Samsung va Huawei «damini olaversin», eng «serkamera» smartfonni boshqasi chiqaryapti! (+video)

  •   DiMaX
  •  1478
  •  27.06.2018 11:12

Samsung va Huawei «damini olaversin», eng «serkamera» smartfonni boshqasi chiqaryapti! (+video)

Huawei kompaniyasi o‘zining P20 Pro modeli bilan uchta modulli asosiy kameraga ega smartfonlar bosqichini boshlab berdi. Lekin tez orada janubiy koreyalik texnogigant bu borada undan o‘zib ketmoqchi.

O‘QING: Galaxy S10 naq uch xil modifikatsiyada chiqadi, ulardan biri Huawei P20 Pro’ni «yer tishlatadi»!

Ammo LG kompaniyasining V40 flagmani bu ikkalovini ham yo‘lda qoldirib, kamera modullarining ko‘pligi bo‘yicha yetakchi bo‘lishi kutilmoqda. Insayderlar bergan xabarlarga ko‘ra, ushbu modelning bosh kamerasi uchta sensorni, selfi-kamerasi esa ikkita datchikni o‘z ichiga oladi. Shu tariqa, beshta fotomoduli bilan LG V40 rekord darajada «serkamera» smartfon bo‘ladi.

Bu flagmanning qo‘shaloq old kamerasiga Face Unlock texnologiyasi tatbiq etilishi ham aytilmoqda. U foydalanuvchi yuzining uch o‘lchamli modelini xatosiz yarata oladi va qurilmani blokirovkadan chiqarishda qo‘llanadi.

Mana, qiziquvchilar allaqachon beshta fotomodulli LG V40 smartfonining render videosini ham tayyorlab ulgurishgan:

Darvoqe, dunyoning uchinchi raqamli smartfonsozi – xitoylik texnogigant ham bu borada hali bo‘sh keladigan emas:

O‘QING: To‘rtta bosh kamerali Huawei Mate 20 videosini ko‘ramiz!

Xabarlarga ko‘ra, LG V40 smartfoni tashqi ko‘rinishi jihatidan allaqachon chiqqan LG G7 ThinQ modeliga o‘xshab ketadi. Demak, uning ham displeyi tepasida «o‘yiq» bo‘lishini kutish mumkin.

Bo‘lajak flagmanning samaradorligi uchun Qualcomm’ning ayni damdagi flagman chipi – Snapdragon 845 protsessori mas’ul bo‘ladi. LG V40 ovoz tizimini esa kompaniyaning o‘z ishlanmasi – Quad DAC audiotrakti ta’minlaydi. Mazkur model korpusida Google Assistant yordamchisini faollashtirish uchun alohida tugmachasi, orqa qopqog‘ida esa barmoq izi skaneri bo‘ladi.

LG V40 flagmanining joriy yoz so‘ngida rasman namoyish etilishi aytilmoqda, sotuvga esa kuzning boshidayoq chiqariladi. Mazkur smartfonning narxi va boshqa texnik xususiyatlari to‘g‘risida hozircha ma’lumot yo‘q.

O‘QING: Qimmat degani - zo‘r degani emas