekanligi ta'kidlanadi. 

"Apple'ning so'nggi taqdimotiga belingizni bog'lang. Boshlar shunchaki siz tomonga burilmaydigan (yoxud buklanmaydigan - Galaxy Z Flip4) dunyoga kirar ekansiz, qayerki, smartfondagi eng yuqori aniqlikdagi kamera (108MP - Galaxy S22 Ultra) boshqa birovning cho'ntagida bo'ladi va barcha layklarni olayotgan o'sha epik Oy surati sizniki bo'lmaydi, chunki bu innovatsiya sizga yaqin bo'lgan iPhone'ga tez kunda kelmaydi. U allaqachon shu yerda, Galaxy'da."

Bu Samsung kompaniyasining Apple'ga qarata birinchi marta tosh otishi emas. Ko'pchilikka ma'lumki, Janubiy Koreya kompaniyasi bir necha marta Apple'ning tashlagan qadamlari ustidan kulgan, lekin keyinchalik o'zi ham shu yo'ldan yurishni boshlagan.

Apple'ga keladigan bo'lsak, "Samsung'ning gapida ham jon bor" deysang kishi. Tez kunda chiqarilishi kutilayotgan iPhone 14 smartfonlarining Pro modellarida bo'ladigan tirqish o'zgarishlarini hisobga olmasa, ular shunchaki kuchaytirilgan texnik xususiyatlarga ega yangi modeldagi "g'isht" bo'ladi xolos.

O'QING: Apple Pro modeldagi iPhone 14 tirqishlari orasidagi bo‘shliqdan ham foydalanib qolmoqchi