Samsung yubiley flagmanlari – Galaxy S10, Galaxy S10+ va Galaxy S10e smartfonlarini namoyish etdi!

  •   DiMaX
  •  5839
  •  21.02.2019 11:44

Samsung yubiley flagmanlari – Galaxy S10, Galaxy S10+ va Galaxy S10e smartfonlarini namoyish etdi!

Kutilayotganidek, Samsung kompaniyasi 2019 yilning 20 fevralida, San-Fransisko shahrida Galaxy Unpacked 2019 tadbirini o‘tkazdi. Unda bir nechta yangi gadjetlar qatori Galaxy S10 turkumidagi yubiley flagmanlari ham rasman taqdim qilindi.

O‘QING: Eng qimmat – 12 GB «operativka»li Galaxy S10+ benchmarklarda hammani hayron qoldirdi!

Ma’lumki, ushbu turkumga standart Galaxy S10 flagmani, uning soddalashtirilgan va ixchamroq versiyasi – Galaxy S10e hamda nisbatan katta va kuchaytirilgan Galaxy S10+ modellari kiradi.

Ularning asosiy o‘ziga xosliklaridan biri – Infinity-O (ya’ni, teshikli) turiga mansub Dynamic AMOLED displeylardir. Samsung vakillarining ta’kidlashlaricha, bunday displey ustida ishlash o‘ta murakkab va qiyin kechgan, zero salgina ehtiyotsizlik ham ekran matritsasini shikastlab qo‘yishi mumkin. Buning ustiga, mazkur flagmanlar displeylari yangi – HDR10+ standarti bo‘yicha sertifikatlangan.

Shuningdek, Galaxy S10 hamda S10+ modellari ekranlarida ultratovushli daktiloskopik skaner qo‘llangan. U maksimal darajada aniq, tezkor va xavfsiz bo‘lib, hatto murakkab ob-havo sharoitlarida ham ishlayveradi. Galaxy S10e modelida esa oddiy barmoq izi skaneri qo‘llangan va u korpusning yon qirrasiga joylashtirilgan.

Har uchala Galaxy S10 ham yangi standartdagi Wi-Fi 6 (802.11ax) hamda 2,0 Gbit/soniyagacha tezlikka ega LTE modullari bilan ta’minlangan. Ularning barchasida zamonaviy USB Type-C porti o‘rnatilgan va quloqchinlar uchun 3.5 millimetrlik audiotirqish ham mavjud.

Flagmanlarning korpuslari IP68 himoya standartiga ko‘ra chang va namdan muhofaza etilgan. Smartfonlar Android 9 Pie operatsion tizim talqini bazasidagi One UI interfeysi bilan taqdim etilgan.

Endi ushbu turkumning ikkita asosiy vakili – Galaxy S10 hamda Galaxy S10+ flagmanlariga sal kengroq to‘xtalsak.

Har ikkala model ham chekkalari qayrilgan Dynamic AMOLED displeyga ega. Ularning tasvir aniqligi bir xil – QuadHD+ formatida (3040x1440 pikselli) bo‘lib, tomonlari o‘zaro 19:9 nisbatda. Standart Galaxy S10 modelining displeyi diagonaliga 6,1 dyuymlik bo‘lsa, S10+ modelida bu o‘lcham 6,4 dyuymga teng.

An’anaga ko‘ra, flagman smartfonlar eng ilg‘or protsessorlar bilan qurollangan, faqat sotiladigan mamlakatiga qarab har xil. Ya’ni, AQSh va Xitoy bozoriga mo‘ljallangan Galaxy S10 va S10+ qurilmalarida Qualcomm Snapdragon 855 chipi, boshqa mamlakatlarga yuboriladigan versiyalarida esa Samsung Exynos 9820 protsessori qo‘llangan. Standart flagmanning tezkor xotirasi 8 gigabaytlik bo‘lib, doimiy xotirasi 128 va 512 gigabaytlik talqinlarda chiqadi. Galaxy S10+ modeli «operativka»si 8 va 12 gigabaytlik, ichki xotirasi esa 512 gigabaytlik va 1 terabaytlik talqinlarda taklif etiladi.

Samsung yubiley flagmanlari kamerasini ancha kuchaytirgan: uchta optik modul – professional s’yomka uchun to‘laqonli kameralar jamlanmasidir. Ya’ni, 12 megapiksellik bosh modul keng burchakli ob’yektiv (f/1,5-f/1,9) hamda Dual Pixel avtofokusirovkaga ega. Ikkinchi optik sensor aniqligi ham 12 megapiksellik bo‘lib, u teleob’yektiv (f/2,4) bilan qurollangan. Nihoyat, 16 megapiksellik uchinchi datchik keng burchakli ob’yektiv (f/2,2) hamda 123 darajalik ko‘rish burchagiga ega. Shular evaziga Galaxy S10 flagmanlari har qanday tajribasiz foydalanuvchi qo‘lida ham sifatli suratlar olishga imkon beradi. Bundan tashqari, mazkur kamera HDR10+ sifatida video yozib olishga ham qodir.

