Samsung rasman Galaxy Watch5 va Watch5 Pro soatlari taqdim qildi

Samsung rasman Galaxy Watch5 va Watch5 Pro soatlari taqdim qildi

Kecha bo'lib o'tgan Unpacked taqdimotida Samsung Galaxy Fold4 va Flip4 buklamafonlari bilan birgalikda Galaxy Watch5 smartsoatlari qatorini ham e'lon qildi.

Yangi Galaxy Watch 5 seriyasi bilan Samsung o'z aqlli soatlari qatorini yana o'zgatirmoqda. Bundan oldingi Galaxy Watch 4 seriyasi Galaxy Watch Active liniyasini rebrending qilgan bo'lsa, bu yilgi Galaxy Watch seriyasi o'zining Galaxy Watch 5 Pro, yangi modeli bilan Galaxy Watch Classic'ni almashtiradi. Shunday qilib, biz hozir oddiy Galaxy Watch 5 va premium xususiyatlarga ega Galaxy Watch 5 Pro modellari bilan tanishamiz.

Galaxy Watch 5

Eng birinchi bo'lib Galaxy Watch 5 modelidan gap boshlaydigan bo'lsak, u ikki xil: 40mm va 44mm o'lchamda chiqariladi. Ularning ikkovi ham alyuminiy korpus bilan chiqarilgan bo'lib, bir-birlaridan displey, batareya va ranglarda farq qiladi. Kichik model 1.2 dyuymli displeyga ega bo'lsa, katta model 1.4 dyuymli displeyga ega va ular safir kristal oyna bilan ta'minlangan. Kompaniyaning ma'lum qilishicha, bu oldingi Galaxy Watch 4 oynasiga qaraganda 1.6 marta kuchliroqdir. Ichki tomondan esa Galaxy Watch 5 sezilarli darajada quvvat yaxshilanishiga ega. Soatning 40mm modeliga 284 mA/s, 44 mm modeli esa 410 mA/s batareya o'rnatilgan bo'lib, Samsung'ga ko'ra, ularning quvvati 50 soatgacha yetishi mumkin. Shuningdek, zaryadlanish tezligi ham ancha yaxshilanganligi va Galaxy Watch 5 yarim soatda 45% gacha quvvatlana olishi aytilmoqda.

Galaxy Watch 5 turli xil ranglarda

Kichikroq o'lchamdagi Watch5 pushti, grafit, oltin rangdagi silikon kamarlar bilan kulrang, oltinrang va grafit ranglarida, kattaroq o'lchamdagi Watch5 esa safir, grafit, oq rangli silikon belbog'lar bilan safir, kulrang va grafit ranglarida $279.99 boshlangan narxda sotuvga chiqariladi.

Galaxy Watch 5 Pro

Galaxy Watch 5 Pro modeliga keladigan bo'lsak, u faqat 45 mm o'lchamda chiqariladi. Afsuski, Galaxy Watch 4 Classic'da bo'lgani kabi yangi Pro modelda jismoniy aylanadigan ramka mavjud emas. Samsung ushbu xususiyatni faqat Watch4 Classic uchun eksklyuziv qilib qoldirdi.

Galaxy Watch 5 Pro

Watch5 Pro oddiy modeldan farqli o'laroq titan korpus bilan va oddiy silikon tasmadan ko'ra chidamliroq bo'lgan D-Buckle kamari bilan jihozlangan. Shuningdek, uning safir kristal oynasi oldingiz Galaxy Watch 4 oynasidan ikki karra kuchliroq. Batareyasi ham boshqalarnikidan ancha katta: 590 mA/s va u 80 soatgacha yetadi. Pro model Black Titanium va Gray Titanium ranglarida, qora va kulrang rangli belbog' bilan $499.99 narxda sotuvga chiqariladi.

Ikkala Galaxy Watch 5 modellariga ham AMOLED displey bilan 1.18 gigagertsli Exynos W920 protsessori, 1.5GB RAM va 16GB ichki xotira o'rnatilgan bo'lib, ular Google'ning Wear OS 3.5 versiyasiga asoslangan One UI Watch 4.5 qobig'ida ishlaydi. Xuddi Galaxy Watch 4 kabi yangi modellar ham IP68 chang va suvga chidamlilik sertifikati va 5ATM gacha suv o'tkazmaslik xususiyatiga ega. Modellarning ikkovi ham qondagi kislorod miqdori, yurak urish tezligi, taxminiy stress darajasini aniqlash imkonini beradigan uchlik sensorlarni o'z ichiga olgan BioActive Sensor chipiga ega va endi u yangi modellarda yanada aniqroq ishlaydi, chunki ular teri bilan kontakt qilish uchun kattaroq sirt maydoniga ega. Shuningdek, Galaxy Watch 5 qatori EKG, qon bosimi monitoringi va tana haroratini aniqlash sensori bilan birgalikda xurrak otishni aniqlash va uyqu vaqtingizni yaxshilash uchun o'zingizga moslashtirilgan "uyqu murabbiysi" xususiyatiga ham ega. Qo'shimchasiga soatlarda GPS, NFC, Bluetooth 5.2 va Wi-Fi funksiyalari ham bor.

Galaxy Watch 5 qatori Golf nashrida

Soatlarning LTE variati ixtiyoriy bo'lib, ular $50 qimmatroq turadi. Shuningdek, Galaxy Watch qatori maxsus Golf nashrida ham chiqariladi va uning Bluetooth versiyasi $329 narxda boshlanadi.

Galaxy Watch5 qatoriga ham hozirdan buyurtma berish mumkin, yoki 26-avgustdan savdo do'konlaridan sotib olsa ham bo'ladi. Aytish kerakki, siz Bespoke nashri bilan 1000 xil ranglar kombinatiyasidan o'zingizga yoqqan rangdagi soatga buyurtma berishingiz mumkin. 

O'QING: Samsung rasman Galaxy Z Flip4 buklamafonini taqdim qildi