Samsung o'zining Galaxy smartfonlari uchun Android 14 sinovlarini boshladi

Samsung o'zining Galaxy smartfonlari uchun Android 14 sinovlarini boshladi

Bugun, 10-may kuni Google o'zining Android operatsion tizimining 14-avlodini taqdim qilishga tayyorlanayotgan bir vaqtda Samsung uning o'z Galaxy smartfonlari uchun maxsus versiyasini ichki sinovdan o'tkazishni boshlagani haqidagi xabarlar paydo bo'ldi – Janubiy Koreya kompaniyasi Android 14 ga asoslangan One UI 6 yangilanishini test qilishni boshlagan.

Texnologiyalar ishqibozi, Galaxy S23 Ultra foydalanuvchisi, Tarun Vats o'zining Twitter ijtimoiy tarmog'idagi sahifasida Samsung Galaxy S23 seriyasi uchun One UI 6 test versiyasini ichki serverlarda payqab qolganligini ma'lum qildi. Unga ko'ra, Galaxy S23 va Galaxy S23+ uchun S918BOXM1BWE2 versiyadagi, Galaxy S23 Ultra uchun esa S918BXXU1BWE2 versiyadagi proshivkalar ichki sinov serverlarida paydo bo'lgan.

Shuningdek, SamMobile veb-saytidagilar ham Galaxy Z Fold 4 va Galaxy Z Flip 4 uchun One UI 6 yangilanishini mos ravishda F936BXXU2DWE1 va F721BXXU2DWD7 proshivka versiyalari bilan sinovdan o'tkazilayotganini aniqlashgan. Bu shuni anglatadiki, Galaxy S23 seriyasidagi smartfonlar va o'tgan yilgi Galaxy Z buklamafonlari tez orada birinchilardan bo'lib Android 14 ga asoslangan yangilanishning beta sinovlarini qabul qilishadi.

Ushbu proshivka versiyalari nima uchun aynan One UI 6 bilan bog'liqligiga ishonilayotganiga kelsak, ularning oxiridan to'rtinchi belgisiga qarashimiz kerak. Masalan, Galaxy S23 uchun S918BXXU1BWE2 proshivka versiyasida oxiridan to'rtinchi belgi "B" bo'lib, odatda ommaviy proshivka versiyalarida bu A bo'ladi. Galaxy Z buklamafonlarida esa "C" harfi ommaviy proshivkalarida qo'llanilsa, "D" harfidan ichki sinovlar uchun foydalaniladi.

Ta'kidlash joizki, Samsung o'zining bu yilgi katta Android yangilanishi ustida o'tgan yilga qaraganda deyarli ikki oy avval ish boshladi yoxud biz o'tgan yili One UI 5 versiyasining ichki sinovlari boshlagani haqida iyun oyi oxirida xabar topgan edik. Shunday ekan, Galaxy smartfonlari egalari bu yil Android 14 yangilanishi uzoq kutishmaydi. One UI 6 qanday o'zgarishlarni o'z ichiga olganligi haqidagi rasmiy yangiliklarni esa tez orada beta sinovlari boshlaganida bilib olamiz.