Samsung smartfon va planshetlarining originalligini aniqlaymiz (+videoqo‘llanma)

  •   DiMaX
  •  17600
  •  27.03.2017 18:52

Samsung smartfon va planshetlarining originalligini aniqlaymiz  (+videoqo‘llanma)

Har qanday texnika jihozi kabi, telefon xarid qilishda ham uning qalbakisiga uchrab qolmaslik eng muhim jihatlardan biridir. Xo‘sh, ko‘pchilikni qiziqtiruvchi Samsung Galaxy smartfonlarining originalligini qanday tekshirsa bo‘ladi?

Ko‘pchilik iste’molchilar pulni tejab, arzonroq takliflarga uchadilar, natijada aldanib qolishlari ehtimoli ortadi. Agarda rasmiy riteylerlardan sotib olsangiz, bu muammo sizni xavotirga solmaydi, chunki ular 100% original gadjetlarni sotishadi. Biroq biz devayslarni ko‘pincha turli tijorat do‘konlaridan sotib olamiz, shuning uchun ularning originalligini tekshirib ko‘rish zarar qilmaydi.

Xo‘sh, Samsung Galaxy smartfonlarining aslini qalbakisidan qanday farqlaymiz? Buning bir nechta usuli bor, ulardan o‘zingizga qulayini amalda qo‘llab, Samsung smartfoni yoki planshetining originalligini tekshirishingiz mumkin.

Servis kodi yordamida tekshirish

Bu – har qanday Galaxy-smartfonning originalligini tekshirish uchun eng oddiy va tezkor usuldir. Kompaniyaning har qanday qurilmasida maxfiy kod orqali ochiladigan menyu mavjud. Bu yo‘l bilan tekshirish uchun:

  1. Raqam terish ilovasini oching.
  2. *#7353# kodini tering.
  3. Ekranda quyidagicha ko‘rinishdagi menyu ochilishi kerak, unda telefonning qismlarini tekshirish uchun turli opsiyalar aks etadi.

  1. Agar shu menyu chiqsa, demak, xavotirga o‘rin yo‘q – qo‘lingizda original devays turibdi.

Darvoqe, barcha ishlab chiqaruvchilarning Android-gadjetlari uchun umumiy bo‘lgan maxfiy kodlar ham mavjud.

IMEI bo‘yicha tekshirish

IMEI raqami bo‘yicha tekshirish – qurilmaning originalligini aniqlashning unchalik ham kuchli bo‘lmagan usulidir, ammo ko‘pchilik hollarda buyam yordam beradi. Bu usul ikki bosqichdan iborat:

  1. Avvalo, smartfonning IMEI raqamini aniqlab olasiz. Buning uchun raqam terish ilovasida *#06# servis kodini tersangiz, bir lahzada ekranga IMEI raqami chiqadi. Shuningdek, ayni shu raqam qurilmaning qutisida ham bor, bular ikkalasi bir xil bo‘lmasa, devaysning qalbaki ekanidan dalolatdir. Agar ular o‘zaro mos kelsa, keyingi bosqichga o‘tamiz.

  1. Samsung kompaniyasining saytidagi maxsus tekshiruv sahifasiga kirib, IMEI raqamini kiritamiz. Ta’kidlash kerakki, bu sahifada Samsung Galaxy S7 modelidan avvalgi qurilmalarni tekshirish imkoni yo‘q. Masalan, Galaxy Note 4 devafsining IMEI raqamini tekshirib ko‘rilganda, tizim xatolik mavjudligini xabar qilgan. Xullas, bunday hollarda boshqa servis – IMEI.info bizga yordam beradi. U yerda tegishli joyga o‘sha raqamni kiritib, tekshirish uchun «Check» tugmachasini bosamiz. Agarda u yerda qo‘lingizdagi qurilma haqidagi ma’lumot to‘g‘ri chiqsa, demak, u original ekan.

Yodda tuting, ustasi farang firibgarlar Samsung kompaniyasining asl gadjetidagi haqiqiy IMEI raqamini «o‘g‘irlab», uni qalbaki nusxaga joylashlari ham mumkin. Ammo bu judayam kamdan-kam uchraydigan holat.

Qurilmaning xususiyatlarini oldindan o‘rganib chiqish

Agar o‘zingiz xarid qilishni mo‘ljallayotgan smartfon yoki planshetning texnik xususiyatlarini oldindan bilib olsangiz, keyin uning originalini qalbakisidan farqlay bilasiz. Gap shundaki, soxta nusxalar asliyatdan ko‘ra kuchliroq xususiyatlarga ega bo‘ladi, shuning uchun ularni farqlash qiyin emas.

Yaxshi usuli – sotuvchidan shu qurilmani Antutu, Geekbench va GFXBench kabi ommabop benchmark servislarida tekshirib, keyin skrinshotlarini sizga tashlab berishini so‘rang. Agar mahsulotning originalligiga ishonchi bo‘lsa, u ikkilanmasdan buni qilib bera oladi. Bordiyu biror bahona topib rad etsa, demak, qurilma soxta bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Shuningdek, telefonga AIDA64 dasturini o‘rnatib, tekshirib ko‘rishni maslahat beramiz – u qurilmaning barcha xususiyatlarini ekranga chiqarib beradi. Qalbaki nusxalarning, masalan, ekrani, protsessori, xotirasi, shuningdek kamerasi original devaysnikidan boshqa bo‘ladi.

Paypaslab tekshirish

Devaysni qo‘lda ushlab ko‘rib ham uning original yoki qalbaki ekanini aniqlasa bo‘ladi. Buning uchun oldin o‘sha – narxlari sal qimmatroq bo‘lgan Samsung firma do‘konlaridan biriga kiring-da, muayyan gadjetning haqiqiysini qo‘lingizga olib, o‘rganib chiqing. Keyin shu mahsulotni arzonroq narxda taklif etayotgan sotuvchi oldiga borib, bu smartfonni ham olib tekshiring. Agar qalbaki bo‘lsa, uni paypaslab ko‘rganingizdanoq farqlay olasiz. Shuningdek, uni yasashda ishlatilgan materiallarning sifati pastligi bois, vaznida ham farq bo‘ladi. Original gadjetning barcha qismlari yaxshi materiallardan puxta ishlangan bo‘lgani uchun, u birmuncha og‘irroq bo‘ladi.

Shuningdek, quyidagi videoqo‘llanmani ham ko‘rib chiqishingizni tavsiya etamiz:

Mana, endi Samsung Galaxy qurilmalarining originalini qalbaki nusxalardan farqlash yo‘llarini o‘rganib oldingiz. Xo‘sh, endi navbat bozorgami? Yoki siz AliExpress orqali buyurtma qilishni ma’qul ko‘rasizmi?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!