Samsung o‘zining Ultra flagmanlarida olingan Oy suratlarini soxtalashtirishda ayblandi!

Samsung o‘zining Ultra flagmanlarida olingan Oy suratlarini soxtalashtirishda ayblandi!

So‘nggi yillarda chiqarilgan Samsung Galaxy Ultra liniyasidagi smartfonlar o‘zining Space Zoom qobilyati orqali Oyning o‘ta aniqlikdagi suratlarini olishi bilan Internetda katta mashhurlikka erishdi. Esingizda bo‘lsa bu hatto milliarder Ilon Maskni ham hayratda qoldirgan edi. Biroq, bir necha kun avval Reddit ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchisi Janubiy Koreya kompaniyasi flagmanlari shunchaki Oy suratlarini soxtalashtirishini iddao qildi (The Verge orqali).

Reddit foydalanuvchisi Internetdan olgan Oy surati va uning xiralashtirilgan varianti

"ibreakphotos" taxallusli Reddit foydalanuvchisi Internetdan Oy suratini yuklab oladi. Keyin esa uni 170×170 o‘lchamga kichraytiradi va uni xiralashtiradi. Bunda Oyning detallari deyarli ko‘rinmaydi. So‘ngra kichraytirilgan xira Oy suratini o‘z kompyuteri monitorida, to‘liq ekranda ochadi va xonadagi barcha chiroqlarini o‘chirib, Galaxy S23 Ultra bilan xonaning boshqa burchagidan monitordagi Oy suratiga kamerani yaqinlashtiradi va suratga oladi. Natija esa ajoyib. Samsung flagmani soxta Oy suratini haqiqiy deb o‘ylagan holda uni aqlbovar qilmas darajadagi aniqlikda suratga oldi.

Reddit foydalanuvchisi aytmoqchi bo‘lgan gap shundaki, Samsung Oy suratlarini yaratishda hech qanday tasvirni qayta ishlash yoki boshqa texnologiyalardan foydalanmaydi va bu kamera funksiyasi emas, balki oldindan tayyorlangan sun’iy intellektdir. U yuzlab Oy suratlarida "chiniqtirilgan", ya’ni unda allaqachon Oyning barcha tomondan olingan teksturalari mavjud. Siz Oyni suratga olganingizda esa sun’iy intellekt Oyni qanday turganligi holatini aniqlaydi va katta ehtimol bilan kraterlar joylashuviga qarab tayyor Oy teksturasini tasvir ustiga qo‘yadi.

Ta’kidlash joizki, bu Samsung birinchi marta Oy suratini soxtalashtirishda ayblanishi emas. Kompaniya 2020 yilda o‘zining S20 Ultra smartfonini 100x zum qobilyati bilan taqdim qilganidan beri Oy suratlari bo‘yicha savollarga tutib kelinadi. 2021 yilda InputMag nashri ham S21 bilan olingan Oy suratlari feyk ekanligi bo‘yicha uzun maqola chop etgan edi (Reddit foydalanuvchisining bu haqdagi tushuntirishi osonligi ushbu muhokamaga yanada ko‘pchilikning e’tiborini tortgan). Shundan so‘ng Samsung o‘zining koreys tilidagi veb-saytida yuqori sifatli Oy suratlarini qanday yaratilishini tushuntirib beradigan blog postni joylagan. Bu safargi Reddit foydalanuvchisi iddaosidan keyin esa Samsung ushbu postning ingliz tilidagi variantini o‘zining global veb-saytiga ham joylashtirdi.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, uning smartfonlari obektlarni tanib olish uchun Scene Optimizer funksiyasidan foydalanadi va bu Galaxy S21 seriyasidan boshlab Oy uchun ham qo‘llaniladi. Ushbu Scene Optimizer xususiyati Oyni tanib olish uchun to‘lin Oy holatidan yarim Oy holatigacha bo‘lgan Oyning Yerdan turib olingan suratlariga asoslangan sun’iy intellektga ega.

Qurilma Oyni aniqlaganidan so‘ng, u Oyni aniqroq ko‘rsatish uchun yorug‘likni boshqaradi. Qolaversa, tebranishlarsiz, barqaror holatdagi tasvirlar olish uchun Samsung o‘zining Zoom Lock funksiyasidan foydalanadi.

Oyni aniq suratga olish uchun esa Galaxy kameralari 25x yoki undan yuqori masshtabda olingan 10 dan ortiq tasvirni sintez qilish uchun Super Resolution – ko‘p ramkali kompozitsiya orqali tasvirlarni yaratishga yordam beradigan texnologiyani qo‘llaydi.

Va Oy suratlari mana shunday tarzda paydo bo‘ladi. Ehtimol Samsung Oy suratlarini soxtalashtirishiga ishonadiganlar uchun bu yetarli dalil bo‘lmasligi mumkin, lekin kompaniya o‘zining flagmanlari Oy suratlarini yuqorida aytilganidek – bir necha bosqichli dasturiy ishlov berishlar orqali yaratishini aytadi, hech qanday tayyor teksturalar bilan emas. Xulosa esa o‘zingizdan.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!