Samsung yana bitta – bu gal o‘rta narxda «qo‘sh ko‘zli» smartfon taqdim etdi

  •   DiMaX
  •  1790
  •  04.09.2017 15:50

Samsung yana bitta – bu gal o‘rta narxda «qo‘sh ko‘zli» smartfon taqdim etdi

Samsung kompaniyasi Tailandda Galaxy J7+ smartfonini namoyish qildi. Bu haqda uning sayti tai tilidagi bo‘limida ma’lumot berilgan.

Bu – Janubiy Koreya gigantining asosiy kamerasi «qo‘sh ko‘zli» bo‘lgan ikkinchi smartfoni hisoblanadi. Birinchisi – Galaxy Note 8 modelidan farqli ravishda, Galaxy J7+ o‘rta segmentga mansub qurilmadir.

Qimmatbaho bo‘lmasa-da, Samsung Galaxy J7+ smartfoni metall korpusga ega. Uning «Uyga» tugmachasida daktiloskopik skaner joylashtirilgan. Devays displeyi «hamisha yoqiq» (Always On Display) funksiyasiga hamda Bixby Home ilovasiga ega.

Galaxy J7+ smartfoniga Full HD sifatli (1920 x 1080 pikselli), diagonaliga 5,5 dyuymli Super AMOLED-displey o‘rnatilgan. Uning old kamerasi selfisevarlarni xursand qilgudek darajada – naq 16 megapikselli suratlar ola biladi! Asosiy kamerasi esa qo‘shaloq – 13+5 megapikselli ob’yektivlarga ega.

Qurilma sakkiz yadroli MediaTek Helio P20 protsessorida ishlaydi. Uning tezkor xotirasi hajmi 4 gigabaytga, doimiy flesh-xotirasining hajmi esa 32 gigabaytga teng. Shuningdek, unga yana 256 gigabaytgacha hajmli microSD qo‘yish imkoni mavjud.

Samsung’ning bu smartfoni 3000 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. U Android 7.1.1 Nougat operatsion tizimi boshqaruvi ostida ishlaydi. Korpusining o‘lchamlari 152,4 x 74.7 x 7,9 millimetrni tashkil etadi.

Galaxy J7+ gadjetida ikkita SIM-karta qo‘yib ishlatish imkoni mavjud. U simsiz interfeyslardan 4G VoLTE, Wi-Fi (802.11), Bluetooth 4.2 hamda GPS’ni qo‘llab-quvvatlaydi. 152,4 x 74.7 x 7,9 mm.

Mazkur smartfon tillarang, pushti-tillarang va qora ranglarda chiqarilmoqda. U shu yilning 22 sentyabrida, taxminan 388 AQSh dollari narxida savdoga chiqariladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!