Samsung sodiq Galaxy Note sohiblarini rag‘batlantirmoqchi

  •   DiMaX
  •  1050
  •  30.08.2017 15:30

Samsung sodiq Galaxy Note sohiblarini rag‘batlantirmoqchi

Samsung kompaniyasi reklama videolavhalari o‘lchovlari nuqtai nazaridan anchagina uzun videorolik chiqardi. Unda kompaniya o‘zining Galaxy Note turkumidagi gadjetlariga sodiq qolgan muxlislariga minnatdorchilik izhor etgan.

Galaxy Note 7 modelida ko‘ngilsizliklar – batareyadagi nosozlik sababli fabletlarning o‘z-o‘zidan qizib, tutab, yonib va hatto portlab ketishi holatlari yuz bergan bo‘lsa-da, mazkur turkum devayslariga sodiq qolganlar ko‘p. Kompaniya mijozlari mazkur turkum fabletlarini nima uchun yaxshi ko‘rishlarini samimiy izhor etgan lavhalar Samsung tayyorlagan klip shaklidagi tashakkurnomada jamlangan.

«Real foydalanuvchilarning jonli ovozlari bilan ifodalangan dil so‘zlaridan iborat ushbu klip – butun dunyo bo‘yicha Galaxy Note brendi ixlosmandlariga bo‘lgan hurmatimiz in’ikosidir, – deydi Samsung shu rolikning o‘zida. – Ishonish mumkin bo‘lmagan vaziyatda ham bizga ishonishda davom etganingiz uchun tashakkur».

Shu tariqa, Samsung ko‘ngil qolarli ish qilgan holatida ham sevimli kompaniyaga ikkinchi imkoniyat bergan mijozlariga o‘z minnatdorchiligini izhor etgan.

Bu yil Galaxy Note 8 fabletida ham o‘tgan yildagi kabi muammolar yuzaga kelishining oldini olish uchun, Samsung uning har bir partiyasini jiddiy sifat tekshiruvidan o‘tkazdi. Smartfonlarga qo‘yiladigan barcha tarkibiy qismlar mosligiga ko‘ra puxta saralab olib, shundan keyingina ishlab chiqarishga olgan. Samsung Mobile prezidenti Donchjin Koxning aytishicha, barcha jarayonlarni uning o‘zi shaxsan nazorat qilib borgan.

Videoklip tarzidagi tashakkurnomadan tashqari, Samsung sobiq Note 7 sohiblariga rag‘batlantirish tariqasida imtiyozlar ham taqdim etmoqda. Jumladan, kompaniya portlash xavfi bo‘lgan Galaxy Note 7 xaridorlariga Galaxy Note 8 xaridida chegirma taqdim etishni rejalashtirmoqda. Hozirgacha chiqqan ma’lumotlarga ko‘ra, bunday aksiya AQSh, Kanada va bir qator Yevropa mamlakatlarida joriy etiladi.