Samsung'da Z Fold/Flip bo'lsa, OnePlus'da V Fold/Flip bo'ladi!

Samsung'da Z Fold/Flip bo'lsa, OnePlus'da V Fold/Flip bo'ladi!

Samsung'ning Galaxy Z Fold & Flip buklamafonlari muvaffaqiyati ortidan buklanadigan smartfonlar bozoriga har yili yangidan-yangi o'yinchilar kirib kelmoqda. Hozirda allaqachon dunyoning top smartfon ishlab chiqaruvchilarining oltitasi: Samsung, Huawei, Xiaomi, Honor, Vivo va Oppo kompaniyalari o'zlarining portfoliolariga buklamafonlar qo'shib qo'yishgan. Ehtimol, tez orada ularning soni yettiga ko'payishi mumkin.

Taniqli ma'lumotchilardan biri, Mukul Sharma, Xitoyning OnePlus texnogiganti V Fold hamda V Flip nomlarini savdo belgisi sifatida ro'yxatdan o'tkazganligini aytmoqda. Albatta, bular qurilmaning qachon taqdim qilinishi haqida ma'lumot bermaydi, lekin biz endi kompaniya Galaxy Z Fold & Flip raqobatchilari ustida ishlayotgani haqida bilamiz.

Sharmaning qo'shimcha qilishicha, OnePlus o'zining bo'lajak buklamafonlarining hech bo'lmaganda bittasi uchun Yevropada hamda turli boshqa hududlarda ichki sinov jarayonlarini boshlab yuborgan va ular yaqin kelajakda chiqarilishi mumkin.

Ichki sinovlar endigina boshlanganligini hisobga olgan holda shuni aytish mumkinki, "yaqin kelajak" kompaniya 7-fevral kuni o'tkazishi kutilayotgan OnePlus 11'ning global taqdimoti kuni emas.

Aytish kerakki, bu OnePlus'ning buklanadigan smartfon ustida ishlayotgan haqida birinchi marta eshitishimiz emas. O'tgan yili OnePlus'ning dasturiy ta'minot bo'yicha rahbari Gari Chen kompaniya o'zining buklamafonini chiqarish bo'yicha Google bilan ishlayotganini ma'lum qilgan edi. Keyinchalik, OnePlus rahbari Pit Lau buklamafonga ishora qilgan holda qurilmaning oshiq-moshiq mexanizmining suratini ulashdi.

Ta'kidlash joizki, OnePlus'ning bosh kompaniyasi, Oppo, bir necha oy avval o'zining ikkinchi avlod buklamafonlarini taqdim qildi. Bu yili kompaniya faqat Oppo Find N2 bilan cheklanib qolmadi va o'zining ilk Find N2 Flip chig'anoqli buklanadigan modelini ham chiqardi. Ehtimol, OnePlus'ning buklamafonlarini o'zining katta kompaniyasi buklafonlaridan texnik xususiyatlar va dizaynni o'zlashtirishi mumkin. 

O'QING: Realme'ning yangi tizer videosi Coca-Cola bilan hamkorlikka ishora qiladi