Samsung'dan yaxshi va yomon yangilik: Galaxy S23 FE "atmen", lekin yangi turdagi buklamafon bor!

Samsung'dan yaxshi va yomon yangilik: Galaxy S23 FE

Yangi hafta va texnologiya olamida yana yangi mish-mishlar: Galaxy S23 FE smartfoni chiqarilmasligi mumkin. Samsung kompaniyasining ushbu Fan Edition smartfoni o'rta flagman bo'lib, u S20 seriyasi bilan boshlangan edi. Afsuski, bir-ikki avlod o'tgach, Galaxy S21 FE dan keyin Samsung haligacha yangi Fan Edition smartfon chiqarmadi va chiqarmoqchi emasga ham o'xshaydi. O'tgan yilning o'zidayoq Samsung ortiq Fan Edition brendi ostida smartfon chiqarmasligi mish-mish qilingan edi. Biroq, vaqt o'tib, Galaxy S23 FE haqidagi mish-mishlar Samsung muxlislariga umid bag'ishladi. Endi esa Samsung yana bir marotaba FE smartfon chiqarmasligi haqida xabar paydo bo'ldi.

91mobiles'dan Yogesh Brar o'zining Twitter sahifasida hech qanday Galaxy S23 FE ishlab chiqarilmayotganligini aytib, FE muxlislariga uni kutib o'tirmaslikni tavsiya qiladi.

Yaxshi yangiliklar ham yo'q emas – Yogesh Brarning so'zlariga ko'ra, Samsung bu yil o'zining Fold va Flip buklamafonlariga orasiga yangi modelni qo'shadi. Ma'lum bo'lishicha, ushbu yangi model shunchaki konsept yoki prototip emas, balki joriy yildan ommaviy sotuvga chiqadigan mahsulot bo'ladi.

Yangi Samsung buklamafoni ikki buklanadigan va uch qismli smartfon bo'lib, u kompaniya yanvar oyida bo'lib o'tgan CES ko'rgazmasida namoyish qilgan bir nechta konseptlarga o'xshab ketadi. Albatta, agar uzunquloq xabarlar to'g'ri bo'lib chiqsa, bu nafaqat buklamafonlar, balki butun smartfonlar olami uchun katta yangilik bo'ladi, chunki biz hozirgacha faqat kitob yoki chig'anoq kabi bir oshiq-moshiqli buklanadigan smartfonlar bilan tanishmiz xolos.

Hozircha boshqa ma'lumotlar mavjud emas. Samsung odatda o'zining buklamafonlarini avgust oyida taqdim qiladi. Ehtimol, biz yangi buklamafonni Galaxy Z Fold 5 va Galaxy Z Flip 5 modellari bilan o'shanda ko'rishimiz mumkin bo'ladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.