Samsung’ning yana bir 6000 mAs akkumulyatorli hamyonbop smartfonini Geekbench fosh etdi

  •   DiMaX
  •  1102
  •  25.05.2021 12:45

Samsung’ning yana bir 6000 mAs akkumulyatorli hamyonbop smartfonini Geekbench fosh etdi

Janubiy koreyalik texnogigant keyingi yillarda arzon hamda o‘rta narx toifasiga mansub smartfonlarida tok sig‘imi katta bo‘lgan batareyalar bilan jihozlamoqda. Masalan, bultur bahorda u 6000 mA/soatlik akkumulyatori tufayli «Vattomonstr» laqabini olgan Galaxy M21 smartfonini taqdim etgan. Keyinroq esa...

O‘QING: Samsung ikkita arzon va «beli baquvvat» smartfonini kuchaytirib chiqardi

Oxirgi kunlarda yana bir – Samsung Galaxy M22 rusumli smartfon haqida xabarlar tarqalmoqda: kompaniya uni tayyorlab, Geekbench servisida tekshirib ham ko‘rgan. Benchmark ushbu qurilmaning model raqami SM-M225FV ekanligini va asosiy texnik xususiyatlarini tasdiqlagan.

Test paytida ma’lumotlar bazasiga tushib qolgan qaydlarga ko‘ra, Samsung Galaxy M22 smartfoni MediaTek Helio G80 protsessori, 4 GBlik tezkor xotira hamda Android 11 operatsion tizimiga ega. Benchmarkda u yakka yadroli imtihonda 374 ball olgan bo‘lsa, barcha yadrolarini ishlatganida 1361 ballik natija ko‘rsatgan.

O‘QING: One UI 4.0 (Android 12) gacha yangilanuvchi Galaxy'lar ro‘yxati bilan tanishamiz

Bungacha tarqalgan insayderlik ma’lumotlariga qaraganda, Galaxy M22 akkumulyatori ham 6000 mA/soatlik bo‘ladi. Samsung uni diagonaliga 6,4 dyuymlik, old kamera uchun «U» shaklidagi kemtikka ega bo‘lgan SuperAMOLED displey bilan ta’minlayapti.

Yangi smartfonning bosh kamerasida 48 megapiksellik asosiy sensor qo‘llanadi. Galaxy M21 modelida ham shunaqa datchik ekanini hisobga olsak, Galaxy M22 o‘z «ajdod»idan unchalik ko‘p farq etmasligini anglaymiz.

Galaxy M22 qurilmasi keyingi oyda Yevropada rasman namoyish etilishi va bozorga chiqarilishi kutilmoqda. Mish-mishlarga ko‘ra, Samsung uni qora, ko‘k va oq rangli korpuslarda, 230 yevrodan boshlanuvchi narxda sotadi.

O‘QING: O‘z smartfonidan Galaxy foydalanuvchilari ko‘proq qoniqqanmi yoki iPhone ishlatadiganlar?