Samsung Xitoydagi eng so‘nggi smartfon zavodini yopdi

Samsung Xitoydagi eng so‘nggi smartfon zavodini yopdi

Samsung Xitoydagi eng so‘nggi smartfon zavodini yopdi. Bir necha oy oldin Xueychjoudagi zavodda ishlab chiqarish qisqargan edi. Endi esa, Reuters agentligining xabar berishicha, zavod butunlay yopildi. 

2017-yilda Xueychjou zavodida 64 million smartfon ishlab chiqarilgan. Bu Samsung o‘sha yili global miqyosda ishlab chiqargan 394 million telefonning katta qismi deganidir. 2011-yilda bu zavodda 70 million telefon chiqarilgan bo‘lsa, (o‘tgan yili yopilgan) Tyanszin zavodi 56 million dona qurilma tayyorlagan.

Samsung'ning Xueychjoudagi zavodi

 

Zavodning yopilishi Samsung Xitoy bozoridan butunlay chiqib ketdi, degani emas. Koreyslar Xitoy bozoridagi faoliyatini davom ettiraveradi, biroq mahalliy brendlar bilan bo‘lgan kuchli raqobat sabab bu mamlakatda smartfon ishlab chiqarish endi Samsung'ga iqtisodiy jihatdan foyda keltirmaydi.

Cape Investment & Securities tahlilchisi Park Sung-sunning aytishicha, "Uch yulduz"ning Xitoy bozoridagi ulushi 1 foizga tushib ketgan: iste’molchilar arzonroq smartfonlar uchun mahalliy brendlarni, premium devayslar uchun esa Huawei va Apple'ni tanlamoqda. 

Yopilgan zavoddagi asbob-uskuna va ishlab chiqarish vositalari boshqa davlatlardagi zavodlarga beriladi. Samsung aslida Hindiston va Vetnamdagi ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish harakatida, sababi bu davlatlarda ishlab chiqarish harajatlari kamroqdir.

Istiqbolda, Samsung Xitoy bozorida faqat ODM smartfonlarini sotishi mumkin. ODM qurilmalar Samsung'ning o‘zining zavodida emas, balki shartnomachi zavodda litsenziya asosida ishlab chiqariladi. Galaxy A6s va Galaxy A10s'lar Samsung'ning ilk ODM smartfonlaridandir. A10s Jianxing Yongrui Electron Technology zavodida ishlab chiqarilgani haqida ilgari ham xabar bergan edik.

Xitoyda ishlab chiqarishni to‘xtatayotgan faqat Samsung emas. Yil boshida Sony ham Pekindagi smartfon zavodini yopgan.

O‘QING: Samsung smartfon va planshetlarining originalligini aniqlaymiz (+videoqo‘llanma)

 

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!