Samsung o'zining yangi Odyssey Neo G9 monitorini taqdim qildi

Samsung o'zining yangi Odyssey Neo G9 monitorini taqdim qildi

Samsung allaqachon bir qancha ulkan rezolyutsiyali monitorlarga ega, biroq kompaniya hali to'xtamoqchi emas. Kompaniyaning navbatdagi Odyssey monitori 8K formatini qo'llab-quvvatlaydi.

Bu yilgi CES 2023 tadbirida Samsung o'zining Odyssey Neo G9 - dunyodagi ilk 8K rezolyutsiyali ultra-keng monitorni taqdim qildi. Aytish kerakki, bu 2021-yilda xuddi shu, Odyssey Neo G9 nomi ostida chiqarilgan 2,499 dollar narxdagi monitorning davomchisi hisoblanadi.

AMD o'tgan yili ushbu monitorni o'zining yangi RDNA 3 grafik kartalarini taqdim qilish davomida "dunyodagi ilk 8K ultra-keng" deya barchani qiziqtirib o'tgan edi. Biroq, aytish kerakki, "8K" bu yerda marketing uchun aytilayotgan chalg'ituvchi so'z bo'lib, asl 8K to'rtta 4K – 7680×4320 bo'lsa, Samsung monitori ikkita 4K – 7680×2160 o'lchamiga ega, ya'ni Odyssey Neo G9 yonma-yon joylashgan ikkita 4K displeylardan tashkil topgan.

Garchi monitor to'liq va aniq 8K bo'lmasada, undagi piksellar soni hali ham juda ko'p. Uning qo'llab-quvvatlanishi uchun esa yangi monitor DisplayPort 2.1 texnologiyasidan foydalanadi. Ta'kidlash joizki, ushbu xususiyat ham bozordagi hech qaysi monitorda mavjud emas.

Qolgan texnik xususiyatlarga keladigan bo'lsak, 57 dyuymli, tomonlari nisbati 32:9 bo'lgan va 1000R egrilikka ega monitor 240 gerts yangilanish tezligini qo'llab-quvvatlaydi. U OLED emas, mini-LED texnologiyasiga asoslangan bo'lib, uning yuzasi jilosiz material bilan qoplangan.

Monitor narxi va qachon chiqarilishi tez kunda ma'lum bo'lishi kutilmoqda.

O'QING: Samsung o‘zining ilk Ultra noutbukini taqdim qiladi!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!