Samsung rasman Galaxy Z Fold4 buklamafonini taqdim qildi

Samsung rasman Galaxy Z Fold4 buklamafonini taqdim qildi

Bir necha oylik ma'lumotlar sizdirilishi va mish-mishlardan keyin, Samsung vanihoyat o'zining Galaxy Z Fold4 buklanadigan smartfonini taqdim qildi. Garchi unchalik katta dizayn o'zgarishiga ega bo'lmasa ham yangi avlod buklamafoni bir qancha yaxshilanishlarga ega.

Eng avvalo qurilmaning tashqi ko'rinishidagi o'zgarishlardan boshlaydigan bo'lsak, Galaxy Z Fold4 oldingilariga juda o'xshash, 6.2 dyuymli tashqi, 7.6 dyuymli ichki ekran, lekin endi uning tashqi ekrani "naynov" emas. U 23.1:9 nisbatda bo'lib, tushunarliroq qilib aytganda endi uning bo'yi biroz pastroq, eni esa birozgina kengroqdir, xuddi oddiy smartfonlardek. Ichki displeyi ham shunga yarasha o'zgargan, 21.6:18 nisbat, eniga kengroq, bo'yiga esa pastroq ekran bilan maza qilib videolar tomosha qilish yoki o'yinlar o'ynash mumkin. Qurilmaning buklanadigan joyi, ya'ni oshiq-moshiqlari va ramkasi ham nozikroq qilingan bo'lib, uning og'irligi 263 grammni tashkil qiladi (taqqoslash uchun Galaxy Z Fold3 - 273 gramm). 

Galaxy Z Fold4 kamera borasida sezilarli yaxshilanishga ega. Uchlik kameraning asosiysi 50MP (f/1.8) bo'lsa, qolganlari 12MP ultra-keng va 10MP telefoto kameralardir. Tashqi ekranga 10MP selfi kamera o'rnatilgan. Ichki ekrandagi 4MP selfi kamerani bir qarashda payqamasligingiz mumkin, chunki u ekran ostida joylashgan, lekin e'tibor bilan qarasangiz, u shu yerda. 

To'rtinchi avlod Z Fold kapot ostida, albatta, Qualcomm'ning Snapdragon 8+ Gen 1 chipsetiga ega. Shuningdek, qurilma 12GB operativ xotira va 256GB dan 1TB gacha bo'lgan doimiy xotira bilan ta'minlangan. Uning 4,400 mA/s batareyasi, 25 Vt simli, 15 Vt simsiz tezlikda zaryadlanadi. Garchi bu xususiyatlar o'tgan yilgidek bo'lsa ham, yangi chipset bilan qurilma quvvati endi uzoqroqqa yetadi. 

Ta'kidlash joizki buklamafon IPX8 suvga chidamlilik reytinggiga ega va u Android 12L (One UI 4.1.1) bilan yetkazib beriladigan ilk buklanadigan smartfon bo'ladi. Bundan tashqari, qurilma S Pen bilan ishlashni ham qo'llab-quvvatlaydi.

Galaxy Z Fold4 uchun hoziroq oldindan buyurtma berishingiz mumkin. Narxiga keladigan bo'lsak, u o'tgan yilgidek, o'zgarmagan, 1.799 dollardan boshlanadi. Sotuvlar 26-avgustdan boshlanadi.

O'QING: Ommabop smartfonlar top o‘ntaligi (31 hafta)