Galaxy S10 va S10+ modellarida bosh kameralar bir xil bo‘lsa, ekran «teshigi»ga joylangan selfi-kameralar o‘zaro farq qiladi. Standart flagmanning old kamerasida 10 megapiksellik yakka modul (f/1,9) qo‘llangan, u 80 darajalik ko‘rish burchagiga va Dual Pixel avtofokusirovkasiga ega. «Plyusli» modelda esa ikkinchi – 8 megapiksellik optik modul ham bor, u 90 darajalik ko‘rish burchagi hamda f/2,2 diafragmaga ega.

Bu ikki flagmanning akkumulyatorlari tegishlicha 3400 va 4100 mA/soatlik tok sig‘imiga ega. Lekin eng asosiysi – mazkur smartfonlar turli gadjetlarni simsiz quvvatlay oladi! Buning uchun o‘sha (soat, quloqchin, boshqa smartfon kabi) devaysni Galaxy S10’ning orqa tomoniga qo‘yish kifoya – flagman o‘z-o‘zidan uni quvvatlay boshlaydi. Shuningdek, bu smartfonlarga Fast Wireless Charging 2.0 tezkor simli va simsiz quvvatlash texnologiyasi ham joriy etilgan.

Galaxy S10 modelining korpus o‘lchami 149,9x70,4x7,8 millimetr, vazni esa 157 grammga teng. Galaxy S10+ modeli esa 157,6x74,1x7,8 millimetrlik o‘lchamda bo‘lib, 175 gramm tosh bosadi. «Plyusli» flagmanning keramik korpusli versiyasi esa sal og‘irroq – 198 gramm keladi.

Endi esa navbat «kenja botir» – Galaxy S10e modeliga keldi...

«Soddalashtirilgan» Galaxy S10e flagmani, garchi «og‘a»lariga nasib etgan ayrim imkoniyatlardan mahrum bo‘lsa-da, baribir o‘ziga yarasha salobatli. Unda tekis (chetlari qayrilmagan) 5,8 dyuymlik Dynamic AMOLED displey yupqa romlarga ega. Ekran tomonlari o‘zaro 19:9 nisbatda, tasvir uzatish aniqligi FullHD+ formatida (2280x1080 piksellik).

«Kichkina» flagmanda ham xuddi o‘sha baquvvat protsessorlar – sotiladigan hududiga qarab Samsung Exynos 9820 yoki Qualcomm Snapdragon 855 chiplari qo‘llangan. Samaradorlikni ta’minlashda ularga 6/8 gigabaytlik tezkor xotira yelkadosh bo‘ladi. Smartfonning doimiy xotirasi esa 128 va 256 gigabaytlik talqinlarda taklif etiladi.

Galaxy S10e old kamerasi ham standart Galaxy S10 modelidagi bilan aynan bir xil – 10 megapiksellik yakka modul (f/1,9), 80 darajalik ko‘rish burchagiga va Dual Pixel avtofokusirovkasiga ega.

Asosiy kamerasi esa qo‘shaloq: keng burchakli ob’yektivga ega 12 megapiksellik sensor hamda ultra keng burchakli (f/2,2), 16 megapiksellik modul. Ushbu «ixcham» flagman kamerasi ham HDR10+ standartida video suratga ola biladi.

Ushbu modelning 3100 mA/soatlik akkumulyatori Fast Wireless Charging 2.0 simsiz tezkor quvvatlana oladi. Korpusining o‘lchamlari 142,2x69,9x7,9 millimetrga, vazni esa 150 grammga teng.

Narxlariga keladigan bo‘lsak, eng ixcham Galaxy S10e modeli 749 AQSh dollaridan, standart Galaxy S10 flagmani 899 dollardan, «katta» Galaxy S10+ esa 999 dollardan boshlanuvchi narxlarda sotiladi. Ularning chakana savdosi 8 martdan boshlanadi, ungacha oldindan buyurtma bergan xaridorlarga esa flagmanlar bilan birga taqdim etilgan yangi – Galaxy Buds simsiz quloqchinlari ham sovg‘a qilinadi.

Ushbu flagmanlarning o‘zbekiston bozoriga kirib kelishiga hali sal erta, ammo dunyo bozoriga chiqarilgan ayrim Samsung smartfonlarini hozirdanoq Terashop.uz internet-do‘konimizdan, 949 000 so‘mdan boshlangan narxlarda sotib olish mumkin. Ayniqsa, shu kunlarda – aksiya davrida bu xarid siz uchun manfaatli va qiziqarli bo‘ladi.

O‘QING: Qarshi oling: Terashop.uz’da «Bahoriy kayfiyat» aksiyasi!