Samsung’ning eng arzon 5G-smartfonini har tomonlama tomosha qilamiz

  •   DiMaX
  •  1597
  •  09.01.2021 15:53

Samsung’ning eng arzon 5G-smartfonini har tomonlama tomosha qilamiz

Galaxy A32 5G rusumli yangi telefon yaqinda FCC sertifikatini olgan, o‘shanda uning ayrim xususiyatlari oshkor bo‘lgan edi. Samsung allaqachon uning samaradorligini ommabop Geekbench servisida sinab ham ko‘rgan.

O‘QING: Realme va Redmi’larning hamyonbop 5G-smartfonlari kushandasini Samsung tayyorlamoqda!

Samsung keyingi haftada o‘zining Galaxy S21 turkumidagi flagmanlarini namoyish etgach, Galaxy A32 5G taqdimotiga navbat keladi. Kompaniyaning eng arzon 5G-smartfoni bo‘layotgan ushbu modelning rasmiy render suratlarini WinFuture nashri oshkor etdi.

Galaxy A32 5G korpusining old tomonida biror qiziq jihat yo‘q, lekin uning orqa paneli o‘zgacha ishlangan. Aniqrog‘i – uning bosh kamera modullari har biri alohida-alohida joylashgan. Ayniqsa, yon tomonidan qaraganda bu yaqqolroq namoyon bo‘ladi:

Korpusning chap qirrasida SIM-karta sloti va uni chiqarish uchun ignacha tirqishi ko‘rinadi. Darvoqe, bosh kamerasidagi asosiy modulning aniqligi 48 megapikselni tashkil etadi, deyishmoqda.

O‘QING: Yangicha standartdagi Super SIM-karta chiqdi – endi fleshkaning keragi yo‘q!

Insayderlar bu smartfonning render suratlaridan tashqari, ayrim texnik xususiyatlarini ham aytishgan. Ularga ko‘ra, Galaxy A32 5G modelining ekranida IPS matritsa qo‘llanadi, displey o‘lchami – diagonaliga 6,5 dyuym. Korpusining o‘ng qirrasida barmoq izi skaneri ham joylashgan.

Samsung ushbu qurilmasini 5G-modemli MediaTek Dimensity 720 protsessori bazasida tayyorlagan. Smartfonni 4 gigabaytlik tezkor va 64-128 gigabaytlik doimiy xotirali variantlarda taklif etishadi.

O‘QING: 5000 mAs akkumulyatorli Galaxy M02s kutilganidan ham arzon narxda chiqdi!