Samsung yangi taqdimot uchun taklifnoma ulashdi

Samsung yangi taqdimot uchun taklifnoma ulashdi

Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi o‘tgan oyda o‘zining yuqori darajali Galaxy S22 seriyasidagi qurilmalarini va undan keyin shu kungacha bir nechta byudjet smartfonlarini ham taqdim qildi, lekin kompaniya hali 2022-yil smartfonlari qatorini yakunlamagan. Kompaniya kelayotgan 17-mart kuni Toshkent vaqti bilan 19:00 da o‘tkazmoqchi bo‘lgan yangi "Galaxy A Event" onlayn tadbiri uchun o‘z saytida taklifnoma ulashdi.

Payshanba kuni Samsung aynan qaysi yangi qurilmalarini taqdim qilishi hozircha noma’lum. Turli xil dizayndagi A harflari bilan bezalgan rasmiy tizer suratdan ham biron nima bilish qiyin, lekin kompaniya bir necha kun oldin Galaxy A23 va A13 smartfonlarini jimgina chiqarganini hisobga olsak, hozirda avvalgi Galaxy A seriyasi davomchilari, Galaxy A33, A53 va A73 modellari taqdim qilinmay qolib ketgan. Demak, katta ehtimol bilan ushbu modellar biz Samsung yangi taqdimotida ko‘rishimiz mumkin bo‘lgan smartfonlardir.

Xabarlarga ko‘ra, Samsung yangi avlod o‘rta byudjetli smartfonlari qutisidan ham quvvatlash adapterini olib tashlashi mumkin. Shuningdek, ularda naushnik uyasi ham bo‘lmaydi.

Onlayn taqdimotni Samsung'ning rasmiy YouTube sahifasida yoki Samsung Newsroom saytida jonli ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi.

O‘QING: Galaxy A13 4G hamda A23 smartfonlari taqdim etildi